Quvayt delegatsiyasi IT Parkda: investitsiyalar va IT-iste’dodlarni rivojlantirish

Toshkentda IT Park rahbariyati Shayx Abdulla Muhammad Al Sabah boshchiligidagi “Action Group Holdings” (Quvayt) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida IT-autsorsing sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, investitsiya imkoniyatlari, venchur kapitalini rivojlantirish va O‘zbekiston IT-kadrlarining salohiyati muhokama etildi.

Bu nima uchun muhim?

“Action Group Holdings” (AGH) Quvaytning eng yirik konglomeratlaridan biri bo‘lib, IT, investitsiya, ko‘chmas mulk, ta’lim, logistika va konsalting kabi turli sohalarda faoliyat yuritadi. Bugungi kunda “AGH” Yaqin Sharq, Yevropa va Avstraliyaning 10 dan ortiq mamlakatlarida ish olib bormoqda va 36 dan ortiq millatga mansub 2000 nafardan ziyod xodimga ega. Guruhning Quvaytdagi bosh qarorgohidan tashqari, “AGH” ikkita mintaqaviy ofisga ega: biri Ummon va yana biri Avstraliyaning Melburn shahrida joylashgan.

1993-yilda asos solingan “EBLA Computer Consultancy” korporativ dasturiy yechimlarni ishlab chiqish va joriy etishga ixtisoslashgan Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi yetakchi IT-kompaniya hisoblanadi. Kompaniya Quvayt, Qatar, BAA (Abu-Dabi va Dubay)da o‘z ofislariga ega bo‘lib, yirik davlat va korporativ tuzilmalarga xizmat ko‘rsatadi. 300 nafardan ortiq yuqori malakali mutaxassislarni o‘z safida jamlagan “EBLA” butun mintaqa bo‘ylab yirik IT-loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda, shuningdek, tadqiqotlar, yangi texnologiyalar va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga faol sarmoya kiritmoqda.

Uchrashuvning asosiy mavzulari

IT-iste’dodlarni rivojlantirish — “Action Group Holdings” vakillari axborot texnologiyalari sohasida o‘zbekistonlik mutaxassislarning yuqori malakasini e’tirof etib, kompaniyaning O‘zbekistondagi bo‘lajak jamoasi uchun IT-kadrlardan foydalanishga qiziqish bildirdilar.

“EBLA Computer Consultancy” bek-ofisining ochilishi — delegatsiya “Action Group Holdings” sho‘ba korxonasi bo‘lgan “EBLA” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekistonda bek-ofis tashkil etish niyatini bildirdi. Uchrashuvda ushbu jarayonning huquqiy va logistik jihatlari muhokama qilindi.

Venchur fondlari va startaplar bilan hamkorlik — ishtirokchilar investitsiyalar va texnologik almashinuvlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan O‘zbekiston venchur fondlari va startaplari bilan hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.

Keyingi qadamlar

Tomonlar investitsiyaviy imkoniyatlar va hamkorlik dasturlarini batafsil ishlab chiqish uchun qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar.

“Action Group Holdings” va “EBLA Computer Consultancy” bilan hamkorlik o‘zbekistonlik IT-mutaxassislari uchun yangi imkoniyatlar ochib, venchur ekotizimini rivojlantirishga hissa qo‘shadi va O‘zbekistonning mintaqaviy IT-hab sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi. IT Park hamkorlikda ishlash va mamlakatning texnologik salohiyatini rivojlantirish uchun jahon IT-sanoati yetakchilarini jalb qilgan holda xalqaro hamkorlikni kengaytirish ustida faol ish olib bormoqda.

2025-03-21