Qanday qilib hatto kompyutersiz ham IT mutaxassisga aylanish mumkin?

Sizlar bilan oliy ma’lumoti bo‘lmay turib ham IT sohasida muvaffaqqiyatga erisha olgan mahalliy dasturchilar tarixi bilan bo‘lishishda davom etar ekanmiz, poytaxtning markazida yashamaydigan bir mutaxassis haqida soʻzlashni istar edik. U chekka hududda yashashiga qaramasdan yosh paytidayoq oʻz mehnati va matonati bilan ajoyib natijalarga erishgan.

Manuchehr Usmonov. Namanganda yashaydi. Oʻzining 23 yoshida u “Devcon P/E” kompaniyasi bosh direktori hisoblanadi. Uning oʻrtacha oylik daromadi $700 ni tashkil qiladi.

Qanday qilib IT sohasiga kirib keldingiz?

Bolalikdan jamiyat qolipidagi kasbiy taʼlimotlardan koʻra erkinlik men uchun qiziq boʻlgan. Yaʼni, bu erkinlik koʻpchilik tasavvuridagi erkinliklardan farqli oʻlaroq individuallikka qaratilgan edi.

Maktabda oʻqishni endi boshlagan paytlarim yaʼni ikkinchi sinfligimdan boshlab elektronikaga qiziqa boshladim. Men uchun atrofimdagi qurilmalar qanday ishlashi yoki qay tartibda tuzilgani doimo qiziqarli boʻlgan. Shu davrlar orasida onam oʻzimiz yashaydigan tumandagi eng yaxshi radiotexniklardan biriga shogirtlikka berdilar. Ustozim yordamida doimiy ravishda oʻz bilimlarimni orttirib bordim. Keyinchalik maktabni bitirmaganimga qaramay Kosonsoy tumanidagi Kasb-hunar kollejiga qatnay boshladim. Oʻsha davrlarda ushbu kollej qayta rekonstruksiya qilinib Koreya texnologyalari yordamida boyitilgan edi. Soʻnggi rusumdagi laboratoriya men uchun haqiqiy orzular orolchasi edi va yanada oʻz bilimlarimni orttirishimga yordam berdi.

Elektronika juda qiziqarli soha, lekin u tobora jonsizdek boʻlib borayotgan edi men uchun. Bugungi kunda faqatgina elektronikaga oid bilimni oʻzi yetarli emasdi.

Soddaroq aytadisam shu davrlardagi qiziqishlarim analogli texnologiyalardan koʻra raqamlilarga qarab oʻsib bordi. Robototexnikani oʻrganishni juda orzu qilardim. Lekin bu sohaga kirishdan avval yana boshqa bir yoʻnalish dasturlashni ham talab qilishi rejalarni butkul boshqa tomonga yoʻnaltirdi.

Kompyuterdan umuman boxabar emasdim. Bu vaqtgacha uyimizda umuman kompyuter boʻlmagan, kompyuter klublariga bormaganman, maktabda esa informatika darsida paint dasturidan boshqasida ishlab koʻrmaganmiz. Nazariy bilimlar ham umuman qoniqarli berilmagan edi.

Yolgʻiz farzandligim va otam erta vafot etgani sabab onamga yuk boʻlishni ham istamay kompyuterni oʻrganishim uchun avval uni sotib olishim kerakligi haqida uyda ogʻiz ochmadim. Men boshqa bir tavakkal yoʻldan foydalandim. Atrofga oʻzimni kompyuter bilimdoni kabi koʻrsatib ularga kompyuteringni taʼmirlab beraman degan maqsadda ushbu qurilma bilan tanishishni boshladim. Kompyuter bilan chuqurroq tanishib borganim sayin tanishlarimdan ijaraga komputerlarini olish menga muammo tugʻdirmadi.

- Dasturlashni qayerdan oʻrgangansiz?

Birinchi qadamimni 9-sinfligimda Delphi dasturlash tilini oʻrganishdan boshladim. Qoʻlimga tasodifan qaysidir institut darsligi tushib qolgan edi.

Dasturlash sohasi shunday ekanki, birgina tilni oʻrgangach tabiiy tarzda boshqa tillarni oʻrganishga majbur qilarkan yoki boʻlmasam senda tobora moslashuvchanlik tezlashar ekan. Biror bir dasturlash tilini bilgan odam keyinchalik boshqa dasturlash tilini yanada tezroq oʻrganarkan.

