Qanday qilib noldan startapni sarmoyasiz boshlash va muvaffaqiyatsizlikka duch kelish: IT Park xodimining hikoyasi!

IT Park IT Academy’sida Community’ni rivojlantirish bo‘yicha menejer, “Ambient” studiyasining asoschisi, “One Million Uzbek Coders” ta’lim loyihasi koordinatori Dilmurod Nasibullayev startap yaratishdagi tajribasini biz bilan baham ko‘rishni istadi. Mazkur maqoladan Dilmurod qanday qilib startapini cho‘ntagida bir tiyinsiz yaratganligi, nimalarni boshidan kechirgani hamda natijada qanday tajribagalarga ega bo‘lganligi haqida ma’lumotga ega bolasiz.

Lepestock

“Lepestock” loyihasi 2017-yilda boshlandi. Dilmurodning universitetida mahsulot va startap-loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha tanlov o‘tkazildi (Dilmurod Toshkent shahridagi Inha universitetini tamomlagan). Gʻolibning Koreyaga 3 haftalik yozgi kursga chiptani yutib olish imkoni bor edi va shu sababli u universitetdagi do‘sti bilan birgalikda ushbu tanlovda ishtirok etishga qaror qildi.

Ular o‘z startaplarining biron bir muammoni hal qilishi va bozorni tubdan o‘zgartirishi kerakligini tushunib yetishdi. Dastlabkida, ularda bir narsani yetkazib berishdan tortib savdo avtomatizasiyasiga qadar ko‘plab g‘oyalar paydo bo‘ldi.

Natijada, ular Toshkent bo‘ylab gul yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yishga qaror qilishdi. Xizmat juda oddiy - bozordagi gul do‘konlaridan tovarlarni olib, mijozga yetkazish. Bunga qadar bu joyni gul sotuvchilari va gul butiklari egallab turgan edi. Birinchi holatda, ular hech qanday xizmat yoki yetkazib berishni ta’minlamasdilar. Ikkinchi holatda, hamma narsa bor, lekin narxlar juda qimmat. Shuning uchun yosh startapchilar birinchi va ikkinchi holatlarni birlashtirishni, ya’ni mijozning vaqtini guldasta izlashga sarflamasdan, gullarni arzon narxlarda yetkazib berishni xohladilar.

Dastlab ular loyihaga Fleurs de la space deb nom berishdi, ammo keyinchalik uni Lepestock deb nomlashga qaror qilishdi.

Dilmurod do‘sti bilan “Wordpress” bazasida elektron do‘kon uchun veb-sayt yaratdi, bozorga borib, turli xil guldastalarni rasmga oldi hamda o‘sha yerning o‘zida, hech qanday yozma hujjatlarsiz, gul sotuvchilar bilan kelishib olishdi. Model sodda edi: bozor narxi -10%, ular hamkor bo‘lganligi uchun, ularga + 30%. Shunda agar mahsulotning bozor qiymati $10 tashkil etsa, ular guldastani $13 sotishgan,  va ularning daromadi esa $4 tashkil etgan.

Tashabbuskor yigitlar tanlovda qatnashish hamda Koreyaga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun taqdimotga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rishdi, ammo tanlovda mag‘lubiyatga duch kelishdi. Yo‘qotish qanchalik achinarli bo‘lishiga qaramasdan, bu ularning kelgusi faoliyati uchun juda katta turtki bo‘ldi. Oxir-oqibat ular o‘zlarining biznesini boshlashga qaror qilishdi. Ularning jamoasida biznes haqida tushunchaga ega bo‘lmagan 2 kishi va hamkorlar bilan jentlmenlarcha kelishuv asosida qurilgan munosabat hamda $120-150 atrofida mablag‘ bor edi.

Yosh tadbirkorlar muvaffaqiyasizlik ehtimoli juda yuqori ekanligini bilishiga qaramasdan, hech bo‘lmaganda tajriba orttirishlariga ishonar edi.

