Muvaffaqiyatli IT mutaxassislari haqidagi maqolalar turkumini oliy taʼlimni 3 yil oʻqib, ota-onasining farzandini diplomli qilish istagiga qaramasdan tark etgan shaxs bilan yakunlamoqchimiz.
Ruslan Yoʻldashev — 30 yoshda, u Oʻzbekistondagi eng yuqori maosh toʻlanadigan IT mutaxassislaridan biridir. Kompyuterlarga boʻlgan qiziqish unda juda erta paydo boʻlgan. Hozirda u “MODME” MChJ kompaniyasining texnik direktori va taʼsischilaridan biri.
— Qanday qilib IT sohasiga kirib keldingiz?
- Bu sohaga ilk “kirib kelishim” 8 yoshimda boʻlgan. U paytlar Dendyʼim boʻlishini juda xohlardim. ammo dadam uning oʻrniga menga Syuborg olib bergan. Uning beysik klaviaturasi boʻlib, bir tarafdan Dendy kabi ishlardi ham. Yaʼni ikki xil rejimli edi. Men Dendy oʻynab zerikkanimda kompyuter rejimini qoʻshib beysikda yozishga harakat qilardim. Uning qoʻllamasi va harf terish uchun mashq qildiruvchisi yordamida klaviaturadan foydalanishni oʻrganganman. Shu tariqa kalkulyatorga oʻxshash dasturlar qilardim.
Keyinchalik 12-13 yoshimda qarindoshlarim odatiy desktopli kompyuter sotib olishdi. U menga juda yoqar, oʻzimda bunaqasi boʻlmagani uchun ularnikiga mehmonga borardim. Kompyuterdan foydalanish boʻyicha kitoblarimni oʻqib Paint yoki bloknotda sinab koʻrmoqchi boʻlganlarimni daftarimga yozib olardim. Va har safar mehmonga borganimda (har hafta) sinab koʻrardim. Bu mening ikkinchi marotaba kirishim edi.
Biroz vaqt oʻtib oʻzim ham kompyuterli boʻldim va 13-14 yoshimda undan unumli foydalana boshladim. Kompyuter uncha kuchli emasdi va unda oʻynash qiyin edi. Shuning uchun oʻyin oʻynashdan koʻra sayt tuzilishi, Windows ishga tushirish va dastur yaratishga qiziqqanman. Ish stolini oʻzgartiruvchi va murakkab soatlarga oʻxshash dasturlar men yaratgan birinchi boʻlgan.
- Dasturlashni qayerdan oʻrgangansiz?
- Buning uchun maxsus qayerdadir oʻqiganim yoʻq. Avval boshidanoq, kompyuterning qanday ishlashi, dastur va oʻyinlarning yaratilish tarzi meni qiziqtirib kelgan. Internet orqali oʻzimni qiziqtirgan savollarga javob topardim, nima, qanday va qay tarzda yaratilishi, ishlashi haqida maʼlumot izlab, uni amalda sinab koʻrishga harakat qilganman. Ilk dasturlarim visual basicʼda boʻlgan, keyinchalik bora-bora sayt tuzilishini oʻrgandim, uzoq yillar saytlarni sahifalash bilan shugʻullandim. Shunchaki, har bir saytga kirib dastlabki HTML va CSS kodlarini olib xuddi shunaqa qilib oʻzimnikida sinab koʻrardim. Oʻsha vaqtda taxminan 5-6 tacha shunaqa saytlarni yaratdim, baʼzilarini hech qayerga joylamaganman, chunki menga Frontend qismlarini qilish qiziqtirardi. Biroz vaqt oʻtib dasturlash tillaridan foydalanishga qoʻlim kelishib qoldi, asosan PHP dan foydalanardim. PHP da sayt yaratdim, frilans buyurtmalar tusha boshladi, forum va chatlarda anchayin faol edim. U paytlar Telegram-kanallar oʻrniga forum va chatlar boʻlar, hamma oʻshayoqda oʻzaro suhbat qurib, savol va tajriba almashardi, baʼzida turli buyurtmalar kelib qolardi.
