Raqamli texnologiyalar vazirining EPAM Systems rahbari bilan uchrashuvi

O‘zbekiston  Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov EPAM Systems kompaniyasi asoschisi, prezidenti va direktorlar kengashi raisi Arkadiy Dobkin bilan uchrashdi.

Kun tartibida axborot texnologiyalari sohasida malakali IT-kadrlar tayyorlash, isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash va yangi ish oʻrinlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda oʻzbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, IT-biznesni rivojlantirish va axborot texnologiyalari sohasida sarmoyaviy loyihalarni kengaytirish boʻyicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

EPAM Systems dunyodagi eng nufuzli IT-kompaniyalardan biridir. U 1993-yilda tashkil etilgan  bo‘lib, maxsus dasturiy ta’minotni ishlab chiqadi va axborot texnologiyalari sohasida konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.

Kompaniya Amazon, Google, IBM, Microsoft va Oracle kabi yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan hamkorlik qilgan. Shuningdek, u mijozlarga, shu jumladan, SAP kompaniyasiga ham xizmat  ko‘rsatadi. EPAM Systems shtab-kvartirasi AQShning Pensilvaniya shtati, Nyutaun shahrida joylashgan.

2019-yilda kompaniya O‘zbekistonda o‘z filialini ochdi va IT Park rezidentiga aylandi. Bugungi kunda uning dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida vakolatxonalari mavjud. Kompaniya, shuningdek, Yevropaning turli davlatlariga o‘z xizmatlarini ko‘rsatib, O‘zbekistondagi yetakchi IT-xizmat eksportchilaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda kompaniyaning 700 dan ortiq xodimi mehnat qilayotgani ularning mintaqada axborot texnologiyalari rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasini ta’kidlaydi.

2023-06-14