IT Park axborot texnologiyalari sohasida oliy maʼlumot yoki diplomsiz ham muvaffaqiyatga erishgan bir qator oʻzbek IT-mutaxassislari bilan suhbatlashdi.
Maqolani oʻqish uchun 10-15 daqiqa vaqtingizni ajratgan holda siz IT bilan til topishish qiyin emasligini, qolaversa uning yordamida yaxshi daromad qilish mumkinligini va diplom shart emasligini tushunib yetasiz!
Biz intervyu olgan birinchi ekspert – Nazima Halilova, 33 yoshda va bir necha yildirki IT sohasida faoliyat yuritib keladi. Hozirda u frilanser. Uning oʻrtacha oylik daromadi 700$ ni tashki qiladi.
- Qanday qilib IT sohasiga kirib keldingiz?
- 14-15 yoshimda, internet hali almisoqdan qolgan chiyillagan modemlarda ishlagan paytlari qoʻlimga “Dreamweaver” dasturi tushib qoldi va shu ondan men nimadir qilishni boshladim. Albatta boshlanishiga hammasi juda joʻn narsalar edi, flesh animatsiyalar qilishga harakat qilardim va shunga oʻxshash narsalarga “kasal” boʻlgandim. Lekin hayot barchasini oʻzgartirib yubordi. Men vaqti-vaqti bilan goh IT sohasini tashlab ketardim, goh yana qaytib kelardim va har safar yoki oʻqishim, yoki yashashimga toʻgʻri kelardi. Ota-onamdan ancha erta ajraganim tufayli oʻzimni oʻzim taʼminlashimga toʻgʻri kelardi. Menga bir necha qator yozganimdan keyin xuddi yangi farzandni dunyoga keltirgan singari barchasi jonlanishi yoqardi.
- Dasturlashni qayerdan oʻrgangansiz?
- Asosan oʻzim, sinab koʻrish va xatolar metodikasi orqali oʻrganganman, keyinroq Youtube paydo boʻldi, kitoblar oʻqirdim, tomosha qilardim, sinab koʻrardim. Shundan keyin amaliyot oʻtash uchun ishga kirdim, qaysidir joylarda doʻstlar yordamlashardi, baʼzi joylarda esa oʻzim bosh qotirardim. Biroq asosan barchasini oʻzim qilishimga toʻgʻri kelardi.
- Diplom yoki oliy maʼlumot yoʻqligi IT sohasida ish izlashda oʻz taʼsirini oʻtkazganmi?
- Bunday deb oʻylamayman. Menga kod yozish va vazifalarni yechish yoqadi, men ishlagan va amaliyot oʻtagan joylarda oliy maʼlumot haqidagi diplomning keragi boʻlmagan. Ehtimol diplom koʻproq davlat sektorida rahbarlik lavozimlarida ishlashni istaganlar uchun kerakdir, men esa u yerga harakat qilmayman. Mening unchalik boy boʻlmagan bilimlarim doimo yetarli boʻlgan: rahbarlar imkoniyatlarimni koʻra olishgan va ishga qandaydir qogʻozlarsiz ham qabul qilishgan.
- Nega siz oliygohga kirmaslikka qaror qildingiz?
- Yuqorida aytib oʻtganimdek, erta, 16 yoshimda yolgʻiz qoldim va oʻzimni moddiy tomonlama taʼminlay boshladim, shunday ekan qanaqa oʻqish haqida gapirish mumkin? Ertaga nimadir yeyish, nimadir kiyish va boshqa narsalar haqida oʻylash kerak edi. Ishlash kerak edi, mening hech kimim yoʻq edi.
- Oliygohga kirishni rejalashtirmayapsizmi?
- Yoʻq, bu vaqtni koʻkka sovurish degani. Fikrimcha, diplom bor yoki yoʻqligiga qarab baho berish – ahmoqlik. Oliy maʼlumot borligi – aql koʻrsatkichi emas.
- Ayni damda nimaga ixtisoslashgansiz?