Kollejga oʻqishga kirgach, birinchi kursligimda HTML tili ustida ishlashni boshladim. Koʻpchilik HTMLni dasturlash tili oʻrnida koʻrmaydi, lekin bu til sabab men bugungi kelajagimni yarata olganman. Ayni men oʻrganishni boshlagan davrlarda oʻzbek internet segmentida veb saytlar yaratishga endigina qadam qoʻyila boshlangan edi. Koʻp kontentlar asosan konstruktorlarda yaratilgan, ularda ham doimo dinamika yetishmasdi.

HTMLʼga qoʻshib CSS va JavaScriptʼni ham oʻrgandim. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, ayni shu davrlarda JavaScript deyarli keraksiz tillardan biri hisoblanardi. Bugungi kungidek koʻp auditoriya ega va mukammal emasdi.

Men endi istagan veb sahifamni yarata olardim, unga shakllar berishim, maʼlum qismlarda (client side - brauzerda qoʻllaniladigan mijoz tomon,) JavaScript yordamida dinamicalarni belgilashim mumkin edi. Keyingi oʻrganish bosqichida oʻzim uchun batamom yangi dunyoni kashf qildim. Bunga PHP oʻz yordamini bergandi.  

Oʻzim bilmagan holda veb dasturlash sohasiga kirib qolgandim. Va shu oʻrinda elektronikadan voz kechib, kelajagimni veb dasturlash sohasida qurishni boshladim. Albatta boshlanishida oson boʻlmagan. Sen yashaydigan dunyoning mitti shaharchasida odamlar uchun bu narsalar qiziq emas, kim bilandir qiziqishlaring borasida fikrlasha olmaysan. Hattoki oʻsha vaqtlarda koʻpchilik uchun kulgu boʻlib ham yurganman va bu bir necha yillarga choʻzilgan. Chunki atrofimda na bu sohani tushunadiganlar na bu sohada kelajak koʻradiganlar bor edi. Bir soʻz bilan atganda bu juda qiyin jarayon. Ayniqsa, katta hayotga qadam qoʻymasingdan avval sen qurishni istagan kelajak odamlar uchun keraksizdek koʻrinsa.

Men nihoyat besh yil deganda kimgadir kerak boʻldim. Orzular osmonida quyosh chiqqandi. Toʻgʻri quyoshni yarm qismi bulutlar orasida boʻlsada har holda men uchun katta umid bagʻishlagan. Oʻrganganlarim, sarflagan umrim besamar ketmaydi degan tushunchani oʻz ongimga singdirishga yordam bergan.

2015-yil may oyi, oʻzimning birinchi buyurtmamni qabul qildim. Bu ham veb dasturlash sohasida emas edi. Men yashaydigan tumanda yangi kafe ochildi va kafe uchun elektron menyu qilib berishim kerak edi. Bundan maqsad kafeda ofitsiant vaqtini tejash va xarajatlarni oz boʻlsada nazorat qilish edi.

Birinchi muvaffaqiyatli ish. Garchi elektronika ortidan oʻzimni xarajatlarimni qoplash uchun daromadga ega boʻlsamda bu dasturlashdagi birinchi ommaviy ishim edi.

Lekin bu buyurtmadan soʻng ham doimiy tanaffusga ega boʻldim. Chunki talab umuman yoʻq edi. Ayni shu yili kollejni bitirganim sabab 18 yoshimda oʻzimni birinchi firmamni ochdim va bankdan kredit olib Texnik va dasturiy xizmat koʻrsatish sohasida ish boshladim. Jumladan 3D printer yordamida modellar ishlab chiqishni ham.

Lekin quvonchlar uzoqqa choʻzilmadi. Korxona atiga 3 oygina faoliyat yurtdi. Chunki men keraksiz vaqt, keraksiz sohaga qoʻl urgandim. Chekka bir qishloqda dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchi korxona va ayni korxona faqatgina shu yer aholisiga xizmat koʻrsatishi muvaffaqiyatsizlik edi.

Kredit qarzdorligi sabab boshqa bir korxonaga texnik muhandis boʻlib ishga kirdim. Asosan noutbuklar taʼmirlardim. 5 oy faoliyat yuritganimga qaramay oylik ololmadim, katta hayotga ilk qadamlarda dastlabki aldanish edi bu.

