O‘zbekiston va Pokiston IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish uchun kuchlarini birlashtirmoqda

IT Park Uzbekistan vakillari, xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova rahbarligida, “Gujranwala Business Centre” (GBC) raisi va “Lone Group of Companies” boshqaruvchisi Ahmad Ikrom Lon boshchiligidagi Pokiston delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv axborot texnologiyalari, raqamli yechimlar va IT-xizmatlar eksporti sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilishga bag‘ishlandi. Tomonlar texnologik ekotizimlarni rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy va davlat sektorlariga innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha tajriba almashdilar.

Pokiston delegatsiyasi tarkibiga axborot texnologiyalari va raqamli yechimlar, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, media va boshqa sohalardagi sakkizta kompaniya vakillari kirdi. Bular: “Lone Group & Co/ONIT Global”, “OKTO Home Appliances”, “Eagale Soft”, “Minhas Group of Industries”, “A&J Impex”, “Chaudhary Enterprises”, “Jazaa Chemie” va “Gujranwala News”.

Gujranwala Business Centre (GBC) — Pokiston Sanoat va ishlab chiqarish vazirligi huzurida faoliyat yurituvchi davlat tashkiloti. Markaz 21 mingdan ortiq korxonani birlashtirgan bo‘lib, mamlakatdagi uchinchi yirik sanoat markazi — Gujranvala shahrining sanoat va eksport salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. GBC mintaqaning eksport imkoniyatlarini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “Made in Gujranwala” tashabbusini faol amalga oshirmoqda.

Muloqot davomida IT-bozorning dolzarb tendensiyalari, IT-xizmatlar eksportchilari uchun davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari, shuningdek, O‘zbekistonning iqtisodiyotni raqamlashtirish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish sohasidagi imkoniyatlari muhokama qilindi. Pokiston delegatsiyasi a’zolari o‘z tashkilotlarining faoliyatini taqdim etdilar hamda IT Park Uzbekistan rezidenti maqomining afzalliklarini o‘rganishga qiziqish bildirdilar.

Ahmad Ikrom Lon O‘zbekiston raqamli rivojlanish va IT-biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida sezilarli yutuqlarga erishayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IT Park Uzbekistan bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish Pokiston kompaniyalari uchun hamkorlik, investitsiyalar va Markaziy Osiyo bozoriga chiqish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlik yo‘nalishlarini, jumladan, IT-yechimlarni ishlab chiqish, sanoatni raqamlashtirish, IT-xizmatlar eksporti, kiberxavfsizlik va ta’lim dasturlarini batafsil muhokama qilish uchun qo‘shimcha onlayn uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldilar.

Ushbu uchrashuv O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi. Innovatsiyalar, IT-xizmatlar eksporti va kadrlar tayyorlash sohasidagi qo‘shma tashabbuslar ikki mamlakatning texnologik salohiyatini kengaytirish va O‘zbekistonni global IT-markaz sifatida yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

2025-10-10