IT Park Uzbekistan shtab-kvartirasida xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova Ruminiyaning “Accesa” IT-kompaniyasi moliyaviy direktori Rares Breaz boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrash o‘tkazdi.
Tashrif davomida “Accesa” vakillari kompaniyaning O‘zbekistonda muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqladi va Toshkentda ofis ochish rejalarini rasman e’lon qildi.
Accesa — biznesni raqamli transformatsiya qilish sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan Yevropaning yetakchi IT-yechimlar yetkazib beruvchilaridan biri hisoblanadi. 2004-yilda Kluj-Napokda (Ruminiya) tashkil etilgan kompaniya Yevropa bozorlarida, xususan DACH mintaqasi, Buyuk Britaniya va Shimoliy Yevropa mamlakatlarida faoliyat yuritib, asosiy e’tiborini chakana savdo, ishlab chiqarish va moliya sohalariga qaratgan.
O‘zbekiston jadal rivojlanayotgan raqamli infratuzilmasi, qulay ishbilarmonlik muhiti va IT Park Uzbekistan tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash tufayli kengayish uchun strategik yo‘nalish sifatida tanlandi.
Uchrashuvda tomonlar dastlabki ishlarning natijalarini ko‘rib chiqdilar. “Accesa” kompaniyasi IT Park jamoasi ko‘magida “One-Stop Shop” (OSS) platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tish jarayonini muvaffaqiyatli yakunladi. Bundan tashqari, kompaniya yuridik va buxgalteriya masalalari bo‘yicha maslahat yordami, shuningdek ofis binolarini tanlashda ko‘mak oldi. Operatsion faoliyatga tayyorgarlik ko‘rish uchun yuridik va moliyaviy muassasalar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
“Local to Global” dasturi doirasida “Accesa” va IT Park’ning to‘rt rezident kompaniyasi — “Uzinfocom”, “UIC Group”, “Tune Consulting” va “Proximaops” o‘rtasida samarali uchrashuvlar tashkil etildi. Ushbu muzokaralarning maqsadi xizmatlarni autsorsing qilish va loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun mahalliy IT-kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatishdan iborat bo‘ldi. Mazkur hamkorlik nafaqat “Accesa”ning O‘zbekiston bozoriga muvaffaqiyatli kirishiga hissa qo‘shadi, balki o‘zbek kompaniyalariga xalqaro mijozlarga chiqish va Yevropa bozorlariga chiqish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratadi.
Toshkentda “Accesa” ofisining ochilishi 2024-yil iyun oyida boshlangan izchil muloqotning natijasi bo‘lib, Yevropa IT-kompaniyalarining O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. IT Park O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotgan xalqaro kompaniyalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonning mintaqadagi asosiy raqamli xizmatlar markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashni davom ettirmoqda.
2025-06-04