Yana bir necha bunday holatlar sabab qoʻshimcha 2 yil umrim suvga oqdi. Boshlangʻich qadamlar hisobida deyarli 7 yil edi.

Yaxshi kunlar ham kelay deb qolgandi. 2017-yil Lingway Beginner oʻquv markaziga dasturiy taʼminotchi boʻlib ishga kirdim. Mening ish tajribam oshishiga juda katta turki boʻlgan joy. Jamoa ham doimo meni qoʻllashgan. Injiqliklarimga ham koʻz yumib borishgan.  Ushbu oʻquv markazda men ikkita yangi qadamni tashlay oldim. Birinchisi,avtomatlashtirish tizimlari doirasiga oʻtish va ikkinchisi, oʻzimning birinchi mobil ilovamni yaratgan edim.

Hayot shu yoʻsinda davom eta boshladi. 2018-yil sherikchilik asosida yangi korxona tashkil qildik. Bizda maʼlum miqdorda homiylar ham bor edi, lekin ushbu korxonada ham katta qadam tashlay olmadik. Kelishmovchiliklar sabab ushbu ishni ham toʻxtatdik.

Lekin bu safar qatʼiy qarorni  yaʼni kelajakda sherikchilik bilan hech qachon ish qilmaslik va mijozlar bilan muomala shaklini oʻzgaritishni qabul qilgandim. Oʻz natijasini bera boshladi, albatta.

Mijoz hamisha haq, degan gapni mijozning oʻzi oʻylab topganligini tushuna boshladim.

Asta sekinlik bilan rivojlanish boshlandi. Endi avvalgiga oʻxshab mijoz kutish shart emasdi. Mijozning oʻzi qidirishni boshlagan edi. Tan olib aytishim kerak men uchun muvaffaqiyatli yillar tushunchasi 2019-yildan boshlandi. Avvalgi yil va bugungi yilda oʻz soham doirasida bemalol erkinlik bilan ishlay olishga erishdim. Men endi hech qachon mijozsiz qolish degan tushunchadan, ishsizlik, daromadsizlikdan qoʻrqmaydigan boʻldim. Bu bir necha yillik masofalar oʻz oʻrnida menga koʻp taʼlim tarbiya berdi.

Dasturlashni oʻrganish yoki dunyodagi eng zoʻr dasturni yaratish murakkab emas. Asosiy murakkablik shundaki, dasturchi boʻlish doimiy izlanishlar, har sohani oʻrganish, kreativlik, imkoning yetgancha atrofingdagi olamdan oldinda yurish kabilar va bu jarayonda sen yashaydigan muhitingdan oʻzgacha fikrlashga harakat qilganing sabab muhit seni boʻgishga urinishida. Ular ustidan gʻalaba qozona olsang marra seniki.

Koʻpchilik oʻylaydiki, dasturchi boʻlish uchun matematikani mukammal bilish kerak. Shaxsan men toʻrtta arifmetik amaldan boshqasini bilmayman(+, -, х, :). Matematika men uchun hech qachon qiziq boʻlmagan. Lekin men dasturchi boʻla oldim.

Ayni damda Delphi, HTML, CSS, JS, PHP SQL, Python (boshlangʻich), C++ kabi tillarini bilaman. Bundan tashqari hozirgi kunda keng rivojlanib kelayotgan Arduino, Raspberry pi (robototexnika) dan ham xabardorman. Elektronika men uchun bolalikdan oʻz ona tilimdek sodiq.

Delphi, HTML, CSS, JS, PHP SQL tillarini oʻrganib boʻlgan paytimda menda hattoki shaxsiy kompyuter ham yoʻq edi. Doimiy boshqalarning qurilmalaridan foydalandim. Birinchi shaxsiy kompyuterimni 2015-yil sotib olganman, shu ham kredit asosida.

Bugungi kunda dasturchi boʻlish va dasturlash tillarini oʻzganish juda oson. Oʻquv markazlar serob, internetda cheksiz maʼlumotlar ombori mavjud. Bir oʻrganuvchi uchun oʻrtacha 3 oy yetarli. Ish topish ham muammo emas. Frilanserlar uchun onlayn bozorlar chaqqonlashgan, har qanday korxona tashkilotlar bunday mutaxassislarga muxtoj va ish bilan taʼminlashga tayyor.

