O‘zbekiston – yangi mintaqaviy IT-xab

Bugun O‘zbekiston yangi davr – raqamlashtirish va cheksiz texnologik imkoniyatlar rivoji davrini boshdan kechirmoqda. Mamlakatda AKT sohasini yuksaltirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

Respublika oldida yangi vazifalar turibdi: IT sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish hamda butun dunyoga raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi sifatida o‘z salohiyatini namoyon etish.

O‘zbekiston qay tarzda IT-kompaniyalar uchun imkoniyatlar mamlakatiga aylanib borayotganiga quyida batafsil izoh beramiz.

Kadrlar manbayi

Iqtisodiyot jarayonlarida mehnat resurslari muhim o‘rin tutadi. 2023-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 35 milliondan ortiq bo‘lib, ularning 20,3 millioni ya’ni 56 foizdan ortig‘ini o‘rtacha yoshi 29 yoshga to‘lgan mehnatga layoqatli aholi tashkil etadi.

Mamlakatda axborot texnologiyalari, tibbiyot, muhandislik, shuningdek, moliya-iqtisod kabi turli sohalarda yuqori malakali mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, respublikada savodxonlik darajasi 99 foizdan ortiq, aholining 60 foizdan ortig‘i ma’lum bir chet tilida bemalol so‘zlasha oladi.

Ingliz va rus tillari o‘zbek aholisi orasida eng keng tarqalgan va ommabop tildir. Ular maktablar, universitetlar va xususiy til markazlarida o‘qitiladi. Ingliz tiliga qiziqish ortib borayotgani tufayli uni bilish ko‘plab kompaniya va tashkilotlarda ishlash uchun zarur bo‘lib bormoqda.

Relokatsiya dasturi

Mamlakatning investitsion jozibadorligini ko‘rsatishning ko‘plab usullari mavjud. IT Park Uzbekistan ana shunday usul sifatida “TashRush” relokatsiya dasturini ishga tushirishni tanladi. U O‘zbekistonga xorijiy IT-kompaniyalarni, shuningdek, IT-mutaxassislarni jalb qilishga qaratilgan.

Aviaparvoz tafsilotlarini o‘rganish, zarurat bo‘yicha turar joy va ish joyi izlash kabi ko‘mak mutaxassis kelishidan oldin boshlanadi. So‘ngra, IT Park xodimlari mutaxassislarni aeroportda kutib oladi, SIM-kartalar taqdim etib, mehmonxonalarga joylashtirish ishlarini tashkil qiladi va hokazo.

Relokatsiya dasturi doirasida IT-mutaxassislar va ularning oila a’zolariga mamlakatda imkon qadar qulay tarzda o‘rnashishlari uchun ko‘maklashishga qaratilgan xizmatlar majmuasi taqdim etiladi.

Qolaversa, ularga kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha maslahat berish, malakali xodimlarni tanlashda yordam berish, imtiyozli shartlarda barcha qulayliklarga ega ofis maydoni ajratish masalalarida ko‘mak ko‘rsatiladi.

Bugungi kunga qadar dastur xizmatlaridan 4000 dan ortiq xorijlik IT-mutaxassis foydalangan. Faqat xorijiy kompaniyalarga xizmat ko‘rsatish uchun faoliyat yurituvchi mazkur ekspertlar malaka va tajribasi O‘zbekistonda yosh mutaxassislarning ko‘nikmalarini oshirish imkonini beradi.

“TashRush” dasturiga parallel ravishda IT Park O‘zbekiston hududiga uch yilgacha to‘siqsiz kirib-chiqish imkonini beruvchi IT-Visa tizimini ishga tushirdi. Uning egalari uchun yashash uchun ruxsatnoma olishning soddalashtirilgan tartibi mavjud. Viza shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari bilan teng shartlarda ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, ya’ni tibbiy xizmat va ta’lim olish imkoniyatini beradi.

Ushbu vizani uch toifadagi kishilar qo‘lga kiritishi mumkin:

- IT sohasiga sarmoya kirituvchi investorlar;

- IT Park rezident kompaniyalari ta’sischilari;

- Oxirgi 12 oy davomida yillik daromadi kamida 30 000 AQSh dollarini tashkil etgan IT-mutaxassislar.

Xorijiy kompaniyalar va IT-mutaxassislar uchun IT Park xizmatlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishingiz, shuningdek, “TashRush” dasturi bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: https://itvisa.uz/.

Biznes imkoniyatlari

IT Park faoliyati davomida o‘ziga xos shart-sharoitlar tufayli mamlakatimizda IT-biznesni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shdi.

