Oktyabr oyi oxirida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi xalqaro marketing bo‘yicha direktor Jamila Xalibaeva rahbarligida innovatsiyalar va texnologiyalar sohasidagi eng yirik tadbirlardan biri — “TechCrunch Disrupt 2025” konferensiyasida ishtirok etdi.
TechCrunch Disrupt — San Fransiskoda har yili o‘tkaziladigan texnologiya va startaplar sohasidagi eng yirik xalqaro konferensiya. Bu tadbirkorlar, investorlar va IT-sanoat yetakchilari o‘z loyihalarini taqdim etish, tajriba almashish va hamkorlar topish uchun birlashadigan platforma hisoblanadi.

Joriy yilda konferensiya o‘zining 20 yilligini nishonlab, dunyoning 80 mamlakatidan 10 mingdan ortiq ishtirokchini jamladi. Shu bilan birga, ilk bor O‘zbekistondan rekord darajadagi startaplar konferensiya maydonchasida o‘z loyihalarini taqdim etdilar. Jamoalar “Silkroad Innovation Hub” tomonidan tashkil etilgan “Silkroad Pavilion” tarkibida qatnashib, Markaziy Yevroosiyoning jadal rivojlanayotgan texnologik ekotizimini namoyish etdilar.

O‘zbekiston nomidan o‘z loyihalarini quyidagi startaplar taqdim etdilar: “Tilmoch”, “Business Robots AI”, “Bright Future”, “LittleChess”, “DTVSOFT”, “TopCoach”, “Paylov” va “Freyt”.
Tilmoch — o‘zbek, qoraqalpoq va boshqa turkiy tillarda matn tarjimasi hamda tekshiruvi uchun sun’iy intellekt platformasini ishlab chiqayotgan texnologik kompaniya. Startap dastlab “Tahrirchi” loyihasidan shakllanib, bugungi kunda mintaqadagi eng istiqbolli AI-xizmatlardan biriga aylangan. 2025-yilda “Tilmoch” “AloqaVentures”, “Yoshlar Ventures” va “IT Park Ventures” fondlaridan 150 000 AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etdi. Platforma 130 mingdan ortiq foydalanuvchi va 50 dan ziyod korporativ mijozga ega.
Business Robots AI — sun’iy intellekt yordamida marketing va savdo jarayonlarini avtomatlashtirishga ixtisoslashgan O‘zbekistondagi B2B-startap. Platforma kompaniyalarga savdo voronkasini, reklama kampaniyalarini va mijozlar bilan kommunikatsiyani yagona raqamli muhitda boshqarish imkonini beradi. “Business Robots AI” yechimlari elektron tijorat, chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida qo‘llanilib, xodimlar sonini oshirmasdan ish samaradorligini oshiradi.
Bright Future — O‘zbekiston yosh iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan ta’lim va ijtimoiy startap. Loyiha yetakchi chet el universitetlariga kirmoqchi bo‘lgan talabalarga tayyorgarlik va mentorlik dasturlarini taklif etib, mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish hamda texnologiya, fan va ta’lim sohalarida yosh mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
LittleChess — bolalarga shaxmatni o‘yin va interaktiv usulda o‘rgatadigan ta’lim ilovasi. Platforma geymifikatsiya elementlari, video darslar va bosqichma-bosqich topshiriqlarni uyg‘unlashtirib, mantiqiy va strategik fikrlashni o‘rganishni qulay hamda qiziqarli qiladi. “LittleChess” kichik yoshdagi bolalarda tahliliy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun maktablar va ota-onalar tomonidan keng qo‘llanilmoqda.
DTVSOFT — logistika va transport xizmatlari uchun dasturiy yechimlar ishlab chiqadigan IT-kompaniya. DTVSOFT platformasi yuklarni boshqarish, yo‘nalishlarni belgilash, hujjatlar aylanmasi va haydovchilarni nazorat qilish jarayonlarini avtomatlashtirib, xarajatlarni kamaytiradi hamda ta’minot zanjirlarining shaffofligini oshiradi. Kompaniya korporativ mijozlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, mintaqaning transport sektorini raqamlashtirishga hissa qo‘shmoqda.
TopCoach — O‘zbekiston yoshlarini xalqaro ta’lim imkoniyatlari bilan bog‘lovchi EdTech platforma. Startap xorijiy universitetlarga kirish uchun maslahat, tayyorgarlik va mentorlik dasturlarini taqdim etadi, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab universitetlar va fondlar bilan hamkorlik qiladi. Loyiha o‘zini mahalliy iste’dodlar va global akademik muhit o‘rtasidagi ko‘prik sifatida namoyon etmoqda.
Paylov — 2020-yilda “OCTAGRAM” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan fintech startap. Platforma mobil to‘lovlar, pul o‘tkazmalari, xizmatlar uchun to‘lov va moliyaviy boshqaruv uchun yechimlarni taqdim etadi. “Paylov” ilovasida tezkor tranzaksiyalar, xarajatlar tahlili va bonuslar tizimi mavjud bo‘lib, kompaniya raqamli moliyaviy xizmatlar ekotizimini faol rivojlantirmoqda hamda banklar va savdo tarmoqlari bilan hamkorlik qilmoqda.
Freyt — logistika va yuk tashish sohalarini raqamlashtirish bo‘yicha faoliyat yuritayotgan yosh o‘zbek startapi. Kompaniya tashuvchilar va buyurtmachilar o‘rtasidagi munosabatlarni soddalashtirish, tarif va yo‘nalishlarning shaffofligini ta’minlovchi platformani ishlab chiqmoqda. “Freyt” hozirda faol o‘sish bosqichida bo‘lib, mintaqaning transport sohasi uchun raqamli yechimlarni joriy etishga e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston startaplari sun’iy intellekt, moliyaviy texnologiyalar, ta’lim va biznesni avtomatlashtirish sohalaridagi yechimlarini taqdim etib, xalqaro bozorda raqobatlasha oladigan yuqori darajadagi professionallikni namoyon etdilar.
Uch kun davom etgan konferensiyada startap asoschilari “TechCrunch Showcase Stage” sahnasida ma’ruzalar qildilar, AQSh va Yevropaning venchur fondlari, investorlar va texnologik bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar.

Ishtirok yakunlariga ko‘ra, bir nechta startap vakillari pilot loyihalar imzolanganini, hamkorlik aloqalari o‘rnatilganini va yangi investitsiya muzokaralari boshlanganini ma’lum qildilar. Bu ularga global miqyosda o‘z bizneslarini kengaytirishga yordam beradi.
Asosiy dasturdan tashqari, IT Park Uzbekistan vakillari “Central Eurasian Founders & Community Meetup” tadbirida ham ishtirok etdilar. Mazkur yirik netvorking uchrashuvi 300 dan ortiq ishtirokchini — startap asoschilari, investorlar va Markaziy Osiyo hamda Silikon vodiysining innovatsion ekotizimlari yetakchilarini bir joyga to‘pladi.

Tadbirda “Astana Hub”, IT Park Uzbekistan va “Alchemist Accelerator” vakillari taqdimotlar o‘tkazib, mintaqaning texnologik ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish va Markaziy Yevroosiyo startaplari uchun xalqaro bozor imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston jamoalarining “TechCrunch Disrupt” konferensiyasidagi faol ishtiroki mamlakatning xalqaro hamkorlik, investitsiyalar va g‘oyalar almashinuviga ochiq bo‘lgan mintaqaviy innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar markaziga aylanish strategiyasini amalga oshirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
2025-11-04