IT Park YXHTʼning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan birgalikda yoshlar uchun bir qator tadbirlarni oʻtkazmoqdalar. Jumladan, noyabr oyida IT Park Samarqand filialida yoshlar uchun navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi va unda 83 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Seminarning maqsadi – boshlangʻich startaperlarni startap yaratishda qoʻllaniladigan asosiy vositalar va texnologiyalar bilan tanishtirishdan iborat.
Tadbir spikeri EPAM xalqaro kompaniyasining Junior Data Analyst dasturchisi Abdumalik Hoshimov boʻldi.
Abdumalik Hoshimov o‘z chiqishida mamlakatimizda startaplarning rivojlanishi va tashkil etilishi haqida batafsil soʻzlab berdi. Uchrashuv ishtirokchilari muvaffaqiyatli startap-loyihalarni yaratish haqida kerakli ma’lumotlarni oldilar, shuningdek, O‘zbekiston yoshlariga ushbu sohada taqdim etilayotgan keng imkoniyatlar haqida bilib oldilar.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.
Tadbir YXHTʼning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori koʻmagida amalga oshirilayotgan inkubatsiya dasturi doirasida o‘tkazildi.
2022-11-17