Ilk ishlarimdanoq jiddiy kirishdim. Avvaliga help-disk kabi boʻsh vaqtlarimda kompaniyalar uchun saytlar yaratib yurdim. Keyin Toshkentdagi tashkilotlarning biriga PHP dasturchi sifatida ishga kirdim va tajribamni kuchaytirdim, bitriksda turli loyihalarni qila boshladim. Ammo PHP dan tashqari yana birorta tilni oʻrganishni istadim va natijada bitta tashkilotda Python boʻyicha stajirovka topdim. “Deep into Python” kitobini qayta-qayta oʻqib chiqdim va suhbatdan oʻtdim. Shu tariqa stajirovka orqali yana bir dasturlash tili boʻyicha koʻnikmalarimni oshirdim.
- Diplom yoki oliy maʼlumot yoʻqligi IT sohasida ish izlashda oʻz taʼsirini oʻtkazganmi?
- Ish qidirishimga hech qanday taʼsir qilgani yoʻq. Shu tufayli biror bir muammoga duch kelganimni eslay ham olmayman. Yandexʼda, Kremniy Vodiysida ishladim va hech qaysisida oliy maʼlumotim yoʻqligi muammo tugʻdirmagan. Faqat bir marta — bir Amerika kompaniyasida ishlab yurganimda, ular Qoʻshma Shtatlarga koʻchib borishimni istashdi, buning uchun H1B vizasini olishim kerak edi. Bu kasbiy vizani olishim uchun IT sohasida diplomim boʻlishi talab qilinardi. Menda esa u yoʻq edi. Bitta kompaniyada viza bilan bogʻliq bu muammoni hal qilolmadik, biroz vaqt oʻtib boshqa bir men ishlaydigan Amerika kompaniyasi mazkur savolni oʻrganib chiqdi. Biroq bu anchayin murakkab ekan va oxiri diplomsiz viza olish jarayoni shu bilan yakunlanmay qoldi.
Shuning uchun viza olish masalasida diplom hozircha kerak. Lekin vaqt oʻtib viza olish qoidalariga ham oʻzgartirish kiritiladi, deb oʻylayman, chunki IT kompaniyalari uchun diplomning u qadar ahamiyatga ega emas. Sobiq ittifoq hududi haqida gapiradigan boʻlsak, diplomingiz MDU, fiztexnika yoki Baumkiniki emas ekan, yaʼni sizda kuchli matematik yoki fizik diplomi boʻlmasa, IT kompaniyalari uchun diplomingizdan naf deyarli yoʻq.
- Nega siz oliygohga kirmaslikka qaror qildingiz?
- OTMʼda oʻqishimni ota-onam istashgan. Ulaning xohishiga koʻra oliy maʼlumot olish uchun Rossiyadagi universitetga sirtqi boʻlimga oʻqishga kirdim. Ishim va yaxshigina daromad manbayim boʻlgani uchun kunduzgi boʻlimda oʻqishni maʼqul koʻrmadim. Sirtqi boʻlim esa Oʻzbekistonda yoʻq edi, shuning uchun ham Rossiya universitetlarini tanladim. Tanlashda ham boshimni qotirib oʻtirganim yoʻq edi: birinchi uchragan — neftmexanik universitetiga oʻqishga kirdim. 3-kursgacha amallab sessiyalarni topshirar, lekin bunda hech bir naf sezmas, qilayotgan ishimga aloqador tarafini koʻrmasdim va asosan, ishim bilan shugʻullanib sessiyaga vaqt ajratmasdim. Natijada hammasini tartibga solish, imtihonlarni topshirish, oʻqituvchilar bilan muloqot qilish, universitetga borib kelishga ulgurmay qoldim va hujjatlarimni qaytarib olishga qaror qildim. Umuman olganda, bunda qandaydir muammo bor deb oʻylamayman, chunki yetarlicha tajriba orttirdim. Yagona afsuslanadiganim — universitetimizda oʻqitiladigan elektrotexnika kursi bilan yaxshi shugʻullana olmadim. Buni ham oʻrganganimda juda ajoyib boʻlar edi.
- Oliygohga kirishni rejalashtirmayapsizmi?
