O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston mintaqada raqamlashtirishni rivojlantirish bo‘yicha kuchlarni birlashtirmoqda

Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park delegatsiyasi vazirning birinchi oʻrinbosari Oleg Pekos va IT Park direktori oʻrinbosari Jahongir Rajabov ishtirokida Moʻgʻulistonga amaliy tashrif uyushtirib, ikki davlat oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish maqsadida bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi. 

Tashrifning birinchi kunida Moʻgʻuliston Raqamli rivojlanish va kommunikatsiyalar vazirligining davlat kotibi Battsetseg Bataa xonim bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi. Tomonlar hamkorlik masalalarini muhokama qilib, hukumatni raqamlashtirish sohasida tajriba almashdilar, shuningdek, qoʻshma dasturlarni ishga tushirish toʻgʻrisida kelishuvga erishdilar. Bundan tashqari, IT-kompaniyalar uchun qonunchilik bazasini takomillashtirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikning umumiy yoʻl xaritasini yaratish, shuningdek, iqtisodiyot, sanoat va boshqa sohalarga davlat dasturiy mahsulotlarini joriy etish boʻyicha hamkorlik masalalari toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. 

Bundan tashqari, vazirlik delegatsiyasi Oʻzbekistonning IT-salohiyatini hamda Moʻgʻulistondagi yirik texnologik kompaniyalarga oʻz shtab-kvartiralarini mamlakatimizda joylashtirish va yangi bozorlarga chiqish imkonini beruvchi imtiyozli dasturlarni taqdim etdi. Shuningdek, Oʻzbekiston vakillari sunʼiy intellektga asoslangan loyihalar, xususan, “MyID” ekotizimi va uning imkoniyatlarini namoyish etdi.

Shuningdek, Moʻgʻuliston Milliy IT Parki direktori J. Zolzaya bilan oʻtkazilgan uchrashuv doirasida ikkala tashkilotning startaplarni rivojlantirishga boʻlgan yondashuvlari, loyihalarning oʻsishi uchun qonunchilik bazasini tayyorlash va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari muhokama qilindi. IT Park Uzbekistan direktori oʻrinbosari Jahongir Rajabov Oʻzbekistonning startap ekotizimini mustahkamlash va xalqaro akseleratorlar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, mahalliy taʼsischilarga oʻz yechimlarini xorijdagi yangi bozorlarga eksport qilishda koʻmaklashish boʻyicha tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Muzokaralar yakuni boʻyicha ikki mamlakat texnoparklari oʻrtasida hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilgan boʻlib, uning doirasida tomonlar innovatsiyalarni rivojlantirishga koʻmaklashish va tajriba almashish imkoniyatiga ega boʻladi, natijada bu mintaqada iqtisodiy rivojlanish va texnologik imkoniyatlarni mustahkamlash uchun turtki boʻladi.

Shu tariqa, ikkala tashkilot ham startaplar uchun inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari, hamkorlik tanlovlarini tashkil etish sohasida kuchlarini birlashtiradi, shuningdek, investitsiyalarni oʻzaro jalb qilish, infratuzilmani rivojlantirish va bilim almashish maqsadida seminar va vebinarlarni oʻtkazish boʻyicha qoʻshma loyihalarni ishga tushiradi. Bundan tashqari, har ikki mamlakatning IT Parklari Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston startaplari uchun yangi bozorlarga chiqishda yordam berishadi.

O'z navbatida, Moʻgʻuliston Savdo-sanoat palatasi prezidenti Dashtserengiin Enxtuvshin bilan uchrashuv tashkil etildi.
Unda Mo‘g‘uliston tomoni mamlakatning yashil energiyaga o‘tish va hamkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, IT-texnologiyalari sohasida hamkorlik qilishga tayyorligini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston tomoni mamlakatning so‘nggi yillarda yashil energiya olish borasida erishgan yutuqlari haqida ma'lumot berdi hamda Uzinfocom – yagona integratori tomonidan ishlab chiqilgan yagona billing tizimining “Raqamli energiya” loyihasining qisqacha taqdimotini o‘tkazdi.

2024-06-19