Barcha bosqichlardan o‘tganlaridan so‘ng, ular yangi guldastalarni rasm olishni va hamkorlik aloqalarini o‘rnatishni boshladi. Uzoq vaqt davomida ularga hech qanday buyurtma kelmadi. Biroq, oradan biroz payt o‘tib birinchi buyurtma kelib tushdi va uni o‘zlari shaxsan taksida yetkazib berishdi. Hamma narsa mijozning ko‘nglidan chiqdi. O‘sha kunning o‘zidayoq yigitlar birinchi pullarini olishdi. Afsuski, birinchi buyurtmadan so‘ng, 4 hafta davomida hech kim ularga murojaat qilgani yo‘q. Bu vaqtda Dilmurodning sherigi o‘z istiqbollarini ko‘rmaganligi va o‘qish bilan band bo‘lganligi sababli jamoani tark etdi.

Natijada, Dilmurod logotipli stikerlarni o‘zi buyurtma qildi, ish modeli va strategiyasini biroz o‘zgartirdi. Endi uning startapi gullarni yetkazib berish bilan bir qatorda mijozlarni ham bayram kunlari tabriklashni o‘z zimmasiga oldi. Gul, o‘yinchoq, shokolad va she’rlar bilan tabriklash pullik xizmatlar to‘plamiga kiritildi.

Qolaversa, u “Like va Share” usuli bilan guldastalarni yutuq sifatida o‘ynatdi. Tez orada Dilmurodga yana 2-3 ta buyurtma kelib tushdi va ularni o‘zi taksida yetkazib berdi, lekin bu safar mijozlar ko‘rsatilgan xizmatdan qoniqmadilar. Shu vaziyatdan so‘ng, u guldastalarning sifati va narxi uchun javobgar bo‘lmasligi kerakligini tushundi hamda yetkazib berish uchun mahsulot tanlayotganda, ba’zi mahsulotlar tezda buzilib ketishi va bu esa ish yuritishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini tushunib yetdi.

Keyinchalik u gul do‘konlarining agregatorini yasashga va tranzaksiya orqali pul ishlashga qaror qildi. Ammo agregator bilan muammo yuzaga keldi. Bu yerda “deadlock” mavjud - yopiq doira. Hamkorlarga (sotuvchilarga) ega bo‘lish uchun sizga ko‘plab mijozlar kerak; ko‘p mijozlarga ega bo‘lish uchun ko‘plab hamkorlaringiz bo‘lishi kerak. Afsuski, ushbu muammoni loyihaning marketingiga ko‘p miqdordagi mablag‘ sarflash yo‘li bilan hal qilish mumkin edi. Lekin Dilmurodda bunday imkoniyat bo‘lgani yo‘q.

Dilmurod o‘qishi va jamoaning yetishmasligi, pul va tajribasi yo‘qligi sababli loyihani to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Oxirida, Dilmurod nimalarga erishdi:

1) Tajriba.

Biznesni qanday boshlash mumkin, nimalarga e’tibor berish kerak va umuman biznesni yaratish uchun nimalar kerak.

2) Jamoa.

Amaldagi loyihani tashlaB ketgan do‘sti bilan Dilmurod bir nechta loyihalarni amalga oshirishga ulgurdi.

3) Kommunikasiya.

Asosiy muzokaralarni olib borish, mahsulotni reklama qilish va sotishni o‘rgandi.

Dilmurodning xulosalari quyidagicha:

1)  Loyihani boshlash uchun yoki hech bo‘lmaganda davom ettirish uchun sizga boshlang‘ich kapital kerak.

2)  Avvalo jamoa kerak. Bu juda muhim.  Bir xil ko‘z-qarashga ega va ma’lum bir sohada ishlash istagidagi mutaxassislar asqatadi.

3)  O‘zingizning kuchli brendingiz yoki yaxshi marketing strategiyangiz va loyihangizni amalga oshirish uchun asosiy mablag‘ingiz bo‘lsa gina biznesingiz uchun agregator yarating.

4)  Agar siz yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullansangiz, unda sizda albatta kurerlar bo‘lishi kerak. Shuningdek, tezda aynib ketadigan mahsulotlarni tanlamagan maqul.

Loyiha havolasi: https://www.facebook.com/lepest0ck

Endilikda mutaxassisimiz startaplar bilan bog‘liq bo‘lgan hikoya va muvaffaqiyasizliklar bilan bo‘lishib boradi. Davomini kuting!

2021-01-18