Qoraqalpog‘istondagi maktab direktoriga “One Million Uzbek Coders” dasturi doirasida o‘quvchi tayyorlash bo‘yicha yuqori natijalarga erishganligi uchun avtomobil topshirildi

Joriy yilning 7-aprel kuni  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani 39-sonli maktab direktoriga “One Million Uzbek Coders” loyihasi doirasida bitiruvchilarni tayyorlash bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi – Spark avtomobili topshirildi.

Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sadikov, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining o‘rinbosari Otabek Davletov va boshqalar ishtirok etishdi.

Joriy yilning mart oyi oxiriga qadar www.uzbekcoders.uz portalida ro‘yxatdan o‘tganlar va loyiha doirasida tahsil olayotganlar soni 200 000 dan oshdi. Ularning 81 000 dan ortig‘i loyiha ishtirokchilari hisoblanadi hamda 50 000 tasi kurslarni tugatganligi haqida sertifikatlarni qo‘lga kiritishgan.

Platformada ro‘yxatdan o‘tganlar soni bo‘yicha viloyatlar aro Navoiy viloyati (36 000 ta ishtirokchi), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (27 574 ta ishtirokchi) va Toshkent shahri (25 572 ta ishtirokchi) bilan yetakchilik qilib kelmoqda.

Loyiha ishtirokchilarining faoliyat turlari bo‘yicha olib borilgan tahlillarga ko‘ra, ishtirokchilarning aksariyat qismini, ya’ni 7,2 foizni umumta’lim maktablari o‘quvchilari tashkil etadi. Ulardan keyingi o‘rinlarni OTM talabalari – 13,1 foiz, ishchilar – 5,8 foiz, kollej va litsey o‘quvchilari – 1,4 foiz va boshqalar – 12,5 foiz egallab turibti.

Loyiha doirasida portalda ro‘yxatdan o‘tgan eng ko‘p o‘rta maktab o‘quvchilari Navoiy viloyatiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, eng faol maktablar ro‘yxatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Namangan viloyati ta’lim muassasalarini ko‘rishimiz mumkin.

Ishtirokchilarning yosh tarkibi bo‘yicha asosiy kontingent (90% dan yuqori) 13-34 yoshdagi yoshlarni tashkil etadi. Yosh tarkibi quyidagicha: 12 yoshgacha – 2 779 ta ishtirokchi (1,3%), 13-17 yosh – 108 299 ta ishtirokchi (53,1%), 18-24 yosh – 47 393 ta ishtirokchi (23,3%), 25- 34 yosh – 30 522 ta ishtirokchi (15%), 25-44 yosh – 11 078 ta ishtirokchi (5.4%), 45-64 yosh (3740 ta ishtirokchi (1.8%), 65 yoshdan yuqori – 72 ta ishtirokchi.

Mazkur tadbir boshqa viloyat direktorlari va o‘qituvchilari uchun “One Million Uzbek Coders” platformasi doirasida maktab o‘quvchilari va talabalarga yaxshi ta’lim berish va ushbu dasturni ommalashtirishda yaxshi motivatsiya bo‘ladi.


2021-04-07