Regional Digital Global Bridge: Koreya kompaniyalari O‘zbekistonda hamkorlar izlamoqda

IT Park Uzbekistan Toshkent filialida Janubiy Koreyaning 11 ta texnologik kompaniyasi ishtirokida “Regional Digital Global Bridge: Connecting Uzbekistan and Korea” B2B forumi o‘tkazildi. Tadbir Koreya Respublikasi IT-sanoatini rivojlantirish milliy agentligi (NIPA) va AKTni rivojlantirish bo‘yicha Koreya uyushmasi ko‘magida tashkil etildi.  IT Park nomidan ishtirokchilarni xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova kutib oldi.  Forum davomida kompaniyalar vakillari IT Park Uzbekistan rezidentlari bilan yakkama-yakka uchrashuvlar o‘tkazib, autsorsing sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, texnologiyalar almashish va xalqaro faoliyatni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Forum doirasida Mahliyo Muksinova Janubiy Koreyaning 11 ta kompaniyasi vakillari bilan alohida uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar potensial hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini — autsorsing va raqamli yechimlarni joriy etishdan tortib, qo‘shma ta’lim dasturlari va startaplarni rivojlantirishgacha bo‘lgan masalalarni muhokama qildilar. Koreya tomoni uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi va o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarining yuqori malakasini alohida ta’kidladi.

Forum davomida Mahliyo Muksinova ishtirokchilarga samarali faoliyat tilab, xizmatlar autsorsingi sohasidagi xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi. U O‘zbekiston IT-biznesni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar, jumladan, xorijiy hamkorlar va investorlar uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini taklif etayotganini aytdi:

“Bizda Koreya bilan mustahkam aloqalar, jumladan, “KOICA” bilan uzoq yillik hamkorlik, qo‘shma ta’lim tashabbuslari va iste’dodlar almashinuvi dasturlari mavjud. Biz Koreya kompaniyalarining o‘zbek kadrlarga bo‘lgan barqaror qiziqishini ko‘rmoqdamiz va ularga ishonchli hamkorlar topish hamda mintaqaviy bozorga muvaffaqiyatli kirib borishida yordam berishga doimo tayyormiz. IT Park Uzbekistan ko‘p tilli IT-mutaxassislarning kuchli zaxirasiga ega, bu esa O‘zbekistonni xalqaro kompaniyalar uchun jozibador hamkorga aylantiradi.”

Forumda Koreyaning turli sohalardagi 11 ta kompaniyasi vakillari so‘zga chiqdi. “Brainworks” kompaniyasidan Ostin Kang sun’iy intellekt va katta ma’lumotlarni qayta ishlash tizimlari sohasidagi ishlanmalarni taqdim etdi. “iWorks” kompaniyasidan San Xyon Kim logistika va portlarni avtomatlashtirish bo‘yicha yechimlar haqida ma’lumot berdi. “SaferZone” kompaniyasidan Chang Hong Kvon va “SecuLayer”dan San Min Li axborot va kiberxavfsizlik bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. “Eficar” kompaniyasidan San Gyun Pak avtotexnologiyalarni, jumladan, transport vositalari uchun “aqlli” tizimlarni namoyish qildi.

“Sphere AX” kompaniyasidan Simpson Kim videokuzatuv platformalari va ma’lumotlar tahlili haqida so‘zladi. “Jinosys” kompaniyasidan Yon Jin Park sanoat xavfsizligi bo‘yicha yechimlarni taqdim etdi. “Tabs Company”dan Yu Sik Shin blokcheyn texnologiyalari va sovuq logistika zanjiri haqida gapirdi. “TechPLEX” kompaniyasidan Byon Xo Yun integratsiyalashgan IoT yechimlari bilan tanishtirdi. “GF” kompaniyasidan Kyung Ju Kvon va “Letsfarm”dan Yin Ji No aniq dehqonchilik tizimlarini o‘z ichiga olgan agrotexnologik ishlanmalarni taqdim etdilar. “Airsound” kompaniyasidan Min Xo Pek nutqni aniqlash texnologiyalari va ularning turli sohalarda qo‘llanilishi haqida ma’lumot berdi.

B2B-uchrashuvlari doirasida Janubiy Koreya kompaniyalari vakillari o‘z yechimlarini taqdim etib, O‘zbekiston rezident kompaniyalari bilan kiberxavfsizlik, agrotexnologiyalar, logistika, sanoatni avtomatlashtirish va raqamli xizmatlar sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Ishtirokchilar Koreya texnologiyalarini mahalliy sharoitlarga moslashtirish salohiyatini, shuningdek, mavjud IT Park ekotizimiga integratsiya qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Ishtirokchilarda IT Park Uzbekistan’ning soliq imtiyozlari, o‘sib borayotgan texnik mutaxassislar zaxirasiga kirish va eksportni qo‘llab-quvvatlash kabi imkoniyatlari alohida qiziqish uyg‘otdi. Koreya tomoni, shuningdek, startap ekotizimini rivojlantirish va IT-ta’lim sohasida O‘zbekiston universitetlari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi.

IT Park Uzbekistan tajriba almashish, ilg‘or yechimlarni joriy etish va O‘zbekiston kompaniyalarining global bozorlarga chiqishi uchun platforma yaratish orqali xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda davom etmoqda. Koreya kompaniyalari ishtirokidagi forum O‘zbekistonni mintaqaning texnologik markazi sifatida tanitish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.

2025-07-24