O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Suma Chakrabarti "Enterprise Uzbekistan" Xalqaro raqamli texnologiyalar markazini tashkil etish konsepsiyasi bilan tanishdi

2025-yil 12-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda eksportga yo‘naltirilgan xizmatlar ko‘rsatuvchi xalqaro kompaniyalar va startaplar uchun barqaror raqamli ekotizimni yaratishga qaratilgan "Enterprise Uzbekistan" Xalqaro raqamli texnologiyalar markazining Konsepsiyasi taqdim etildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida quyidagi masalalar muhokama qilindi:

  • qonun hujjatlarini, shu jumladan "Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqishda hamkorlik;
  • xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va raqamli transformatsiya uchun investitsiyalarni jalb etish.

Qo‘shma sa’y-harakatlar investitsiyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, asosiy tarmoqlarni raqamlashtirishni jadallashtirish va innovatsion ekotizimni rivojlantirishga qaratilishi ta’kidlandi.

Maslahatchi Suma Chakrabarti loyihaning O‘zbekistonning xalqaro brendini IT-hab sifatida mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidlab, ushbu tashabbusni amalga oshirish doirasida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Ekspertizani kuchaytirish maqsadida Vazirlik va IT Park mutaxassislariga Markazda Xalqaro tijorat sudi faoliyatini tashkil etish masalalari bo‘yicha maslahat berish uchun yetakchi xalqaro ekspert Mari-Enn Birken bilan hamkorlik o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Ushbu sudning faoliyati tijorat nizolarini xalqaro standartlarga muvofiq hal etishga qaratiladi.

Vazir Sherzod Shermatov "Enterprise Uzbekistan" Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, global hamkorlarni jalb qilish uchun platforma yaratib, O‘zbekistonning jahon IT-maydonidagi o‘rnini mustahkamlashga asos bo‘lishini va raqamli boshqaruvning yangi darajasini shakllantirishini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar konsepsiyani amalga oshirish va zarur qonunchilik tashabbuslarini ishlab chiqish masalalarida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

2025-01-13