Pokistonning “Programmers Force” kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda

IT Park Uzbekistan vakillari xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova rahbarligida “Programmers Force” kompaniyasi bosh direktori va hammuassisi Xurram Axtar bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekistonning IT sohasidagi salohiyati, mamlakatda kompaniya ofisini ochish istiqbollari, shuningdek, mahalliy mutaxassislarni ishga olish rejalarini muhokama qildilar.

Programmers Force — Pokistonning Lahor shahrida tashkil etilgan texnologik kompaniya. Kompaniyada 800 nafarga yaqin xodim mehnat qiladi, aylanmasi esa 120 million dollarga baholanmoqda. Kompaniya beshta mamlakat bozorlarida faoliyat yuritib, IT-konsalting, sun’iy intellektga asoslangan ilovalarni ishlab chiqish, fintech yechimlari, katta ma’lumotlar, korporativ ilovalar, mobil dasturlash va API integratsiyasi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Uning vakolatlariga moliyaviy xizmatlar, elektron tijorat, telekommunikatsiya va raqamli platformalar uchun himoyalangan va kengaytiriluvchi tizimlarni yaratish kiradi.

Muzokaralar chog‘ida “Programmers Force” vakillari O‘zbekiston imkoniyatlariga va IT Park rezidentlariga taqdim etilayotgan “Zero Risk” dasturi imtiyozlariga qiziqish bildirdilar. Hozirda kompaniya Farg‘ona va Samarqand shaharlarini ofis ochish uchun potensial joylar sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Kompaniya ofis ochish va birinchi bosqichda texnik qo‘llab-quvvatlash hamda onlayn savdo bo‘yicha 100 nafar ingliz va yapon tillarida so‘zlashuvchi mutaxassislarni ishga olish niyatini bildirdi. Muvaffaqiyatli natijalarga erishilgandan so‘ng, “Programmers Force” o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarni yanada murakkab texnologik yo‘nalishlar bo‘yicha ishga olishni rejalashtirmoqda.

“Programmers Force” bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan uchun yangi investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro aloqalarni kengaytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish imkonini yaratadi. Bu esa mamlakatning IT-xizmatlar va raqamli innovatsiyalar mintaqaviy markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

2025-10-02