“Open Data Challenge 2020“ xakatoniga roʻyxatdan oʻtish eʼlon qilindi!

“Open Data Challenge 2020“ xakatoni — bu Oʻzbekiston iqtisodiyoti, axborot texnologiyalari va tadbirkorlikda ochiq maʼlumotlarni rivojlantirishga qaratilgan yillik tanlov. Tanlov mohiyati ochiq maʼlumotlardan foydalangan holda ilovalarni ishlab chiqishdan iborat boʻlib, 2020-yil 4-dekabrdan 6-dekabrgacha onlayn tartibda oʻtkaziladi!

Tadbirning asosiy maqsadi:

- Dasturiy taʼminot yaratuvchilarining professional jamoasini rivojlantirish;

- Davlat va mahalliy hokimiyat organlari vakillarining, shuningdek, turli tarmoqlardagi xakaton ishtirokchilarining zarur koʻnikmalarini rivojlantirish;

- Ochiq maʼlumotlar sohasida davlat va mahalliy hokimiyat organlarining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish.

Tadbir IT Park tomonidan, YXHT’ning Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori, Oʻzbekiston Respublikasi davlat statistika qoʻmitasi, Dubai Future Foundation hamda “One million Uzbek Coders” dasturi koʻmagida tashkil etilgan.

Bu yilgi tanlov yoʻnalishlari uchun ochiq maʼlumotlar quyidagilar uchun boʻlishi ko‘zda tutilgan:

- Davlat sektori;

- Ijtimoiy soha;

- Biznes;

- Maʼlumotlarni yaratish va oʻzgartirish;

Ishtirokchilar oldiga uch kun davomida ochiq maʼlumotlardan foydalangan holda aniq raqamli yechimlar (ilova, xizmat, elektron qurilma) ishlab chiqish vazifasi yuklatiladi.

Bundan tashqari, 3 kun davomida ishtirokchilar ochiq maʼlumotlar boʻyicha yetakchi mutaxassislar tomonidan olib boriladigan treninglar va master klasslar hamda BootCampʼda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Bu yil bolalar alohida maktab oʻquvchilari toifasiga ajratiladi.

Taʼkidlash joizki, xakatonning to'rt yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblar IT Parkning akseleratsiya intensiv dasturidan oʻtish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Arizalarni topshirish muddati: 2020-yil 1-dekabr.

Xakaton haqida batafsil bilish va ishtirok etish uchun ariza berish: http://datahack.uz/

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “Open Data Challenge 2019“ ochiq maʼlumotlar xakatoni boʻlib oʻtgan edi. Unda ishtirok etish uchun deyarli 400 ta ariza qabul qilingan. Natijada, 168 kishi 53 jamoani shakllantirib xakatonning yakuniy qismida ishtirok etgan hamda u yerda oʻz loyihalarini taqdim etdi va 15 000$ sovrin jamgʻarmasi uchun kurashdi.

2020-11-04