2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5099-sonli qarori qabul qilindi, unga ko‘ra IT-kompaniyalarga qator imtiyoz va preferensiyalar berildi:

· barcha turdagi soliqlardan to‘liq ozod qilindi;

· xorijiy kompaniyalarning dividendlaridan olinadigan soliq 5 foizgacha pasaytirildi;

· daromad solig‘i stavkasi 12 foizdan 7,5 foizga tushirildi;

· uskunalar importi bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi;

· chet ellik mutaxassislarni jalb qilish uchun ruxsatnoma olishdan ozod qilindi;

· faoliyatni masofadan turib, ofis ijaraga olmasdan amalga oshirish imkoniyati berildi;

· ta’sischilarga dividendlar va chet el valyutasida ish haqi to‘lash imkoni taqdim etildi;

· yuridik shaxslardan olinadigan soliq 5 -12% dan 0% gacha pasaytirildi;

· ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 0 foizga tushirildi;

· eksport shartnomasisiz elektron savdo maydonlari orqali eksport qilish qulayligi paydo bo‘ldi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda yuridik shaxs va bank hisob raqamini ochmoqchi bo‘lgan kompaniyalar uchun noyob imkoniyat yaratuvchi “ONE STOP SHOP” xizmati ishga tushirildi. Ariza beruvchilarga O‘zbekistonda biznesni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan to‘liq xizmatlar ko‘rsatiladi va ekspertlar jamoasi zarur hujjatlarni tayyorlash, kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish va bank hisobini ochishda ko‘mak beradi.

IT Park rezident kompaniyalariga taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalar barqaror o‘sishga yordam bermoqda, buni raqamlar ham tasdiqlaydi: 2022-yilda rezidentlar tomonidan ko‘rsatilgan IT xizmatlari hajmi 5 trillion so‘mdan oshdi (454 million AQSH dollari), eksport hajmi esa 140 million AQSH dollarini tashkil etdi. Shuningdek, IT-kompaniyalar sonining o‘sishi ham e’tiborga loyiq – bugungi kunda ularning soni 1335 taga yetdi.

Rezidentga qay tarzda aylanish mumkin?

Rezident bo‘lish uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs ochish va my.it-park.uz portalida loyihaning mazmun-mohiyati, marketing strategiyasi, sotuv va ishlab chiqarish rejasi, shuningdek, kompaniyaning moliyaviy rejasi yoritilgan onlayn ariza yuborish zarur.

Ko‘rsatkichlar va ma’lumotlar asosli, tizimlashtirilgan va o‘zaro bog‘liq bo‘lishi lozim.

Arizalar portal orqali faqat onlayn tarzda topshiriladi va 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Rezidentlikka hujjat topshirgan yuridik shaxs quyidagi faoliyat turlaridan biri bilan shug‘ullanishi kerak:

- kompyuter dasturlari, IT-konsalting va boshqa tegishli IT xizmatlari;

  - ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash xizmatlari;

- IT-ta’lim;

- xizmatlar eksporti;

- dasturiy ta’minotdan foydalangan holda multimedia, dizayn va multiplikatsiya mahsulotlarini ishlab chiqish va xizmat ko‘rsatish;

- IT Park va uning filiallari hududida joylashgan va yuridik manzil bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar tomonidan venchur moliyalashtirish dasturlarini amalga oshirish va axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni jadallashtirish.

Rezident maqomini olgandan so‘ng kompaniya rezidentlar ro‘yxatiga kiritiladi, guvohnoma rezidentning shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboriladi.

IT Park Uzbekistan rezidentlari ro‘yxatidan Epam Systems, Exadel, ITechArt, Itransition, Gcore kabi yirik IT-kompaniyalar o‘rin olgan. Ularning har biri o‘z sohasida yetakchi bo‘lib, IT Park Uzbekistan rezidenti bo‘lish mazkur kompaniyalarga eng ilg‘or mutaxassislarni jalb qilish, mahalliy tadbirkorlar tajribasi va biznes loyihalarini rivojlantirish uchun barcha qulayliklardan foydalanish imkonini beradi.

“Kompaniyamiz 2022-yil iyul oyida tashkil etilgan va “ORACLE” mahsulotlari asosida axborot tizimlarini loyihalash, ishlab chiqish, kuzatish va texnik yordam ko‘rsatish kabi IT-autsorsing xizmatlariga ixtisoslashgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bozori jadal rivojlandi. 2022-yil yanvar oyidagi ko‘rsatkichlarga nazar soldim: 4 yil davomida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 4,5 foizdan 6,9 foizga o‘sdi, iqtisodiy o‘sish esa 24 foizni tashkil etdi, IT sohasiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 4 barobar oshdi. Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish sohasida “axborot va aloqa” yo‘nalishida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi 2016-yildan buyon 4,4 trillion so‘mdan 8,8 trillion so‘mga (770 million dollar), “axborot va aloqa” iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi ikki barobarga, 6,3 trillion so‘mdan 12,9 trillion so‘mga (1,121 milliard dollar) ko‘paydi”, - Eduard Gatiyatullin, “SMK-SYSTEM” MChJ asoschisi.

Qahramonimizning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda uning jamoasi “Oracle” mahsulotlaridan foydalanish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lib, ulardan O‘zbekistondagi ko‘plab korxonalar va davlat tashkilotlari foydalanmoqda. Nafaqat mijozlarga xizmat ko‘rsatish, balki imkon qadar to‘plangan tajribani yosh avlodga yetkazish maqsadida Respublikada yosh mutaxassislarni tayyorlash madaniyati, ularning ishtiyoqini yuksaltirish hal qiluvchi omil bo‘ldi.

