O‘zbekistonda AICA AWARDS 2025 Markaziy Osiyo marosimida birinchi AI-mukofotlari topshirildi

Toshkentda Markaziy Osiyo texnologiya hamjamiyati uchun muhim voqea bo‘lgan keng ko‘lamli “AICA Awards 2025” taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbir Markaziy Osiyo Sun’iy Intellekt Assotsiatsiyasi (AICA) tashabbusi bilan tashkil etildi va IT Park Uzbekistan ko‘magida muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixida birinchi marta O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston vakillari bir platformada to‘planib, sun’iy intellekt sohasidagi ajoyib yutuqlarni e’tirof etishdi. Tadbir “Central Asian University” binosida IT-sanoat, startaplar, ilmiy markazlar va davlat tuzilmalarining 200 nadardan ortiq yetakchi vakillarini jamladi.

AICA Awards” — algoritmik fikrlash asoslarini yaratgan buyuk olim Muhammad al-Xorazmiy sharafiga nomlangan sun’iy intellekt sohasidagi yillik mukofot bo‘lib, u mintaqaning tarixiy merosini zamonaviy texnologik vazifalar bilan bog‘lashni ramziy ifodalaydi.

“AICA Awards” asosiy sohalarni qamrab oladi: ta’lim va sog‘liqni saqlashdan tortib, agrotexnika va biznesgacha, loyihalarni innovatsionlik, kengayish imkoniyati va amaliy foyda mezonlari bo‘yicha baholaydi. Har bir nominatsiya nafaqat yetakchilarni e’tirof etish, balki tajriba almashish, investitsiyalarni jalb qilish va Markaziy Osiyoda yagona sun’iy intellekt ekotizimini shakllantirish uchun platforma yaratishga qaratilgan.

Marosim doirasida sun’iy intellektni qo‘llashning asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan oltita nominatsiya bo‘yicha mukofotlar topshirildi. Tanlovda 45 ta startap ishtirok etdi va g‘oliblar “Google”, “MOST Business Intelligence”, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) va boshqa yirik tashkilotlar vakillaridan iborat 12 nafar ekspertdan tashkil topgan xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan aniqlandi.

Baholash tizimi milliy manfaatlar ta’sirini istisno qilish uchun ishlab chiqilgan: mamlakatlar o‘z ishtirokchilariga ovoz bera olmagan, bu esa natijalarga maksimal shaffoflik va ishonchni ta’minlagan.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 6 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

AICA Awards 2025 g‘oliblari

  • SI sohasidagi eng yaxshi ta’lim tashabbusi: Shyraq AI (Qozog‘iston)
  • Sun’iy intellekt sohasidagi eng yaxshi ishlanma: Zehn AI (Tojikiston)
  • Agrotexnikada sun’iy intellektdan eng yaxshi foydalanish: ARA (Qozog‘iston)
  • Sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yaxshi innovatsiya: KinesteX AI (Turkmaniston)
  • Biznesda sun’iy intellektning eng yaxshi qo‘llanilishi: Alsha AI (O‘zbekiston)
  • SI sohasidagi eng yaxshi startap: Úmit (Qozog‘iston)

O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov va IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov “Sun’iy intellekt sohasidagi eng yaxshi ta’lim tashabbusi” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan qozog‘istonlik startap — “Shyraq AI”ga mukofotni topshirdilar.

Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos nutq so‘zlab, “Agrotexnikada sun’iy intellektdan eng yaxshi foydalanish” nominatsiyasi g‘oliblarini tabrikladi:

“Sun’iy intellekt — global taraqqiyotning asosiy drayveri bo‘lib, hayot sifatini yaxshilash va iqtisodiy rivojlanish uchun imkoniyatlar ochadi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ilmiy laboratoriyalar, yuqori samarali infratuzilmani yaratish va ishlanmalar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazishga qaratilgan Sun’iy intellektni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Qishloq xo‘jaligiga sun’iy intellektni joriy etish alohida ahamiyatga ega: bu nafaqat hosildorlikning o‘sishi, balki oziq-ovqat xavfsizligiga aqlli, barqaror yondashuvdir. ‘Agrotexnikada sun’iy intellektdan eng yaxshi foydalanish’ nominatsiyasi g‘olibi innovatsiyalar mintaqa farovonligiga xizmat qilishining yorqin namunasidir.”

IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov quyidagilarni ta’kidladi:

“Sun’iy intellekt sohasidagi startaplar Markaziy Osiyo IT-habining poydevoridir. Ularning innovatsion yechimlari nafaqat mahalliy muammolarni hal qiladi, balki mintaqani global maydonga olib chiqadi. Biz IT Parkda startaplar o‘z g‘oyalarini mintaqa tashqarisida kengaytirishlari uchun investitsiyalar, xalqaro hamkorlar va tajribaga ega bo‘lishlari uchun sharoit yaratmoqdamiz.”

Toshkentdagi “AICA Awards 2025” tadbiri Markaziy Osiyoni birlashtirib, sun’iy intellektning agrotexnika, sog‘liqni saqlash va biznesdagi innovatsiyalar orqali mintaqani rivojlantirishdagi rolini ta’kidladi. O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan strategiyasi va IT Parkning qo‘llab-quvvatlashi startaplarning o‘sishi va uni global IT-habga aylantirish uchun sharoit yaratmoqda.

2025-04-11