IT Parkʼning tugʻilgan kuniga bagʻishlangan “IT Park REwind” onlayn marafonida biz frilans sohasida muvaffaqqiyatlarga erisha olgan mutaxassislarni tinglashga muvaffaq boʻldik.
Marafonda ekspert sifatida Termizlik Xasan Nazarov, Andijonlik Noʻmonjon Yusupov va Buxorolik ikki mutaxassis Shaxrullo Toʻxtasinov hamda Saidravshan Shokirovlar ishtirok etishdi. Ular oʻz tajribalarida kelib chiqib frilansda ishlashda yuzaga keladigan muammolar, nimalarni koʻzdan qochirmaslik kerakligi hamda mavjud sharoit va afzalliklar haqida soʻzlab berdilar.
“Internetdagi turli frilans saytlarida akkaunt ochish va ishni boshlash qiyin emas, biroq biror ish olgandan keyin uni maromiga yetkazib, oʻz muddatida topshirish qiyin masala. Turli xil anglashilmovchiliklarga va muvaffaqiyatsizliklarga duch kelmaslik uchun, avvalambor, oʻz ishini ustasiga aylanish kerak”, deya taʼkidladi X. Nazarov. “Qolaversa, ingliz tilini xuddi oʻz ona tilisi singari bilishi lozim”, qoʻshimcha qildi mutaxassis.
“Boshida Rossiyada oddiy yuk tashuvchi boʻlib ishlardim. Kompyuterda ish qidira turib kompyuterdan foydalana oluvchilarni izlayotgan frilans saytlari haqida maʼlumotlar eʼtiborimni tortdi. 2 yil davomida tajribamni oshirib, oz-ozdan mablagʻ topib yurdim. Keyin esa Dubaydagi firma bilan ishlashni boshladim va ancha tajribam oshib, frilanserlik asosiy faoliyatimga aylandi”, deb oʻz faoliyati toʻgʻrisida soʻzladi Sh. Toʻxtasinov.
U shuningdek, rus va ingliz tilini mukammal bilmasligini va bu unga qiyinchilik tugʻdirmasligini, muvaffaqiyatga erishish uchun shunchaki mehnat qilish kerakligini taʼkidlab oʻtdi.
“Endigina ish boshlayotgan frilanserlarimiz avval ichki, mahalliy bozorda tajriba orttirib, soʻng xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilishi lozim. Chunki chet elda joylashgan firmalar shartnoma tuzish uchun mutaxassisdan avvalo portfolio talab qiladi, deb oʻz fikr-mulohazalari bilan boʻlishdi Noʻmonjon Yusupov.
Ekspertlar shuningdek, frilanser boʻlish uchun aynan IT sohasida bilimga ega boʻlish shart emasligi, masofadan turib bajarsa boʻladigan har qanday ishda tajribaga ega boʻlgan inson bemalol daromad olishi mumkinligini aytib oʻtishdi.
Sessiya soʻnggida eskpertlar Oʻzbekistonda frilanserlarga qiyinchilik tugʻdirayotgan muammolar, jumladan, internet tarmogʻi yaxshi ishlamasligi, eng ommabop elektron pul oʻtkazish tizimi mamlakatimizda ishlamasligi haqida aytib oʻtdilar. Ushbu fikrlarga javoban IT Park direktori, Farxod Ibragimov ushbu muammolar boʻyicha qator ishlar amalga oshirilayotgani hamda IT Park doimo bunday muammolarni bartaraf qilishda bor imkoniyati bilan harakat qilishini aytib oʻtdi.
Onlayn marafonga havola: https://www.youtube.com/watch?v=I2qtxfc25e4
2020-07-25