Markaziy Osiyo jahon IT-xaritasidagi asosiy mintaqalardan biriga aylanib, o‘z mavqeнini jadal mustahkamlamoqda. Eksport ko‘rsatkichlarini faol oshirib borayotgan, IT-biznes uchun qulay sharoitlar yaratayotgan va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirayotgan O‘zbekiston bu jarayonga katta hissa qo‘shmoqda. Bundan tashqari, mamlakatda kuchli startap va venchur ekotizimlari shakllanmoqda.
Raqamlar o‘z-o‘zidan gapiradi: 2024-yilning 3-choragi yakunlariga ko‘ra, xorijga xizmat ko‘rsatuvchi IT-kompaniyalar soni 936 taga yetdi (2023-yilga nisbatan 170 foizga o‘sish). Bu 2023-yil yakunlari bo‘yicha barcha rezidentlarning yarmidan ko‘pini (1 652 ta kompaniya) tashkil etadi. 3-chorak yakuni bo‘yicha IT Park rezidentlarining umumiy soni 2 384 taga yetgan.
Yangi 434 nafar eksportchi rezidentlar orasida 223 ta kompaniya IT-xizmatlarni (buyurtma asosida dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish, texnik qo‘llab-quvvatlash, takomillashtirish va o‘zgartirish) amalga oshirmoqda; 190 ta kompaniya xorijiy kompaniyalarga autsorsing va boshqa xizmatlar ko‘rsatmoqda, 21 ta kompaniya esa kreativ sanoat va GameDev sohasida faoliyat yuritmoqda.
434 ta yangi eksportchi rezidentlardan 191 tasi biznesni rivojlantirish uchun respublika hududlarini tanlagan. Eng mashhur joylar: Toshkent (32 ta kompaniya), Samarqand (29) va Jizzax (17) viloyatlari bo‘ldi.
O‘tgan yilning uchinchi choragi bilan taqqoslaganda, hududlardan IT-xizmatlar eksporti 374 foizga o‘sdi. Bu hududlarda inson salohiyati va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, joriy yilda eksportni rivojlantirish uchun “Zero Risk” qo‘llab-quvvatlash dasturi qabul qilindi. Bu dastur xorijiy eksportchi kompaniyalarga O‘zbekiston hududlarida ofis binolari, uskunalar va moliyaviy kompensatsiya taqdim etish orqali keng imkoniyatlar yaratadi.
AQSh, Malayziya, Shvetsiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarning 14 ta kompaniyasi dasturning afzalliklaridan foydalanib, mamlakat hududlarida o‘z vakolatxonalarini ochdi. Buning natijasida mahalliy mutaxassislar uchun 570 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, yil yakunigacha yana 1000 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Eksport geografiyasi:
Shuningdek, O‘zbekistondan mahsulot va xizmatlar eksporti geografiyasi sezilarli darajada kengayib, 78 ta mamlakatga yetdi. Taqqoslash uchun, 2023-yilda eksport 58 ta mamlakatga amalga oshirilgan edi (+20 ta yangi mamlakat).
Umumiy eksport hajmining deyarli yarmi Shimoliy Amerika mintaqasi mamlakatlariga — 45% to‘g‘ri keladi, xizmatlar va mahsulotlarning 21 foizi Yevropa va Buyuk Britaniya mintaqalariga, 27 foizi MDH va Osiyo-Tinch okeani mintaqalariga, 6 foizi esa MENA mamlakatlariga yetkazib berilmoqda.
Faoliyat turlari bo‘yicha eksport:
Eksportni qo‘llab-quvvatlash:
Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan “Local2Global” dasturini faol rivojlantirmoqda va bu dastur orqali mahalliy rezidentlarga eksportni ko‘paytirish va IT-xizmatlarni autsorsga berish uchun xorijiy hamkorlarni topishda ko‘maklashmoqda. Uchinchi chorakda 6 ta onlayn va oflayn tadbir o‘tkazilib, ularda 125 dan ortiq kompaniya ishtirok etdi.
