30-sentyabr kuni IT Parkning Toshkent filialida IT Park koʻmagida tashkil etilgan dasturlash kurslarini tamomlagan koʻzi ojiz qizlarni rasmiy taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Kurs 3 oy davom etdi. Raqamli savodxonlik boʻyicha taʼlim doirasida ishtirokchilar kompyuter, brauzerlar va Microsoft Office bilan ishlash asoslarini oʻrganishdi. Bundan tashqari, ularga murabbiylik yordami ham koʻrsatildi.
Dasturda ishtirok etish uchun jami 60 nafar kishi ariza topshirdi. Kursni eng yaxshi natijalar bilan yakunlagan sakkiz nafar ishtirokchi IT Park tomonidan sertifikatlar va Alisa Yandex stansiyalari, yashash joyidagi mahallalardan esa ularga keyingi mashgʻulotlarda yordam beradigan noutbuklarga ega boʻlishdi.
Koʻzi ojiz qizlarning ustozi, oʻzi ham shunday xususiyatga ega boʻlgan Sherzod Babakulov loyihaning kelib chiqishi haqida gapirdi:
“Oʻsha paytda men Markaziy koʻzi ojizlar kutubxonasida ishlar edim va u yerda xohlovchilar uchun mustaqil dars bera boshladim. Keyin IT Park biz haqimizda bilib oldi va biz kuchlarni birlashtirdik. Bu esa darslarni oʻtkazishni sezilarli darajada osonlashtirdi.
Hozirgi paytga qadar jami 4 guruh, yaʼni 32 kishini oʻqitdik. Menimcha, bu ajoyib natija va oxirgisi ham emas. Men bunday tashabbuslar koʻpayib borishi, hamma uchun teng imkoniyatlar yaratilishi uchun IT Park bilan hamkorlikni davom ettirishdan xursand boʻlaman“.
Soʻnggi guruh talabalari — 24 yoshli Zarina va 21 yoshli Madina oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdilar.
“Hozir universitetda fors-arab tillari filologiyasi bo‘yicha tahsil olyapman. Ajdodlarimizning qadimiy bitiklarini tarjima qilish, tariximizni boyitish maqsadida ushbu sohada bakalavr va magistr darajalariga ega boʻlmoqchiman. Oʻtmish va kelajak tillarini bogʻlash orqali koʻplab sirlarni oʻrganish mumkin. Men dastur haqida doʻstlarim orqali bilib oldim. Kurs davomida juda koʻp foydali narsalarni oʻrgandim va chuqurlashtirilgan dasturga ega loyihaning ikkinchi bosqichi boʻlishini istardim”, — deydi Zarina.
“Men dasturlash kurslari haqida oʻtgan guruh bitiruvchilari va sinfdoshlarimdan bilib oldim. Men buni ajoyib imkoniyat deb bildim, — deydi Madina, — Dastlab terminologiyani tushunish men uchun oson boʻlmadi, ammo hozir bunday muammolar yoʻq. Yaqinda universitetni bitiraman, lekin oʻqishni tugatish niyatim yoʻq. Maʼlumki, chet elda nogironligi bor kishilar, jumladan tibbiyot yoʻnalishlari uchun maxsus dasturlar mavjud. Dasturchi sifatidagi profilimga shifokor darajasini ham qoʻshish uchun chet elda magistraturaga kirishni rejalashtirmoqdaman.
Bizga oʻxshagan barcha qizlarga murojaat qilmoqchiman. Xalqimizda hikmatli bir naql bor: “Oʻgʻil farzandni oʻqitib bitta, qiz farzandni oʻqitib, kamida ikkita oʻqimishli insonga ega boʻlasiz”. Shunday ekan, ariza topshirishdan, oʻrganishdan qoʻrqmang. Oddiy odamlar uchun hayotda oʻz yoʻlini topish nisbatan oson, chunki ular har qanday ishni qila olishadi. Bizning holatimizda barchasi biroz murakkabroq, ammo bu umidsizlikka sabab emas. Bunday loyihalar odamlarga oʻz hayot yoʻlini topishga yordam beradi va bu ajoyib”, — deya xulosa qildi suhbatdoshimiz.
2023-10-06