Raqamli texnologiyalar vaziri Janubiy Koreya elchisi bilan uchrashuv o‘tkazdi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Janubiy Koreyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida raqamli texnologiyalar sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida raqamlashtirish yo‘nalishida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uni yanada rivojlantirish istiqbollari katta ahamiyat kasb etadi.

Elchi yaqinda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Davlat xizmati forumi haqida ijobiy fikr bildirib, elektron hukumat sohasida O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni tobora yaxshilanib borayotganini alohida e’tirof etdi.

Uchrashuvda Koreya – O‘zbekiston raqamli markazi loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Elchi ushbu loyiha doirasida erishilgan natijalarni yuqori baholab, uni kelgusida yanada kengaytirish zarurligini qayd etdi. Vazir esa markaz faoliyati mamlakatimizda elektron hukumatni rivojlantirish va xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Sherzod Shermatov raqamlashtirish sohasida 2030 yilga qadar O‘zbekistonni jahonning TOP-30 davlatlari qatoriga kiritish maqsad qilinganini bildirdi. U bu maqsadlarga erishishda Janubiy Koreya bilan yaqin hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligini qayd etdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Koreyaning yetakchi IT kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish masalalari va bu borada elchixonaning ko‘magi muhim ahamiyatga ega ekani muhokama qilindi.

Shu bilan birga, INHA universiteti faoliyatini yanada rivojlantirish va uning ta’lim sifatini oshirish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

2025-07-25