Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt va ilg‘or hisoblash texnologiyalari markazi ochiladi

IT Park Uzbekistan va IT Park’ning Qoraqalpog‘istondagi mintaqaviy filiali vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov boshchiligida Xitoyning “Shanghai LinkWise Data Intelligence Co., Ltd.” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tashrif Raqamli texnologiyalar vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha loyihalar ofisi tomonidan, O‘zbekiston energetika vazirligi ko‘magida tashkil etildi. Tomonlar hamkorlik istiqbollari hamda mintaqada yirik data-markaz qurish loyihasini muhokama qildilar. Muzokaralar yakunida O‘zbekistonda “LINKWISE LLC” nomli sho‘ba kompaniya tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. U sun’iy intellekt va yuqori unumli hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi operatori sifatida faoliyat yuritadi.

Shanghai LinkWise Data Intelligence Co., Ltd. — sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar (big data) sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi xitoy kompaniyasi. Kompaniya 10 yildan ortiq vaqt davomida sanoat, transport, sog‘liqni saqlash va raqamli xavfsizlik sohalarida qo‘llaniladigan texnologiyalarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. “LinkWise” dunyoning yetakchi ilmiy markazlari — “Stanford University” va “MIT” bilan hamkorlik qiladi hamda Xitoyning milliy texnologik tashabbuslarida faol ishtirok etadi.

Uchrashuv doirasida xitoylik mutaxassislar Qoraqalpog‘istonda ilg‘or GPU texnologiyalari va energiya tejamkor data-markazlar asosida ishlaydigan yangi avlod yirik hisoblash markazini qurish rejalari bilan o‘rtoqlashdilar. Loyiha doirasida birinchi bosqichda 700 million dollarga yaqin sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan bo‘lib, qurilish ishlari 2026-yilda boshlanadi. Ikkinchi bosqich uch yil davom etadi va unga qo‘shimcha ravishda 2,8 milliard dollarigacha investitsiya kiritilishi ko‘zda tutilgan. Barcha bosqichlar yakunlangach, markazning umumiy quvvati 300 megavattni tashkil etadi, bu esa uni Markaziy Osiyodagi eng yirik data-markazlardan biriga aylantiradi.

Shuningdek, tashrif davomida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi va xitoylik hamkorlar kelgusidagi kompleks uchun joy tanlash maqsadida joylarga chiqishdi. Qurilish maydonlarini ko‘zdan kechirish natijasida loyihani Taxiatosh tumanida, Taxiatosh IES yaqinida joylashtirishga qaror qilindi. Bu joy markazni barqaror energiya bilan ta’minlash imkonini beradi.

Yangi markaz Markaziy Osiyoda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun muhim platformaga aylanadi. U yirik til modellarini o‘qitish, bulutli xizmatlar va ma’lumotlarni saqlash tizimlarini rivojlantirish, shuningdek, ma’lumotlarni ishonchli himoya qilish imkoniyatlarini taqdim etadi. Loyihada zamonaviy energetika yechimlari, jumladan, vodorod qurilmalari hamda shamol va quyosh energiyasi kabi qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish rejalashtirilgan.

Markazning qurilishi IT, muhandislik va ilmiy tadqiqot sohalarida yuzlab yangi ish o‘rinlarini yaratadi. Bu loyiha yosh kadrlarni tayyorlash va mintaqaning ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish uchun turtki bo‘ladi. Bu ayniqsa Qoraqalpog‘iston uchun muhim, chunki mintaqada hozirda yangi texnologik ekotizim shakllanmoqda.

IT Park Uzbekistan va “Shanghai LinkWise Data Intelligence” o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekistonning jahon texnologiya hamjamiyatiga integratsiyalashuvi uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Loyihaning amalga oshirilishi mamlakatning raqamli texnologiyalar bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi, yirik xalqaro investitsiyalarni jalb etishga hamda sun’iy intellekt va yuqori samarali hisoblashlar sohalaridagi salohiyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.

2025-11-04