- Diplom yoki oliy maʼlumot yoʻqligi IT sohasida ish izlashda oʻz taʼsirini oʻtkazganmi?

Shu kungacha asosiy faoliyatim xususiy sektorlarda boʻlganligi sabab diplomsiz ish izlash menga muammo tugʻdirmagan. Albatta ayni damdagi qonunchiligimiz sabab byudjet tashkilotlarda maʼlum cheklovlar mavjud. Misol uchun, oʻrta maxsus darajasi bilan ishga kirgan IT mutaxassisi frilansdagi kabi haq ololmaydi. Yaʼni, uning bilimi qadrsizdek boʻlib qoladi. Shu sabab ham koʻpchilik dasturchilar frilans xizmatini koʻrsatishadi doimo. Bu asosiy navbatda individuallik, qaram boʻlmaslikning oldini oladi. Erkin ijod qilish, buyurtma va mijozni tanlay olish imkoni ham mavjud.

- Nega siz oliygohga kirmaslikka qaror qildingiz?

Oliy taʼlim muassasalarida oʻqishdan toʻlaqonli voz kechganman. Kamiga dasturchi muhandis boʻlib yetishish uchun ona-tili, fizika, matematika kabi fanlarni keraksiz boʻlimlaridan, keraksiz joylarda imtihon berib yurish har kimga ham yoqmasa kerak. Men doimo muhandis, ixtirochi boʻlishni istaganman lekin mendan ona-tili adabiyot talab qilishlarini oʻzida universitet men uchun biror naf keltirmasligini tushunganman. Har kim oʻzi maqul deb bilgan ish bilan shugʻllangani va oʻzgangani maqul. Bu sifat uchun yetarlicha taʼsir qiladi. Nima uchun raqamli texnologiyalar bozori chaqqon va eng serdaromad sohaga aylandi? Nima uchun bugungi kunda ushbu sohasiz butun bir jamiyatni tasavbur qilib boʻlmaydi? Chunki ushbu soha faqat sevuvchilarnigina oʻziga olib qoladi.

- Oliygohga kirishni rejalashtirmayapsizmi?

Yoʻq, men universitetga kirish fikridan kollejda oʻqib yurgan davrimdayoq voz kechganman. Oddiy misolda olaylik bakalavr darajasi uchun 4 yil oʻqish kerak. Kontakt toʻlovlari, yana boshqa doimiy xarajatlarni umumiy 200 million deb baholaylik. 4 yil davomida shuncha pul evaziga bir joyda menga nimadir oʻrgata olishlariga ishonmayman. Ushbu pul evaziga internetdan arzon va sifatli minglab darsliklar sotib olish mumkin. Nazariya va amaliyot uzviy bogʻliq boʻlgani bilan aslida nazariyani amaliyotda oʻrganamiz. Faqatgina koʻpchilik buni anglab yetmagan hali. Albatta istisno yoʻnalishlar ham mavjud ularda oliy taʼlim degan tushuncha majburiy.

- Ayni damda nimaga ixtisoslashgansiz?

- Hozirda frilanserman. Backend va PHPʼga ixtisoslashganman.

- Siz faoliyat yuritadigan sohada oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom kerak, deb oʻylaysizmi?

Men ishlayotgan soha uchun hech qachon zarur emas. Umuman koʻplab sohalarda zaruriyati yoʻq aslida. Agarda diplom muhim rol oʻynaganda bugungi kunda “TATU trollari” atamasi boʻlmas edi.

- Agar sizda oʻtmishga qaytish va faoliyat sohangizni oʻzgartirish imkoni boʻlganida, uni oʻzgartirgan boʻlarmidingiz?

- Buning imkoni boʻlgan taqdirda ham sohamni oʻzgartirmasdim.

Namangan, mamlakatning chekka viloyati, imkoniyatlar kam va insonlar har ishi bilan har kuni shugʻullanuvchi insonga ishonishmaydigandek tuyulishi mumkin. Qanday qilib bunday sharoitlarda koʻtarilish mumkin? Manuchehr IT granitlarini kemirgan holda oʻzida ishonch topa olgan va oʻz maqsadiga erishgan insonlardan biridir. Agar Manuchehr uddalay olgan boʻlsa, senga nima halaqit beryapti? IT – bu kelejak va Manuchehr Usmonov u sari qadamba-qadam odimlab bormoqda.

2020-08-19