Sir emaski, IT sohasi sayyoradagi eng istiqbolli va yirik moliyalashtirilgan sohalardan biridir. Innovatsiya, yuqori texnologiyali mahsulotlar, raqamlashtirish va deyarli barcha faoliyat sohalarini avtomatlashtirishga boʻlgan yuqori ehtiyoj ITʼni shu darajaga olib keldi. Rivojlanish bir joyda toʻxtab turmaydi, shuning uchun odamlar zamonaviylik va ilgʻor texnologiyalarning yuqori choʻqqisida boʻlishga intiladi. Agarki, siz raqobatbardosh boʻlishni istar ekansiz, u holda rivojlanishdan orqada qolmasligingizga toʻgʻri keladi.
Lekin kompaniyangiz bir hafta oldin oʻz veb sayti, mobil ilovasini ishga tushirgan va hatto Instagramda oʻz kompaniyasi niqobini yaratishga ulgurgan “qoʻshni” tashkilotlardan orqada qolmasligi uchun jamoangizda kamida bir nafar yaxshi dasturchi boʻlishi kerak.
Shunaqa hollarda sizni aynan dasturchilar qutqarib qoladi va ular oʻzining salohiyatiga koʻra sizdan yaxshigina maosh soʻrashadi. Bu azbaroyi bu soha kishilarining 1-2 soat monitor qarshisida oʻtirgani uchun 1 000$ soʻraydigan darajada “bezbet”ligida emas, aksincha: tabiatan mehnatsevar va zukko boʻladigan dasturchilar ishi tinimsiz, ogʻir mehnat, tartib, diqqatni, hatto boshqa kasblarda zarur boʻladigan yana koʻplab shaxsiy hamda kasbiy sifatlarni talab qiladi. Xoʻsh, umuman olganda, dasturchi mehnat bozorida qancha haq oladi?
“Dasturchilarning ish haqi, mening taxminlarimga koʻra, keyingi oʻn yil ichida mehnat bozorida oʻrtacha ish haqidan oshib boradi. Oʻzbekistonda shaxsiy kuzatuvlarimdan kelib chiqadigan boʻlsam, — mazkur sanoatda bir necha yildan beri faoliyat yuritib kelayotganlar 400$ dan 800$ gacha, tavsiya qilinadigan tajribaga ega boʻlganlar esa, 1 200-2 000$ gacha maosh olishadi.
Agar global bozor haqida gapiradigan boʻlsak, masalan, yaqin tanishim masofaviy ishlash uchun oyiga 6 000$ minimal ish haqi oladigan Frontend dasturlash lidini bir necha hafta qidirdi. Oʻzbekistonlik doʻstlarimning bir nechtasi ushbu taklifga qiziqish bildirmadi — ehtimol ular allaqachon yetarli maosh olishyapti va ayni paytda oʻzlari uchun qulay sharoitlarda ishlaydilar”, — deydi” MODME “ MChJ texnik direktori va asoschisi Ruslan Yuldashev.
Ish haqi masalasi dasturchi boʻlishni istaydigan har bir kishini qiziqtiradi. Aslida, dasturchining ish haqi oʻzgarib turadi va bu mutaxassisning tajribasiga bogʻliq. Mantiqan olib qaraganda, IT mutaxassisi qanchalik tajribali boʻlsa, uning maoshi shunchalik baland boʻladi. Misol uchun, oddiy dasturchi 500-900$ va undan yuqori daromad olishi mumkin. Ammo u dasturlashda yetarlicha tajribaga ega boʻlsa, maoshi oyiga $ 2 000+ ga yetishi mumkin.
“Real loyihalarga ega yosh dasturchilar birdaniga katta maosh olishni istashadi, biroq bu ilojsiz. Oʻrtacha, qoniqarli bilimga ega boʻlgan boshlangʻich dasturchi 200-300 $ atrofida haq olishi mumkin va u bunday pulni ish tajribasisiz olganida yana-da yaxshi boʻlar edi.
Haqiqiy loyihalar bilan ishlash borasida 2+ yillik tajribaga ega dasturchilar allaqachon 1 000 $ va undan yuqori ish haqi olishlari mumkin, bularning barchasi individual boʻlib, koʻp hollarda dasturlash borasidagi qobiliyat va ishlayotgan kompaniyaga bogʻliq. Shunga koʻra, katta tajribaga ega dasturchilar juda yaxshi pul olishlari mumkin.
Bundan tashqari, asosiy ishdan tashqari, har qanday dasturchi frilanserlik deb ataladigan uchinchi tomon buyurtmalarini bajarishi mumkin, bu esa uning daromadini oshiradi”, dedi IT Park veb loyihalari bosh ishlab chiqaruvchisi va menejeri Maksim Stifeyev.
Mahalliy bozorda Frontend, Backen, PHP dasturchisining ish haqi oʻrtacha 8-10 dan 20-30 mln. soʻm, 1C dasturchisiniki 3 mln. soʻmdan, Fullstack dasturchisiniki esa, 10-15 dan 20-30 mln. soʻmgacha boʻlishi mumkin. Koʻrib turganingizdek, miqdorlar farq qiladi. Shunga qaramay, barchasi tajribaga, ish hajmiga va siz joylashgan kompaniyaga bogʻliq. Bunda mutaxassislik muhim rol oʻynaydi.
Dasturchi yangi boshlovchi va kam tajribaga ega boʻlsa, unda ish haqi juda kam boʻlishi mumkin. Ammo tajriba va bilimlarni oshirishi bilan ish haqi ham tezlikda oʻsishni boshlaydi. Oʻzbekistonda dasturchilar tajribali oyiga oʻrtacha 1 000-1 500$ oladi.
Agar siz hali ham qanday qilib IT mutaxassis boʻlish va qayerda oʻrganishni bilmasangiz, unda bu aynan siz uchun:
One Million Uzbek Coders bepul kurslari: http://uzbekcoders.uz
IT markazlari kurslari: http://itcenter.uz
IT Park rezidentlari kurslari: https://education.it-park.uz/
Biz sizga, dasturlashda yaxshi baza qurish, portfolio yaratish, tajriba orttirish, ish va munosib pul topishingizda yordam beramiz.
2020-11-02