IT va autsorsing sohasidagi asosiy bozorlardan biri hisoblangan Koreya bozoriga yo‘naltirilgan “Local2Global” dasturi ishga tushirildi. Loyihada IT Park’ning 22 ta rezidenti qatnashdi. Hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida 27 ta koreys kompaniyasi bilan netvorking uchrashuvlari va B2B forumlari o‘tkazilib, muzokaralar olib borildi. Shuningdek, 10 ta “NIPA” IT-kompaniyalari ishtirokida Koreya kompaniyalari bilan forum va “Tashkent Uzbekistan Export Consortium” kabi yirik tadbirlar uyushtirildi.
“Local2Global” doirasida amalga oshirilgan faoliyatlar natijasida Koreya, Ruminiya va boshqa davlatlar kompaniyalari bilan autsorsing va autstaffing bo‘yicha kelishuvlar imzolandi, 12 ta hamkorlik shartnomasi tuzish jarayonida.
Xorijiy kompaniyalarning ishtiroki:
O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi mamlakatda eksportga yo‘naltirilgan IT-biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar tufayli jadal o‘sib bormoqda: 2024-yilning 3-choragi yakunlariga ko‘ra, xorijiy kapital ishtirokida 200 dan ortiq kompaniya tashkil etildi, ulardan 89 tasi hududlarda joylashgan. O‘rtacha har oyda boshqa mamlakatlardan 25 ta kompaniya rezidentlar safiga qo‘shilmoqda.
Yangi xorijiy rezidentlar orasidagi 185 ta kompaniya eksportchi hisoblanadi. Ular AQSh, Kanada, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Latviya, BAA, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Koreya, Hindiston va boshqa mamlakatlar bozorlariga xizmatlar eksportini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Yangi xorijiy kompaniyalarning ta’sischilari AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Estoniya, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Singapur, BAA, Hindiston kabi 52 mamlakatdan kelgan shaxslardir.
Ta’kidlash joizki, xorijiy kapital ishtirokidagi 84 ta kompaniya o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda ta’sis etilgan.
Ish o‘rinlari soni:
O‘zbekistonning IT-hab sifatidagi asosiy maqsadlaridan biri mahalliy mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishdir. 2024-yilning uchinchi choragi yakunlariga ko‘ra, IT Park Uzbekistan rezidentlari xodimlarining soni 36,3 mingga yetdi. Bu 2023-yil oxiridagi ko‘rsatkichdan 10 ming nafar ko‘pdir. Ularning 17 ming nafari eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarda faoliyat yuritmoqda.
Ta’kidlash joizki, hududlarda ish o‘rinlari soni jadal sur’atda o‘sib bormoqda. Bugungi kunda poytaxtdan tashqarida ish bilan ta’minlangan mutaxassislar soni 8,2 ming nafarga yetdi. Bu 2024-yil boshiga nisbatan 4,5 ming nafar ko‘pdir. Bunday o‘sish mamlakat hududlarida yoshlarning axborot texnologiyalariga qiziqishi ortib borayotgani bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, yil boshidan buyon 295 ta kompaniya rezidentlik maqomidan mahrum etildi. Ularning 234 tasi Rezident faoliyati shartlari to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganligi sababli maqomi bekor qilingan; 61 tasi esa o‘z xohishiga ko‘ra rezidentlikdan chiqib ketgan.
Startap ekotizimini rivojlantirish:
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida IT Park Uzbekistan rezident startaplari umumiy qiymati 124,7 million dollardan ortiq investitsiyalarni jalb etdi. Istiqbolli startap loyihalar soni 200 taga yetdi.
Startaplarga jalb etilgan investitsiyalarning umumiy miqdori 141 million dollardan oshdi.
2024-yilda bir qator xorijiy venchur fondlari O‘zbekiston startap loyihalariga mablag‘ kiritdi. Jumladan, “Arzon Apteka” — “FOM Group” startap loyihasi — 6 million dollar jalb etdi. Shuningdek, “Zip24” va “Zypl AI” startaplari xalqaro “Plug and Play” kompaniyasining sarmoyasini jalb etdi. Mazkur kompaniya o‘zbek startaplariga taxminan 375 ming dollar mablag‘ yo‘naltirdi.
Bundan tashqari, “AloqaVentures”, “UZVC” va “Uzcard VC” kabi mahalliy venchur fondlari o‘zbek startaplarini rivojlantirishga qariyb 1 million dollar sarmoya kiritdi.