- Hozir Wordpressʼda ishlayman, plagin va mavzular yozishni oʻrganaman, boʻsh paytimda shunchaki oʻzim uchun, tajribamni yoʻqotib qoʻymaslik maqsadida iOS uchun dasturlar ishlab chiqish bilan shugʻullanaman. IT shunday narsaki, unda doimo harakatda boʻlish lozim. Keyinchalik ishlab chiqishga oʻtishni rejalashtirganman, hozircha oʻrganyapman. Sababi developerlar koʻplab buyurtma va mablagʻga ega boʻlishadi, masalan, developer sifatida $3000 dan boshlab daromad topayotgan tanishlarim bor.
- Siz faoliyat yuritadigan sohada oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom kerak, deb oʻylaysizmi?
- Yoʻq, qoʻpol qilib aytganda, umuman kerak emas. Barchasi miyaga va bilimlarga bogʻliq, men oliygohlar kam narsa beradi, faqatgina amaliyot va xohish boʻlsa yetarli, deb hisoblayman.
- Agar sizda oʻtmishga qaytish va faoliyat sohangizni oʻzgartirish imkoni boʻlganida, uni oʻzgartirgan boʻlarmidingiz?
- Yoʻq, men aksincha, yanada koʻproq dasturlashni oʻrgangan boʻlardim, sababi fikrimcha, juda koʻp vaqtimni sevgan yumushimga emas, balki pul topish yoʻlida arzimas narsalarga sarflaganman. Shu sababli koʻp vaqtimni kodlashga bagʻishlagan boʻlardim.
Biz suhbatlashgan keyingi mutaxassisning ismi Viktor Abramov. Viktor 27 yoshda. Uning IT dunyosidagi yoʻli juda uzoq va u aynan ushbu yoʻlni tanlaganidan biror marta ham afsuslanmagan. Hozirda Viktor iTV kompaniyasida ishlaydi va oʻz daromadidan shikoyat qilmaydi.
- Qanday qilib IT sohasiga kirib keldingiz?
- Maktab paytlarimdanoq informatika darslarini yoqtirardim. HTML darsini qanday oʻtganimizni va bu menga xuddi sehr-jodudek tuyulganini yaxshi eslayman. U paytlari, maktab davrida (bu taxminan 2007-2008-yillar edi) biz sinfdoshlar bilan MMORPG janridagi oʻyinni oʻynar edik, ushbu oʻyin atrofida doimo qandaydir serverlar, majmualar koʻzga tashlanardi, ularga statistika va boshqa “foydali narsalar”ga ega qandaydir sayt biriktirilgan edi. Men uchun buning barchasi “yovvoyi oʻrmon” edi va shularning hammasi “ichkarida” qanday ishlashini tushunishni istardim.
Bir kuni xuddi shunaqa “majmua” qoʻlimga tushib qoldi. Aslida “majmua” – bu Java tilida yozilgan server dasturi. Toʻplamda ushbu ilovani qanday ishga tushirish, qanday qilib maʼlumotlar bazasini biriktirish va saytni ishga tushirish boʻyicha qoʻllanma bor edi. Albatta, buning barchasini amalga oshirish men uchun oson boʻlmadi, lekin baribir uni ishga tushirdim. “Majmua”dagi fayllarni titkilash, u nimadan tashkil topganini bilish men uchun juda ham qiziq edi. Lekin, toʻplamda taqdim qilingan sayt bilan eksperiment oʻtkazishni ham esdan chiqarmadim. U yerda men maktabdagi informatika darslarida oʻtgan barcha narsalarimiz boʻyicha amaliyot oʻtardim. Shunda men HTMLʼdan tashqari, saytda yana bir til – CSS borligini angladim. CSSʼni ilk marta koʻrganimda, mana shu dasturlash boʻlsa kerak, deb oʻyladim. Yirik miqdordagi kodlar va menga mutlaqo notanish sintaksis. Keyinroq, HTML va CSS bevosita bogʻliq ekanligini va aslida CSS saytning tashqi koʻrinishini ifodalab beruvchi til ekanligini angladim.
