“President Tech Award” tanlovi doirasidagi xakaton natijalari

3-noyabr kuni IT Park Toshkent filialida “Prezident Tech Award” xakatonining yakuniy natijalariga bag‘ishlangan — hakamlar hay’ati a’zolari va ishtirokchi jamoalar sardorlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu yigʻilishda loyihalarni takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar berildi va ularning kuchli va zaif tomonlari aniqlandi.

Umumiy sovrin jamgʻarmasi $1 millionni tashkil qiluvchi “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishidagi eng yaxshi startap” (Prezident Tech Award) tanlovi 1-may kuni boshlandi.

Mazkur tanlov 5 ta asosiy va 1 ta maxsus (xakaton) yoʻnalishlardan iborat.

  • Asosiy yoʻnalishlarga— $900 000
  • Maxsus yoʻnalish (xakaton) — $100 000

Xakatonda ishtirok etish uchun respublika boʻylab 4000 dan ortiq arizalar kelib tushdi, 650 dan ortiq ishtirokchilar roʻyxatdan oʻtdi va 170 ta jamoa tuzildi.

Xakaton 13-15 oktabr kunlari Astrum IT akademiyasida boʻlib oʻtdi. Hamkorlar sifatida “EPAM Systems”, “Amazon Web Services” (AWS), “AWS User Group”, “Plug and Play” va “Google Developer Groups” (GDG) kabi yirik kompaniyalar ishtirok etishdi.

Xakaton davomida ishtirokchilar quyidagi yoʻnalishlardan biri boʻyicha yechimlar ishlab chiqishdi:

  • Sunʼiy intellekt texnologiyalari;
  • Taʼlimda raqamli texnologiyalar;
  • Sogʻliqni saqlashda raqamli texnologiyalar;
  • Tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar;
  • Kiberxavfsizlik sohasidagi texnologiyalar.

Tanlov hakamlar hayʼati “EPAM Systems” va “Plug and Play” kompaniyalarining 10 nafar yuqori malakali mutaxassislaridan tashkil topgan. Ular orasida katta loyiha menejerlari, dasturiy taʼminotni ishlab chiqish va sinovdan oʻtkazish boʻyicha mutaxassislar, bulutli muhandislik menejerlari, shu kabi tanlovlarda hakamlik qilish boʻyicha katta tajribaga va IT sohasida 7 yildan 23 yilgacha ish tajribasiga ega bo‘lgan turli sohalar direktorlari bor.

Loyihalarning texnik amalga oshirilishini “EPAM Systems”, “GDG”, “AWS” kompaniyalarining IT sohasida 5 yildan 20 yilgacha tajribaga ega 20 nafardan ortiq mutaxassislardan iborat mentorlar jamoasi baholadi.

Xakatonning soʻnggi kunida ishtirokchilar tomonidan 3 kun davomida ishlab chiqilgan loyihalar taqdimoti boʻlib oʻtdi va taqdimot natijalariga koʻra hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan eng yaxshi Top-10 ta jamoa aniqlandi.

Gʻolib jamoa nomi 25-oktabr kuni eʼlon qilindi. Tantanali taqdirlash marosimi “ICTWEEK UZBEKISTAN 2023” haftaligi doirasida boʻlib oʻtdi. Hakamlar hayʼati baholari va xakaton davomida loyihaning texnik amalga oshirilish natijalari bo‘yicha, “Rammstein Theorem” jamoasi sunʼiy intellektga asoslangan, tibbiy maʼlumotlarni tahlil qilish va saqlash platformasi — “Sogʻboʻl” loyihasi bilan gʻolib deb topildi.

Hakamlar hayʼati jamoalarning loyihalarini quyidagi mezonlar boʻyicha baholadi:

Birinchi darajali mezonlar:

1. Taklif qilinayotgan loyihaning dolzarbligi — loyihada yoritilgan gʻoyaning zamonaviy muammo va masalalarni hal etishdagi ahamiyati baholanadi;   

2. Loyihaning natijalarga erishish imkoniyatlarini baholash — loyihada bayon qilingan natijalarga erishishga qaratilgan masalalarni hal etish uchun taklif etilayotgan usullar va yoʻllarning mavjudligi, asoslanganligi hamda yetarli ekanligi baholanadi;   

3. Bozorda mahsulot yoki xizmatga boʻlgan talabning mavjudligini baholash — mahsulot yoki xizmatning bozor talabi hamda tijorat istiqbollari baholanadi;   

4. Loyihaning salohiyatli raqobat afzalliklarini baholash — isteʼmolchi uchun mahsulot/texnologiyaning uning amaldagi analoglariga nisbatan ustunliklari mavjudligi kabi muhim xususiyatlari baholanadi;   

5. Loyihaning yakunlanganligi:

  • Funksionallik — loyiha prototipi asosiy funksiyalarni qanchalik bajarishini baholash;
  • Loyiha prototipi ishlashi — loyiha prototipi ishlashga yaroqli va muhim xatolarsiz ishlashini baholash
  • Interfeys va dizayn — loyiha prototipining interfeys va dizaynini baholash;
  • Integratsiya — boshqa tizimlar yoki texnologiyalar bilan integratsiya qilinishini baholash.

Ikkinchi darajali mezonlar:

6. Jamoaning imkoniyatlari:

  • Jamoa tarkibi — xakaton davomida zarur boʻlgan barcha rivojlanish jarayonini qamrab oladigan turli sohalardagi mutaxassislar jamoasida mavjudligini baholash;
  • Taqdimot — loyihani qanday ishlashini va u taqdim etadigan qulayliklarni aniq va samarali tushuntira olishini baholash;
  • Hakamlar hayʼatining loyiha boʻyicha berilgan savollariga javoblar sifatini baholash;
  • Jamoa intizomi — jamoaning xakaton davomida kommunikatsiya xususiyatlarini va talab qilingan materiallarni vaqtida taqdim etganini baholash.

7. Texnik amalga oshirilganligi:

  • Zamonaviy texnologiyalar va dolzarb dasturlash tillaridan foydalanilganini baholash;
  • Loyihani amalga oshirish uchun toʻgʻri tanlangan arxitektura va kengaytirish imkoniyatlarini baholash.

Yakuniy turnir jadvali quyidagicha:

Ishtirokchilarning loyihalari haqida batafsil maʼlumotni havola orqali olishingiz mumkin:

2023-11-03