- 25-26 yoshdaligimda bu haqida oʻylab koʻrgandim. Hech boʻlmasa masofadan turib oʻqish niyati boʻlgan, biroq bu amalga oshmay qoldi. Ayni paytda 30 yoshimda bunga hech qanday ehtiyoj sezayotganim yoʻq. Shubhasiz, qoʻshimcha kasbiy taʼlim olaman, shuningdek onlayn-kurslarda oʻqiyman, ammo OTM da oʻqimayman.
- Ayni damda nimaga ixtisoslashgansiz?
- Oxirgi buyurtma uchun ishlagan joyim avvaliga Yandexʼda, dasturlash boʻlimi boshligʻi boʻlgan.Keyinroq AmerikaningMavrx kompaniyasida masofadan turib ishladim. Biz Аgro-tech – Viskonsin va Kaliforniya shtatlaridagi yirik boʻlmagan firmalar uchun yechimlarni ishlab chiqdik. Shundan keyin butun faoliyatimni Oʻzbekiston va oʻz loyihalarimga qaratdim. Hozirda bular koʻproq taʼlim loyihalari, platformalari, baʼzi bir loyihalar boʻyicha maslahatlar va asosan, xususiy biznes.
- Siz faoliyat yuritadigan sohada oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom kerak, deb oʻylaysizmi?
- Umuman olganda, kerak emas. Lekin shuni angladimki, kuchli dasturchi boʻlgan hamkasblarim (ularning koʻpchiligi qoʻl ostimda ishlashadi) kuchli matematik maʼlumotiga ega. Bu ayniqsa, ish jarayonida yaqqol seziladi, murakkab arxitekturalarni tuzish, yuqori yuklangan tizimlarni sozlash va boshqalarda koʻp qoʻl kelgan. Bunday fikrlash qobiliyati ularga juda koʻp yordam berdi va malakasini oshirdi. Ular matematika yoki fizika sohasiga doir MIT yoki MDU diplomiga ega. Faqatgina shunaqa hollarda diplom rostdan ham ahamiyatga ega.
- Agar sizda oʻtmishga qaytish va faoliyat sohangizni oʻzgartirish imkoni boʻlganida, uni oʻzgartirgan boʻlarmidingiz?
- Yoʻq, aslo. Avval boshidan IT sohasiga qiziqib kelishim — bu mening omadim boʻlgan. Bundan tashqari, men qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va taʼlim sohalariga qiziqaman. Bunda IT loyihalarimni shu sohalarga yoʻnaltirish orqali ikki karra qizishlarim bilan shugʻullanaman.
- Oyiga oʻrtacha maoshingiz qanchani tashkil etadi?
- Buyurtma olib ishlab yurgan paytlarimda, oylik oʻrtacha maoshim taxminan uch yarim ming dollarni tashkil etardi. Uzoq yillar shu maosh bilan ishlaganman. Eng koʻp boʻlganida oyiga besh minggacha chiqardi. Shundan soʻng oʻzimning shaxsiy loyihalarimni yaratishga kirishdim. Ayni paytda mening tadbirkorlik borasida yetarli tajribam yoʻq, shuning uchun olayotgan foydam oʻzgarib turibdi, hozirgi daromadim aniq summasini yopiq qoldirmoqchiman.
Anglab turganingizdek, oliy maʼlumot diplomi IT sohasida “oʻsishni” istagan kishi uchun ahamiyatga ega emas. Bu IT sizdan orzu va rejalaringizni roʻyobga chiqarish uchun universitet binosida yillab vaqt hamda mablagʻ sarflashni talab qilmaydigan soha ekanligining yaqqol dalilidir. It sohasi va OTM yoki ustiga zarhal harflar bilan “Diplom” deb yozilgan qizil hujjat aslo bir-biriga bogʻliq emas.
IT sohasida muvaffaqiyatga erishish kishining oʻziga bogʻliq. Bunda yuqori lavozimlarni egallash uchun otasi, onasi yoki amakisining qoʻngʻirogʻi juda ham kamlik qiladi. Zero IT sizdan aql, zehn va shaxsiy tajriba hamda koʻnikmalarni amaliyotda talab etadigan sohadir. Aynan shu tufayli ham u dunyodagi eng yuqori talabga ega sohalardan biri boʻlib bormoqda!
2020-08-21