Biroq buning barchasi mening kollejga kirganimdan keyin yigʻishtirgan xobbilarim doirasida edi, bu 2009-yilda sodir boʻlgan. Men, afsuski, dasturchilikka emas, balki texnika mexanikaga oʻqidim, kollejni yakunlaganimdan keyin esa, boshqa tanishlarim singari ishga kirishib ketdim. Taxminan 2012-yilda farmatsevtika kompaniyasiga ishga kirdim. U yerda men Dima ismli odam bilan tanishishga muvaffaq boʻldim. Dima bir necha yildan beri ushbu kompaniyada ishlar, lekin eng qizigʻi, veb dasturlash bilan ham shugʻullanib turardi. Biz Dima bilan birga qiziqishda oʻz kasbimizni oʻzgartirishga qaror qildik, biroq u vaqtlari Toshkentda vakansiyalar juda ham oz boʻlib, asosan ish tajribasi ega boʻlganlarni qidirishardi. Shunda men dasturlashni ikkinchi marta (agar shunday deyish mumkin boʻlsa) tashladim.
- Dasturlashni qayerdan oʻrgangansiz?
- 2014-yildan boshlab oʻz oldimga maqsad qoʻydim – kasbimni oʻzgartirish, dasturchi boʻlish. Oʻz-oʻzidan oʻzimga bergan birinchi savolim: buni qayerda oʻrgatishadi? Men nima bilan shugʻullanishni istashimni aniq bilardim, shu sababli veb dasturlashni oʻrgatuvchi oʻquv markazlarni izlashni boshladim.
2014-yilda Toshkentda bunday muassasalar kamchil edi. Men uchta oʻquv markazini topdim: Micros, BePro, Proweb. Ularning ichidan Microsʼni tanladim, u ishxonamga yaqin edi. Microsʼda men bulturgi bilimlarimni takrorladim va blokli vyorstka asoslarini oʻrgandim, lekin bu yetarli emasdi. Shunda oʻqituvchi menga bir qancha Youtube kanallarini va Microsʼdagi ikkinchi kursga ham yozilishni tavsiya qildi. Ushbu kurs oʻsha paytda muhim oʻrinni egallagan mavzularni oʻz ichiga olgandi, bu – Bootstrapʼning CSS kutubxonasi va JavaScript dasturlash tili edi. Albatta, men ham shunday qildim – ikkinchi kursga ham yozildim. Lekin yana bir muammo bor edi – kurs yetarli miqdordagi oʻquvchilar yigʻilmaguniga qadar boshlanmasdi va kutib turishimga toʻgʻri keldi. Koʻnikmalarimni yoʻqotib qoʻymaslik uchun oʻqituvchim menga tavsiya qilgan Youtube kanallardan oʻzim oʻrgana boshladim. U yerda men Bootstrap va jQuery kutubxonalari bilan biroz tanishdim va CMS Wordpress haqida ozroq bilib oldim.
Roʻyxatga yozilganimdan buyon 2-3 oy oʻtgan boʻlsa-da, menga Microsʼdan sim qoqishmadi. Men yana oʻquv markaz qidira boshladim va bu safar Proweb variantida toʻxtadim. Prowebʼda meni 9 oylik kompleks oʻquv dasturi qiziqtirdi. Dastur oʻsha vaqtdagi sohada eng zarur boʻlgan bilimlarni jamlagandi. Prowebʼga yozilganimdan soʻng, Sarvarning guruhidan joy oldim.
Sarvar – yaxshi uztoz, uning darslari maʼlumotlarga boy edi. Darslar farahbaxsh va qiziqarli edi, 9 oy juda tez oʻtib ketdi. Ushbu 9 oy davomida olgan bilimlarim ITʼda karyera boshlash uchun yetarli boʻldi. Albatta, bu faqatgina shaxsiy oʻquv jarayonimning boshlanishi edi, IT sohasida esa doimo yangi bilimlarni oʻrganib borishga toʻgʻri keladi.
