O’zbekistonda robototexnika istiqbollari

Robototexnika boʻyicha mutaxassis va unga bevosita aloqador boʻlgan insonlar IT Park tugʻilgan kuni munosabati bilan oʻtkazilgan “IT Park REwind” onlayn marafonida ishtirok etdilar va robototexnika yoʻnalishida oʻz tajribalari haqida soʻzlab berdilar.

IT markazlarning eng yosh o’qituvchi, robototexnika bo’yicha mutaxassis – Suhrob Haydarov:

“Toʻgʻrisini aytib oʻtish kerak  ilgari biz kabi ixtirochi va dasturchilar cheklangan imkoniyatlarga ega edik. Ming mashaqqat bilan xalqaro tanlovlarga chiqqan boʻlsak-da, bizga moliyaviy muammolar baʼzan toʻsiq boʻlardi. Umuman olganda, 2018-yildan boshlab robototexnika, yaʼni IT olamiga kirib kelganman. Hozirgi kungacha shugʻullanib oʻz ustimda ishlayman. 2018-yilda biz biror xalqaro tanlovga chiqmoqchi boʻlsak, bizda moliyaviy masalada muammolar juda koʻp boʻlardi. Yaʼni, pul yetishmasligi bizning musobaqaga bora olmay qolishimizga sabab boʻlgan. Mana bir yildirki, IT Park imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda. Nafaqat moliyaviy masalalarda, balki ilmiy salohiyatimizni yuksaltirishimizda ham IT Parkʼning munosib hissasi bor. Shaxsan oʻzim,  bir qator robototexnika olimpiadalarida Oʻzbekiston bayrogʻini koʻtarishga harakat qilganman. Xususan, “Youth Texno Art – 2019” xalqaro robototexnika olimpiadasida oltin medalini qoʻlga kiritganman, “WRO –2019 ” xalqaro olimpiadasi Osiyo mintaqasi boʻyicha birinchi oʻrinni qoʻlgan kiritib, nufuzli universitetga grant asosida yoʻllanmani qoʻlga kiritganman. 2020-yilga nazar tashlasak, “RoboFest2020” xalqaro robototexnika olimpiadasida bronza medali, “WorlWideRobotics2020” turnirida bronza medali sohibi boʻlganman. Bu yutuqlarim negizida, yana bir bor aytaman, IT Parkʼning oʻrni beqiyos. Hozirgi kunda IT Markazlar va IT Park filiallari barpo etilyapti. Men ham Navoiy shahridagi IT Markazida Robototexnika boʻyicha mentor-spiker boʻlib ishlamoqdaman.”

Shaxsan oʻzim robototexnika yoʻnalishini 4 ta yoʻnalishga boʻlaman: konstruksiyalash, dasturlash, elektronika va dizayn. Xalqaro tanlovlarda nega jamoa bilan ishtirok etish lozim, deya tarmoqlarda koʻplab savollar beriladi. Masalan, men dasturchiman, mikrokontrollerlarga kod yozaman. Men ularni elektronika jihatdan bilmayman, mening hamkasbim, yaʼni jamoadoshim elektronikaga javob beradi. Bitta odam butun boshli startap yoki ixtiro qilishi qiyin, jamoaviy ishlash lozim. Men ham oʻz darslarimni aynan shunga urgʻu bergan holda olib boraman. Hozirgi kunga qadar 24 nafar 9 yoshdan 24 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilarga mobil robototexnika taʼlim berdim. Albatta, bu darslar pullik tashkillashtirilgan edi. Yaʼni siz oliy maʼlumotga ega boʻlishingizdan, qaysi hududda yashashingizdan qatʼiy nazar IT yordamida moʻmay daromad hamda bilim olishingiz mumkin. Shunday ekan, IT Park kelajakda ham biz kabi koʻpkina iqtidorlarni kashf qilishiga ishongan holda barcha raqamli texnologiyalarga qiziquvchi yoshlarni IT Park atrofida birlashishga chorlab qolaman, qoʻshimcha qildi Suhrob.

Shundan soʻng, IT Markaz xodimi Sherzod Abdurahmonov IT Markazlarda robototexnika yoʻnalishida oʻqish uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida gapirib oʻtdi:

– “Hozirgi kunda markazlarimiz soni 30 tani tashkil etadi va ularning har birida mobil robototexnikani rivojlantirish uchun maxsus xonalar bor. Mobil robototexnikani oʻrgatishda biz Arduino hamda Lego Mainstorm platformalaridan foydalanamiz. Lego Mainstorm toʻplamlarini 8 yoshdan, Arduinoni toʻplamlarini esa 10 yoshdan boshlab oʻrganish tavsiya etiladi. Aytish kerakki, barcha xohlovchilar karantin yakunlanganidan soʻng bizning oflayn kurslarimizda taʼlim olishlari mumkin. Biroq biz pandemiya va karantin muammolariga qaramasdan harakatdan toʻxtab qolmadik. Suhrob singari isteʼdodli oʻqituvchilarimiz tomonidan robototexnika oid videodarsliklar tayyorlandi va hozirga qadar youtube va mover platformalariga joylab borilmoqda. Qolaversa, tez orada biz mobil robototexnika va injeneriya boʻyicha yirik musobaqa “Future Skills Uzbekistan”ni boshlashga yaqin turibmiz. Bugun IT Parkʼning bir yilligi munosabati bilan ushbu musobaqaga start bermoqchimiz.

Shundan soʻng, “Future Skills Uzbekistan” tashkilotchilaridan biri, “Artel Group” tasarrufidagi yirik IT kompaniya direktori oʻrinbosari, Hasan Rajabov nutq soʻzladi:

– “Hozirgi kunda Artel kompaniyasi ishlab chiqarish jarayonlarni avtomatlashtirish boʻyicha yetakchi kompaniyalardan biri, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Hozirda kompaniyaning asosiy ishlab chiqarish uskunalari asta sekinlik bilan zamon talablariga javob beruvchi robotlarga almashtirib borilmoqda. Robotlarni ishlab chiqarishga joriy qilish, ularni sozlash, modernizatsiya qilish hamda uzluksiz ish holatini taʼminlash uchun robototexnika boʻyicha mutaxassislarga ehtiyojimiz katta. Kompaniya robototexnika – kelajak sohasi ekanligini yaxshi tushunadi. Shu munosabat bilan Artel kompaniyasi negizida Hardware va Software boʻlimlaridan iborat robototexnika yoʻnalishi tashkil qilingan hamda malakali xodimlar jalb qilinib hozirda bir nechta loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Artel kompaniyasi IT tanlovlarda hamda homiy sifatida ishtirok etib kelmoqda va oʻz oldiga mamlakatdagi iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qoʻllab-quvvatlash, eng salohiyatlilarini esa kelajakda kompaniyaga ishga jalb qilish, bu orqali robototexnika bilan bogʻliq muammolarni yechishni oʻz oldiga maqsad qilib kelmoqda.

Future Skills Uzbekistan haqida batafsil: https://clck.ru/Q7vga

Onlayn marafonga havola: https://www.youtube.com/watch?v=I2qtxfc25e4&t=9661s

2020-08-06