Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellektga asoslangan yangi avlod data-markaz quriladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlaydigan va ilg‘or sun’iy intellekt texnologiyalari bilan jihozlangan zamonaviy data-markaz qurilishi rejalashtirilmoqda.

Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Xitoy va Tayvandan tashrif buyurgan “Guorui Group” va “Supermicro” kompaniyalari o‘rtasida imzolangan 130,9 million dollarlik investitsiya bitimi doirasida amalga oshiriladi.

Uchrashuvda IT Park Uzbekistan va uning Qoraqalpog‘istondagi filiali vakillari ishtirok etib, loyiha koordinatorlari va tomonlarning o‘zaro hamkorligi uchun platforma vazifasini bajardilar.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun sun’iy intellekt va raqamli infratuzilma sohasiga investitsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan maxsus rejim joriy etilgan. Hujjatga muvofiq, ma’lumotlar markazlari qurilishiga 100 million dollardan ortiq investitsiya kiritadigan kompaniyalarga IT Park Uzbekistan imtiyozlari, import uskunalarini bojxona to‘lovlaridan ozod qilish, shuningdek, elektr energiyasi uchun maxsus tarif — bir kilovatt-soat uchun 5 sent beriladi.

IT Park Uzbekistan vakillari ta’kidlaganidek, Prezident tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar allaqachon real natijalar bermoqda: xalqaro texnologik kompaniyalar O‘zbekistonga faol sarmoya kiritishni boshladilar va mamlakatni energiya tejamkor hamda innovatsion sun’iy intellekt loyihalarini joylashtirish uchun ishonchli joy sifatida baholamoqdalar.

Sanab o‘tilgan barcha kompaniyalar sun’iy intellekt uchun ma’lumotlar markazlarini qurish va ulardan foydalanishga ixtisoslashgan yetakchi xalqaro xoldinglardan biri — “Guorui Group” tarkibiga kiradi. Xolding Amerikaning “Supermicro” korporatsiyasi bilan faol hamkorlik qilib, to‘liq qayta tiklanadigan energiya manbalarida ishlaydigan loyihalarni amalga oshirmoqda. Uning tarkibiga Tayvan, Hindiston va Filippindagi sho‘ba kompaniyalari kiradi.

Muzokaralar chog‘ida “Guorui Group” vakillari Tayvanda to‘liq yashil energiyaga asoslangan birinchi sun’iy intellekt infratuzilmasi — “All-Green AI Compute Center” loyihasini taqdim etdilar. Bunday markazlar allaqachon Guamda qurilmoqda va yaqin kelajakda kompaniya o‘z faoliyatini Markaziy Osiyo mamlakatlarida kengaytirishni rejalashtirmoqda. Xolding vakillarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ma’lumotlarni qayta ishlash va sun’iy intellekt hisoblash quvvatlarini joylashtirish bo‘yicha mintaqaviy markazni shakllantirish uchun strategik mavqe va ulkan salohiyatga ega.

Delegatsiya IT Park Uzbekistan vakillari bilan birgalikda loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan Taxiatosh tumanidagi maydonchani ham borib ko‘rdi. Tashrif davomida tomonlar energiya tejamkor texnologiyalar sohasida tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, ma’lumotlar markazlarining energiya sarfini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beruvchi “Direct Liquid Cooling 2” yechimlarini joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

IT Park Uzbekistan vakillari loyihani huquqiy qo‘llab-quvvatlashdan tortib malakali mahalliy IT-mutaxassislarni jalb etishgacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda to‘liq yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

“Guorui Group” va “Supermicro” qo‘shma loyihasining amalga oshirilishi O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Ushbu loyiha mamlakatning Markaziy Osiyodagi asosiy innovatsion va texnologik markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

2025-10-29