- Diplom yoki oliy maʼlumot yoʻqligi IT sohasida ish izlashda oʻz taʼsirini oʻtkazganmi?
- Birinchi ishimda omadim chopti. Prowebʼdagi 9 oylik kursni tugatganimdan soʻng, oʻquv markazi direktori, Georgiy, menga oʻqituvchilik vakansiyasini taklif qildi. Bu men uchun kutilmagan boʻldi, men hech qachon dars bermagan va hattoki bu qanday boʻlishini tasavvur ham qilib koʻrmagandim. Oʻqituvchim Sarvar bilan uzoq maslahatlashganimdan soʻng, bu IT sohasiga kirishim uchun ajoyib imkoniyat, degan qarorga keldim. Keyinchalik, boshqa kompaniyalardagi suhbatlarda oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi savol koʻtarilmadi.
- Nega siz oliygohga kirmaslikka qaror qildingiz?
- U paytlari menda oliygohga kirish uchun moliyaviy imkoniyat yoʻq edi va ishlashimga toʻgʻri keldi.
- Oliygohga kirishni rejalashtirmayapsizmi?
- Men bu haqida oʻylab koʻrdim, lekin menda oliygohga kirish uchun motivatsiya yoʻq. Koʻpchilikning oliy maʼlumoti “stolning oyogʻini muvozanatlashtiradi” (diplom ishlatilmay yotadi).Oʻz hayotimning 4 yilini oliygohga sarf qilishim uchun zalvarli sabab boʻlishi lozim.
- Ayni damda nimaga ixtisoslashgansiz?
- Men asosan React freymvorkida (kutubxona) veb ilovalar ishlab chiqishga ixtisoslashganman. Oxirgi qilgan yirik ishlarimdan biri Samsung va LG rusumli smart televizorlar uchun yaratilgan ilova edi.
- Siz faoliyat yuritadigan sohada oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom kerak, deb oʻylaysizmi?
- Oʻz tajribamdan kelib chiqib aytadigan boʻlsam, men ishlaydigan soha – Frontend ishlab chiqish jadal rivojlanmoqda va ishga kirish uchun suhbatlarda juda kamchilikni sizni diplomingiz qiziqtiradi, barcha avval qanday loyihalar bilan ishlaganingiz, ishlab chiqishning yangi standartlardan voqifligingizni bilishni istaydi, umuman olganda, ish beruvchi uchun sizning tajribangiz qiziq.
- Agar sizda oʻtmishga qaytish va faoliyat sohangizni oʻzgartirish imkoni boʻlganida, uni oʻzgartirgan boʻlarmidingiz?
- Avval aytganimdek, avval men IT sohasida ishlamaganman. Agar oʻtmishga qaytish va ITʼda karyerani oldinroq boshlash imkoniyati boʻlganida, unda men bunday qilmagan boʻlardim. Sababi, men tanigan shunday ajoyib insonlar bilan tanishmagan va koʻp narsalar sodir boʻlmagan boʻlardi.
“Mustaqil oʻrganuvchi” darajasidan daromadi oyiga 1,5-2 ming AQSH dollarini tashkil qiluvchi darajagacha chiqa olgan insonning ismi Igor Rijov. 22 yoshida u Express 24 kompaniyasida “Lead of Frontend” boʻlib ishlaydi.
- Qanday qilib IT sohasiga kirib keldingiz?
- Men uchun insonlar foydalanadigan narsalarni yaratish qiziq edi. Qandaydir muammolarni yechadigan, qotib qoladigan ishlarni avtomatlashtiradigan narsalar.
- Dasturlashni qayerdan oʻrgangansiz?
- Men boshqa developerlar singari mustaqil oʻrganuvchiman. Ishlab chiqish bilan maktabdagi informatika darslarida, HTML va CSS oʻtilgan vaqtlaridan beri qiziqib kelganman. Internetdan tayyor shablonlarni yuklab olganman, ular qanday tuzilganligini oʻrganganman, oʻzimga moslaganman. Biroz vaqt oʻtib esa yanada qiziqarli mashgʻulot GTA SA:MP onlayn oʻyini paydo boʻldi.
