Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida 2021-yildagi tashrifidan soʻng oʻz tashabbusi bilan bunyod etilgan Nukusdagi yangi IT Park filialiga tashrif buyurdi.
Mazkur filial Toshkentdagi filialdan keyin hajmi boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadi va mahalliy yoshlarga IT-koʻnikmalarni egallash hamda oʻz karyerasini boshlash imkoniyatini taqdim etadi. Binoda “UZINFOCOM” markazining filiali ham joylashgan. Markaz “uStudy” dasturi orqali viloyat yoshlarini zamonaviy kasblarga oʻqitadi. Malakasini oshirgan yoshlarga oʻz sohasidagi yetakchi kompaniyalarda ish bilan taʼminlanish imkoniyati yaratiladi.
Prezident IT Park rezidentlari va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan muzokaralar oʻtkazdi. U barcha hududlarda davlat-xususiy sheriklik asosida shu kabi IT Park binolarini qurish zarurligini taʼkidladi.
Yaqin kelajakda, Prezident topshirigʻiga koʻra, IT Park Nukus filiali axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi yoshlarni oʻqitish va ularni kelajakda yuqori maoshli ish oʻrinlariga jalb etish maqsadida Qoraqalpogʻiston tumanlaridagi maktablar bilan integratsiya qilinadi.
Qoraqalpogʻistonlik Beknazar Abdikamalov bunga misol boʻla oladi. U ilgari dunyoning eng mashhur texnologiya gigantlaridan biri boʻlgan “Amazon” kompaniyasida ishlagan. Yaqinda u oʻz mahsulotini Oʻzbekistonda rivojlantirish maqsadida vataniga qaytib keldi va oʻzining “HUPO” nomli startapi uchun 4 million dollar sarmoya jalb etishga erishdi. Davlatimiz rahbari u bilan suhbatlashib, uning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi.
Maʼlumot uchun:
Qoraqalpogʻistondagi IT Park Uzbekistan rezidentlari soni oʻtgan yil oxiriga nisbatan uch barobar koʻpayib, 108 taga yetdi. Ular tomonidan 310 nafar mutaxassis ish bilan taʼminlandi. 2024-yilning birinchi yarmida xizmatlar hajmi 2,4 barobarga, eksport esa 1,7 barobarga oshdi. Rezidentlar 25 ming nafar yoshlar va davlat xizmatchilarini oʻqitib, malakasini oshirdi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 2023-yilda 18 ming nafar, 2024-yilning birinchi yarmida esa 29 ming nafar yosh onlayn platforma orqali taʼlim oldi. Joriy yilda 33 mingdan ortiq kishi oʻqitish koʻzda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahriga tashrifi davomida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Uchrashuvda mamlakatda IT sohasini rivojlantirishga eʼtibor yanada kuchaytirilishi taʼkidlandi. Sunʼiy intellektga alohida eʼtibor qaratiladi. Sunʼiy intellektga asoslangan startap loyihalarni moliyalashtirish uchun 50 million dollar ajratiladi.
Shuningdek, startaplarni qoʻllab-quvvatlash uchun ekotizim ishlab chiqiladi. Bu yil tarixda birinchi marta Oʻzbekistondagi startaplar 134 million dollar jalb qildi va umumiy aylanmasi 10 million dollarni tashkil etadigan 50 ta mahalliy kompaniya oʻz faoliyatini boshladi.
Mamlakatda startaplarning faol rivojlanishi uchun venchur fondlari tashkil etiladi va IT Park Uzbekistan 10 million dollar mablagʻ ajratadi. Bundan tashqari, har bir 1 dollarlik xorijiy investitsiya uchun davlat 1 dollar ajratadi hamda startaplar ishlanmalarini patentlash va savdo belgilarini roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlarini qoplaydi. Umuman olganda, ushbu sohani rivojlantirish uchun 50 million dollar sarmoya kiritiladi.
Barcha ushbu tashabbuslar Oʻzbekistonda vakolatxonalar ochish va mahalliy mutaxassislarni ish bilan taʼminlash uchun xorijiy kompaniyalarni jalb qilish orqali mamlakatni global IT-xabga aylantirishga yordam beradi va shu tariqa yuqori maoshli ish oʻrinlarini yaratiladi. Bunday jadal rivojlanish tufayli 2030-yilga moʻljallangan maqsadlar — 5 milliard dollarlik IT-xizmatlar eksporti va 300 ming ish oʻrni yaratish — amalga oshiriladi.
2024-08-21