Yo‘nalishlar bo‘yicha startaplar (foizlarda):
Bosqichlar bo‘yicha startaplar (foizlarda):
2024-yil 18-sentyabr kuni O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Startup & Venture Summit” doirasida IT Park Uzbekistan va “Astana Hub” o‘rtasida “Central Asian Innovation Hubs” qo‘shma alyansini tashkil etish to‘g‘risida memorandum imzolandi. Ushbu hamkorlik tufayli Markaziy Osiyo startaplari o‘z loyihalarini xalqaro bozorda taqdim etish, shuningdek, yirik global inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Qozog‘istonning “Activat VC” venchur kompaniyasi bilan IT Park Uzbekistan startap ekotizimini rivojlantirish va venchur investitsiyalarini kengaytirishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladi. Mazkur kelishuv innovatsion yuksalishni qo‘llab-quvvatlash va yangi startaplar uchun imkoniyatlarni mustahkamlashga qaratilgan muhim bosqichdir.
Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan va video o‘yinlar sanoati uchun biznes yechimlari sohasida jahon yetakchisi hisoblangan “Xsolla” kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistondagi birinchi O‘yin ishlab chiqish akademiyasini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu tashabbus mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va o‘yin sanoatini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekistonni o‘yin ishlab chiqish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida namoyon qilish imkonini beradi.
Xalqaro faoliyat:
IT Park Uzbekistan Jahon banki bilan hamkorlikda strategik ahamiyatga ega loyiha — “Uzbekistan Digital Inclusion”ni ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ushbu loyiha doirasida 50 million dollar miqdorida investitsiya jalb qilindi. Loyiha O‘zbekiston fuqarolarini, ayniqsa aholining zaif qatlamlarini, hududlarda raqamli ko‘nikmalarga o‘qitishga qaratilgan. Natijada 25 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi, 6 ming nafar mutaxassis tayyorlanishi kutilmoqda, ularning 50 foizini ayollar, 4 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning jahon IT-maydonidagi obro‘sini oshirish, shuningdek, mamlakatimizda IT-biznesni yuritish imkoniyatlarini namoyish etish maqsadida IT Park Uzbekistan bir qator mahalliy va xorijiy tadbirlarni o‘tkazmoqda. IT Park Uzbekistan delegatsiyasi, jumladan yirik rezident-eksportchilar ham xalqaro konferensiya va ko‘rgazmalarda ishtirok etmoqda.
Misol uchun, har oy xorijda IT Park Uzbekistan tomonidan mamlakatning autsorsing salohiyatiga e’tiborni jalb qilish uchun “Uzbekistan Outsourcing Conference” tashkil etiladi. 2024-yil boshidan sentyabr oyi oxirigacha AQSh, Koreya Respublikasi, Germaniya, Yaponiya, BAA, Qatar va boshqa mamlakatlarda 12 ta shunday anjuman o‘tkazildi. Ishtirokchilarning umumiy soni — maqsadli mamlakatlardagi ITes sektori vakillaridan 1200 nafardan ortiqni tashkil etdi. Mahalliy va xorijiy tadbirlar yakunida 24 dan ortiq qo‘shma faoliyat to‘g‘risidagi bitim va memorandumlar imzolandi.
Yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonda IT Park Uzbekistan tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida 10 ta yirik tadbir tashkil etildi: 18-20-mart kunlari Toshkent va Samarqandda “Offshore Outsourcing Tour”, 24-25-iyul kunlari “Global Business Services Forum” va “ICT WEEK UZBEKISTAN 2024” doirasida 8 ta tadbir o‘tkazildi.
“Offshore Outsourcing Tour” 3 kun davom etdi va 150 ta xorijiy kompaniyaning 200 nafardan ortiq vakilini jalb qildi. Anjuman yakunida xorijiy sarmoya ishtirokida 10 ta kompaniya tashkil etildi.
