2025-yil 7-may kuni IT Park Uzbekistan’da IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov va Jahon banki vakillari ishtirokida bir qator amaliy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Birinchi sessiyada joriy loyihalarning borishi, missiyaning asosiy ustuvor yo‘nalishlari hamda e’tibor va investitsiyalarni talab qiladigan yangi yo‘nalishlar muhokama etildi. Raqamli texnologiyalar sohasidagi tashabbuslarni yanada rivojlantirish uchun kelishilgan strategiyani ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikkinchi sessiya davomida tomonlar ITES sektori kompaniyalarini rag‘batlantirish choralari, “Rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘llanma”ni yangilash, tasdiqlash va to‘lov agentlari bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlari, shuningdek, ITES strategiyasini amalga oshirish doirasida joriy ehtiyojlarni hisobga olgan holda loyihani qayta tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Keyingi bosqichda IT Park, Jahon banki va “Aloqabank” ATB vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va hududlarda startap-inkubatsiyani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishda idoralararo va xalqaro hamkorlikning muhimligini yana bir bor ta’kidladi. IT Park milliy va global tashabbuslar doirasida IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish va barqaror texnologik muhitni shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettiradi.
2025-05-07