Men u yerda koʻplab doʻstlar orttirdim, biz har doim TeamSpeakʼda oʻtirib turli mavzularda suhbatlashardik. Shunday suhbatlardan birida onlayn oʻyinlar bilan bogʻliq shaxsiy loyihani yaratish gʻoyasi tugʻildi, hamma shu gʻoya haqida oʻylay boshladi, jumladan men ham.
Biz nimani ishga tushirishimizni xohlashimizni muhokama qila boshladik. U vaqtlari shunga oʻxshash barcha loyihalarning forumi boʻlardi, bu bizga ham kerak, degan qarorga keldik. Standart forumni oʻz mavzumizga moslashtirishimiz kerak edi va men HTML/CSSʼni yodga olishga qaror qildim.
Ammo tez orada loyihani yopdik, sababini hozir eslay ham olmayman. Men ishlab chiqishni tashlamaslikka va boshqa loyihalarni izlashga qaror qildim, shu tarzda tasx.uz sayti dunyoga keldi.
3 oy ichida boshlangʻich bilimlar bilan men onlayn kinoteatrni ishga tushirishga muvaffaq boʻldim. Keyingi 2-3 yil ichida faqat shu sayt bilan ishladim, uni turlicha kuchaytirdim, mavjud yechimlarni optimallashtirdim. Kollejni yakunlaganimdan soʻng, oʻqish yoki ishdan birini tanlash vaqti keldi. Ikkinchisini tanladim, sababi kollejni tamomlaganimdan keyin bir tanishim ularda suhbatdan oʻtishimni taklif qildi va men rozi boʻldim. Shunday qilib men birinchi rasmiy ishimga joylashdim. U yerda koʻp tajriba va bilimga ega boʻldim. Taxminan 1,5 yildan soʻng ish joyimni oʻzgartirdim. Meni Express 24ʼdagilarga tavsiya qilishdi va meni suhbatga taklif qilishdi. U yerda uch yildan beri ishlamoqdaman. Koʻnikmalarimni rivojlantirishda davom etmoqdaman, oʻzimni menejmentda sinab koʻryapman.
- Diplom yoki oliy maʼlumot yoʻqligi IT sohasida ish izlashda oʻz taʼsirini oʻtkazganmi?
- Dasturchi boʻlib ishlagan paytimda faqatgina bir marta, Aviasalesʼdagi suhbatda oliy maʼlumot haqida gap ketgan. “Mezana” ishchi vizasi olish uchun kerak (Aviasales ofisi Pxuketeda joylashgan). Lekin agar sizda yetarli darajada rasmiy ish tajribasi bor boʻlsa, unda oliy maʼlumotsiz ham amallasa boʻladi.
- Nega siz oliygohga kirmaslikka qaror qildingiz?
- Men kollej davridayoq daromad olib keladigan loyihalarimni ishlab chiqishni boshlaganman: onlayn kinoteatrlar, oʻyin serverlari, frilans va boshqalar. Oʻqishni tamomlaganimdan soʻng meni tezda yaxshi ishga qabul qilishdi, oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom hech qayerda kerak boʻlmadi.
Odamlar hayotining 5 yilini oliygohni yakunlaganidan soʻng muvaffaqiyatli karyera qilish ilinjida sarflaganini va natijada ish topa olmaganini koʻrdim. Bu meni ruhlantirdi, men mustaqil rivojlanishga qaror qildim.
Oʻqish hech qachon kechikmaydi, diplomni istagan vaqtda olish mumkin, deyishda-ku odatda.
- Oliygohga kirishni rejalashtirmayapsizmi?
- Ehtimol, qachondir kirarman. Vaqti bilan matematika va geometriya boʻyicha bilimlarga ehtiyoj sezaman, buni hal qilishni istardim.