“Oʻzbekistonga birinchi tashrifimizdan boshlab IT Park rezidenti maqomini olib kompaniyani roʻyxatdan oʻtkazishgacha boʻlgan yoʻlimiz bor-yoʻgʻi 3 oyni tashkil etdi. O‘zbekiston bozori hozirda jadal o‘sish va faol texnologik rivojlanish davrini boshdan kechirmoqda va biz bu jarayonning bir qismi ekanligimizdan mamnunmiz.

Shuningdek, biz IT sohasiga ham davlat, ham aholi tomonidan faol qiziqish bildirayotganligini kuzatmoqdamiz. Buning ajablanarli joyi yoʻq, negaki Oʻzbekistonda texnologiya yangiliklarini kundalik hayotga faol tadbiq etishdan manfaatdor boʻlgan koʻplab yoshlar bor.

Xodimlarimizdan ba’zilari bu yerga koʻchib oʻtib, moslashib olmoqda. Albatta, ularning samimiy va mehmondo‘stlik bilan kutib olinayotganliklarini alohida ta’kidlash joiz. IT Park maksimal darajada har tomonlama yordam koʻrsatmoqda. Biz kelajakka ishonch bilan qaraymiz va 2023-yilda IT Park hududida to‘laqonli ofis ochishni rejalashtirmoqdamiz”, — IT Park rezidenti “SaluteDev” MChJ asoschisi va bosh direktori Sergey Zudin.

“Mamlakat tanlashda bir vaqtning oʻzida koʻplab omillar mos keldi, birinchidan, Oʻzbekiston biz uchun katta, jadal rivojlanayotgan bozor va ayni paytda rusiyzabondir. O‘zbekistonning ko‘plab kompaniyalari allaqachon bizning mijozlarimiz bo‘lishgan, garchi biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘mda to‘lovlarni qabul qilmagan bo‘lsak ham, bu yerda faqat mahalliy hamkorlar yordam bera olishdi.

Boshqa tomondan, biz tanishlarimizdan IT Park haqida, koʻrsatiladigan yordam, imtiyozlar, jumladan soliqlar haqida bilib oldik. Eng muhimi, biz mamlakat rezidenti boʻlmagan shaxs kompaniya ochishi, uning egasi va bosh direktori boʻlishi, ayni paytda kompaniya toʻliq ishlay olishini angladik. Ta’kidlash joizki, bu muhim omil, negaki Lotin Amerikasida kompaniya ochish tajribamiz ehtimoliy qiyinchiliklardan darak beradi, Urugvaydagi yoʻlimiz uzoq boʻldi va biz qiyinchiliklarning hammasini ham yengib oʻta olmadik. IT Park yordamida esa bu yoʻlni deyarli bir zumda, 1,5 oy ichida bosib oʻtdik.

Qolaversa, elektron hujjat aylanishi va elektron portallar orqali davlat bilan o‘zaro hamkorlikning rivojlanish darajasi menda katta taassurot qoldirdi.

Uchinchi omil – siyosiy betaraflik bo‘lib, umid qilamizki, bu nafaqat respublikaning o‘zida o‘z ishtirokimizni mustahkamlashga yordam beradi, balki boshqa davlatlarga eksport qilishda va jahon bozoridagi kelgusi qadamlarda muhim tayanch sifatida xizmat qiladi.

Rezident maqomini olganimizga koʻp boʻlmadi, lekin nafaqat kompaniya ochish va soliq imtiyozlaridan foydalanish, balki Rossiyadan bir nechta xodimlarni koʻchirishga muvaffaq boʻldik. Negaki ular barcha mezonlarga to‘g‘ri kelishi, yuqori malakali dasturchilar bo‘lgani uchun biz ularni patent sotib olmasdan ham kompaniyada ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, men va xodimlar uchun IT-Card chiqarish va oʻzbekistonlik fuqarolar bilan teng ravishda tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldik.”, - Sergey Golovanevskiy, “amoCRM” kompaniyasi egalaridan biri va IT Park rezidenti “amoEast” bosh direktori.

O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasida ulkan salohiyatga ega davlatdir. So‘nggi yillarda mamlakatimiz o‘z IT sanoatini rivojlantirish yo‘lida salmoqli qadamlar tashladi va bugungi kunda mintaqada mazkur sohaning yetakchi o‘yinchilaridan biriga aylandi.

IT-sohaga investitsiyalarni faol jalb etish IT-kompaniyalar va startaplarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi, qolaversa, iqtisodiyot hamda davlat boshqaruvining ko‘plab sohalariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etadi.

Website: https://bpo.it-park.uz/

Savollaringiz yuzaga kelgan taqdirda IT Park eksport bo‘limi sizga yordam berishga tayyor:

Talat Akromov

t.akromov@it-park.uz
+998889009060 (Telegram, Whatsapp)

Sultonmurod Rasulov

s.rasulov@it-park.uz
+998901869933 (Telegram)

2023-05-31