Raqamli texnologiyalar vazirining Namanganga tashrifi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Namangan viloyatiga tashrifi doirasida IT Parkning Namangan viloyati filiali qurilishi loyihasi va IT-maktab faoliyati bilan tanishdi.

Uchrashuvda sohadagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, viloyatda IT-texnologiyalari eksporti hajmlarini oshirish, yoshlar uchun munosib ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasida BPO va KPO markazlarini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, tashrif chog‘ida vazirga IT-maktab faoliyati haqida ma’lumot berildi va yoshlar bilan suhbat o‘tkazildi. Suhbat davomida yoshlarga yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar o‘rganilib, takliflari tinglandi.

Ma’lumot uchun, ayni paytda mazkur markazda 10 xil yo‘nalishda 170 nafar o‘g‘il-qiz, jumladan, 45 nafari ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar tahsil olmoqda.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Namangan shahrida joylashgan IT Park rezidenti “Sitelabs” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.

Korxonada 100 nafarga yaqin yoshlar yuqori maoshli ish bilan ta’minlangan bo‘lib, korxona yiliga 1 million dollarlik eksport hajmini amalga oshirishni rejalashtirgan.

“Sitelabs” turli IT xizmatlari, jumladan: IT-autsorsing, dasturiy ta’minotni joriy etish, bulutli texnologiyalar, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish kabi sohalarda faoliyat olib boradi.

Tashrif davomida vazir korxona faoliyati bilan tanishib, eksportni kengaytirish, yangi startaplarni joriy etish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha takliflar bildirdi.

2023-05-24