- Ayni damda nimaga ixtisoslashgansiz?
- Servislardagi mijozlar qismini ishlab chiqishni boshqaraman, tarmoqni avtomatlashtiraman, texnik hujjatlarni tekshiraman. Mening qoʻl ostimda uchta kichik jamoa bor: Web, Android, iOS.
- Siz faoliyat yuritadigan sohada oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom kerak, deb oʻylaysizmi?
- Subyektiv ravishda oliy maʼlumot hech qanday “galochka” bermaydi, deb hisoblayman. Hozir internetda barcha maʼlumotlar mavjud, xohish boʻlsa qiziqtirgan mavzularni topish va oʻrganish mumkin.
- Agar sizda oʻtmishga qaytish va faoliyat sohangizni oʻzgartirish imkoni boʻlganida, uni oʻzgartirgan boʻlarmidingiz?
- Yoʻq, bu haqida hech qachon oʻylab koʻrmaganman. Balki doim developer boʻlib qolmasman, ammo har doim ITʼda boʻlaman. Bor kuchim bilan odamlarni ushbu sohaga jalb qilishga harakat qilaman, “kirish”ga koʻmaklashaman. Jamoamda shaxsan oʻzim dasturlashga kirishga ruhlantirgan developer ishlaydi. Boshlangʻich bilimlarni kurslarda olgan, keyin uni oʻz jamoamga qabul qilganman.
Shunday qilib, koʻngilda boʻlsa bir yil ichida bilimlarga ega boʻlish va seni yanada mukammallashtiruvchi yaxshi ishga joylashish mumkin. Mendagi xobbi ishga aylandi – bu menga yoqadi.
Bizning navbatdagi ekspert – Maksim Stifeyev. 2015-yilda buyon IT sohasida. IT Parkʼda bosh developer lavozimida ishlaydi. Oʻz daromadi haqida Maksim shunday deydi: “Ayni damda va shuningdek kelajakda ham IT sohasida daromad bor va u juda yaxshi koʻrinishda. Oila qurish, farzand oʻstirish, yirik xaridlar uchun jamgʻarish va oilangni hamda oʻzingni siylash uchun ham yetarli.
- Qanday qilib IT sohasiga kirib keldingiz?
- Hali yosh boʻlgan paytlarim onlayn oʻyinlar bilan ovunish davri boʻlgan. Men konstruktorda klanimiz uchun sayt yaratganman. Shuningdek, futbol jamoasi muxlislari uchun sayt qilganman, bu hammasi kodlardan xoli, shunchaki sichqoncha bilan elementlarni siljitish orqali boʻlgan. Kodni ochgan paytimda, bu qandaydir qoʻrqinchli va tushunarsiz narsa deb oʻyladim va unga aralashmay qoʻyaqoldim, tashladim va musiqa bilan shugʻullandim. Institutga kira olmaganimdan soʻng zavodga ishga joylashdim. Boshida juda ham yoqdi, ammo keyinroq, u yerda istiqbol yoʻqligini anglaganimdan soʻng, oʻz hayotimda keskin burilish yasashga qaror qildim va dasturlash bilan jiddiy shugʻullana boshladim.
- Dasturlashni qayerdan oʻrgangansiz?
- Dasturlashni oʻrganishga qaror qilganimdan soʻng, men kitoblar oʻqishni va internetda roliklar koʻrishni boshladim. Lekin bu yetarli boʻlmagani tufayli, har qanday holatda tajribali uztoz kerak, men oʻz bilimlarimni mustahkamlash uchun oʻquv markaziga bordim. Ularning dasturini men juda tez oʻrgandim va bu mening karyeramga kattakon turtki boʻldi. Shuningdek, men internetdagi turli pullik kurslarda oʻqidim, lekin u yerda chuqurlashtirilgan bilimlarga ega boʻldim. U vaqtlari dasturlash boʻyicha yaxshi kurslar juda ham kam edi. Hozir bu bilan bogʻliq holat ancha yaxshi, internet orqali juda koʻp foydali maʼlumotlarni topsa boʻladi.