“Global Business Services Forum” autsorsing va ITes sanoatidan 200 dan ortiq mehmonni jalb qildi. Tadbir “TechExpo”, konferensiya, texnologik kompaniyalar va universitetlarga tashriflar, shuningdek, bir qator B2B uchrashuvlarini o‘z ichiga oldi. Natijada “Global Business Services Forum” tadbirida 10 dan ortiq kompaniya tashkil etildi va hozirda 30 dan ortiq kompaniya mamlakatni autsorsing uchun joy sifatida ko‘rib chiqmoqda.
“ICTWEEK 2024” doirasida IT Park Uzbekistan 8 ta eksklyuziv tadbir tashkil etdi. Ularda 1100 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, 51 mamlakatdan 250 nafardan ziyod xorijiy kompaniya vakillari qatnashdi. Tadbir davomida 14 ta kompaniya O‘zbekistonda o‘z yuridik shaxslarini ro‘yxatdan o‘tkazdi, yana 13 tasi esa rasmiylashtirish jarayonida. Asosiy yutuqlardan biri “Startup Pitch”, “Investor’s Room” va “President Tech Award Hackathon” doirasida jami 640 ming AQSh dollari miqdorida sarmoya jalb qilish bo‘ldi.
Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan delegatsiyasi va rezident kompaniyalar “Web Summit Qatar”, “Dubai Fintech Summit”, “Startup Autobahn by Plug and Play” kabi 15 dan ortiq yirik xalqaro konferensiya va ko‘rgazmalarda ishtirok etishdi.
“KIIIC” bilan birgalikda “Uzbek-Korean IT Business Alliance” tashkil etildi. Uning maqsadi ikki tomonlama hamkorlik va Koreya Respublikasidagi texnologik kompaniyalarning O‘zbekistondagi vakilligini kuchaytirish bo‘lib, bu O‘zbekistonning eksport ko‘rsatkichlari yuksalishiga yordam beradi. Iyul oyida Toshkentda Koreya vakolatxonasining ofisi ochildi.
Uzoq muddatli investitsiyalar:
Joriy yilda Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan “EY” kompaniyasi bilan “Enterprise Uzbekistan” nomli Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini birgalikda ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuv imzoladi.
“Enterprise Uzbekistan” IT Park Uzbekistan hududida joylashgan texnologik kompaniyalar uchun erkin iqtisodiy zonaga aylanadi. Ushbu zona doirasida IT sohasiga yo‘naltirilgan maxsus huquqiy tartib amal qiladi, bu esa kompaniyalarga raqamli sohada innovatsiyalar, xizmatlar va korporativ mahsulotlarni ishlab chiqish hamda sinab ko‘rish imkonini beradi. Tashabbus soliq solish, bojxona nazorati, mehnat munosabatlari, bank-moliya faoliyati, shuningdek, intellektual mulk va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sohasida biznes yuritish uchun maxsus shart-sharoitlarni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, “DataVolt” kompaniyasi bilan hamkorlikda qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida ma’lumot markazlari qurilishiga start berildi. “ICT WEEK” doirasida imzolangan bitimga ko‘ra, 2030-yilgacha O‘zbekistondagi loyihalarga 5 milliard dollargacha mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Barcha ma’lumot markazlari qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobidan ishlaydi. Ular qurilgandan so‘ng “DataVolt” O‘zbekistonga yirik xorijiy IT-kompaniyalarni jalb qilishga ko‘maklashadi.
“Enterprise Uzbekistan” va “DataVolt” yordamida “yashil” ma’lumotlar markazlarining ishga tushirilishi O‘zbekistonga biznes va IT sohasini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratib, jahon maydonida yetakchi o‘rinlarni egallashga yordam beradi, shuningdek, mamlakatning investorlar uchun jozibadorligini sezilarli darajada oshiradi.
Uchinchi chorak natijalari O‘zbekiston ishonch bilan global IT-habga aylanib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Eksportning jadal o‘sishi, yangi xalqaro hamkorlik hamda xorijiy kompaniyalar va investorlarning qiziqishi ortib borayotgani mamlakatning IT sohasi xorijiy o‘yinchilar uchun tobora jozibador bo‘lib borayotganidan dalolat beradi. Bu nafaqat mahalliy mutaxassislar uchun yangi karyera imkoniyatlarini yaratadi, balki butun mamlakatda iqtisodiyotning raqamli sektori rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
2024-10-28