- Diplom yoki oliy maʼlumot yoʻqligi IT sohasida ish izlashda oʻz taʼsirini oʻtkazganmi?
- Men ishlagan kompaniyalardagi suhbatlarda diplom soʻrashmagan, faqatgina tajriba va men qilgan loyihalarga qarashgan. Bir kompaniyada mendan diplom soʻrashgan, lekin hattoki diplomsiz ham meni lavozim oshishi imkoniyatisiz ishga olishgan.
- Nega siz oliygohga kirmaslikka qaror qildingiz?
- Men kirgandim, birinchi yili kira olmadim, ikkinchisida esa moliyaviy muammolar tufayli ota-onamni 4-5 yil kontrakt toʻlash uchun urintirgim kelmadi.
- Oliygohga kirishni rejalashtirmayapsizmi?
- Yoʻq, endi rejalashtirmayapman, sababi hammasi ajoyib ketmoqda.
- Ayni damda nimaga ixtisoslashgansiz?
- Asosan Backend ishlab chiqish, biroq Frontend bilan ham toʻqnashib turaman.
- Siz faoliyat yuritadigan sohada oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom kerak, deb oʻylaysizmi?
- Oʻylaymanki, yoʻq. Faqat davlat tashkilotlarida sizdan diplom soʻrashlari mumkin, lekin diplomsiz ham ishga olishlari mumkin. Odatda, koʻnikma hamda tajribaga qaraydilar.
- Agar sizda oʻtmishga qaytish va faoliyat sohangizni oʻzgartirish imkoni boʻlganida, uni oʻzgartirgan boʻlarmidingiz?
- Albatta bunday xayol kelib turadi, lekin hayotim qay tarzda oʻzgarib ketgani va aynan shu narsa sodir boʻlgan davr menga yoqadi. Shu sababli, men hech nimani oʻzgartirmagan boʻlardim.
Bularning barchasi eng ishonchli va toʻgʻri boʻlgan qarorni qabul qilgan insonlar muvaffaqiyatining kichik tarixi edi. Ularning hayoti agarda boshqa yoʻlni tanlashganida butunlay oʻzgacha koʻrinish olishi mumkin edi.
Yuqoridagi barcha insonlar – qanday vaziyatlarga duch kelishingdan, oliygohni tugatgan yoki tugatmagan boʻlishingdan qatʼi nazar, senda oʻzingni ITʼda sinab koʻrish va oliy maʼlumotlilardan kam boʻlmagan miqdorda daromad topish imkoniyati borligining yaqqol misolidir.
Biz hech qachon oliy taʼlimga qarshi emasmiz, sababi, oliy maʼlumot juda koʻp ustunliklar beradi, deb hisoblaymiz. Har bir talaba duch keluvchi “netvorking” yoki talabalik hayotining oʻzi ham katta ahamiyatga ega. Aksincha, har doim imkoniyatlarni qoʻyib yubormagan holda izlanish, sinab koʻrish, tavakkal qilish lozim.
Biroq agar oliygoh bilan omading kelmasa, bu – hayot oʻz yakuniga yetdi degani emas. Hayotingdagi aynan shu davr (agar oliygohga kira olmasang) senga chakki boʻlmagan “netvorking”, yirik hajmdagi bilimlar va albatta munosib foyda keltiruvchi ulkan va maroqli IT dunyosiga joʻnash nuqtang boʻlishi mumkin.
Biz intervyu olgan insonlar singari misollar yurtimizda oz emas. Biroq ishonamizki, yaqin kelajakda ular yanada koʻpayib boradi. Axir aynan shuning uchun IT Park barcha sharoitlarni yaratmoqda va qoʻlni-qoʻlga bermay, zoʻr berib ishlamoqda.
Doimo tanlov imkoniyati bor, doimo xavf bor va doimo muqobil variant bor. Sening holatingda esa oliygohning muqobil varianti – IT sohasi boʻlishi mumkin.
2020-08-10