Saudiya Arabistoni va Ummon Sultonligiga tashrif natijalari: IT Park Uzbekistan mintaqaning texnologiya yetakchilari bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistoni Qirolligi va Ummon Sultonligiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida O‘zbekistonda o‘z xizmatlarini mahalliylashtirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish va startaplarni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor bo‘lgan davlat idoralari va yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Investitsiyaviy hamkorlik masalalariga, shuningdek, Yaqin Sharq bozoriga IT-xizmatlar eksportini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Elm Company: IT-xizmatlar eksporti va startap ekotizimini rivojlantirish

Saudiya Arabistoniga tashrif chog‘ida “Elm Company” xalqaro biznes bo‘yicha bosh direktori Hakim Al-Rashid bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida tomonlar qo‘shma loyihalar, xizmatlar eksporti va startap ekotizimini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Davlat xizmatlarini raqamlashtirish, O‘zbekistondagi yirik integratorlar (jumladan, UZINFOCOM) bilan hamkorlik qilish, O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritish va xizmatlar eksporti uchun “ELM” kompaniyasini IT Park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish mavzulariga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, IT Park’ning Saudiya Arabistoni bozoriga kirishi va o‘zbek startaplarini inkubatsiya, mentorlik va investitsiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Elm — raqamli yechimlar, kiberxavfsizlik, ma’lumotlar tahlili va elektron hukumat xizmatlariga ixtisoslashgan Saudiya Arabistonidagi yetakchi IT kompaniya. Kompaniya hukumat tuzilmalari bilan hamkorlik qiladi, bosh qarorgohi Ar-Riyodda joylashgan va 1000 nafardan ortiq xodimga ega.

RAM Systems: O‘zbekiston — xizmatlar autsorsingi uchun jozibador yo‘nalish

Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov “RAM Systems” bosh direktori Raid Marglani bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda, xususan, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida “RAM Systems” vakolatxonasini ochish rejalarini muhokama qildilar. IT Park rezidenti maqomini olgandan so‘ng, kompaniya soliq imtiyozlari, infratuzilma va kadrlarni tanlashda yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

RAM Systems — bosh ofisi Ar-Riyodda joylashgan Saudiya Arabistonidagi texnologiya va muhandislik kompaniyasi. U raqamli konsalting, muhandislik yechimlari, litsenziyalash va o‘qitish xizmatlarini taqdim etadi. Kompaniyada 50 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritadi, mijozlar bazasi xususiy va davlat sektorlarini qamrab oladi.

Saudi Technology Ventures: startaplarga sarmoya kiritish va venchur platformasi

Shuningdek, “Saudi Technology Ventures” (STV) venchur fondi vakillari bilan ikkita uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Birinchi uchrashuv STV bosh direktori Abdurahmon Tarazuniy bilan, ikkinchisi hamkor va operatsion director —— Luka Barbi bilan o‘tkazildi.

Muzokaralar doirasida boshqa yirik venchur fondlari, jumladan “Saudi Venture Capital” (SVC) bilan hamkorlik qilish, aloqalar o‘rnatish imkoniyatlari muhokama qilindi. “STV” IT Park’ni o‘z hamkorlariga tavsiya etish va investorlar bilan uchrashuvlar tashkil etishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

STV (Saudi Technology Ventures) 2016-yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Ar-Riyodda joylashgan. Jamg‘arma MENA mintaqasidagi sohalarni — fintech, logistika, elektron tijorat va boshqalarni o‘zgartiruvchi kompaniyalarga sarmoya kiritadi. “STV” kompaniyasi “Vision 2030” milliy strategiyasini amalga oshirishda faol ishtirok etib, Saudiya Arabistonining raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

MISA: qo‘shma tashabbuslar

Tashrifning asosiy voqealaridan biri Saudiya Arabistoni Investitsiyalar vazirligi (MISA) vakillari — xalqaro aloqalar bo‘yicha rahbar Faysal Ba Abdulla va vazirning strategik maslahatchisi Rakan Alvutayd bilan muzokaralar bo‘ldi.

Uchrashuvlar davomida tomonlar “MISA” IT Park’ga Saudiya Arabistoni kompaniyalari va tashkilotlari bilan aloqa o‘rnatishda yordam berishiga kelishib oldilar. Shuningdek, tomonlar o‘yin va kreativ sanoatni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. “MISA” O‘zbekistonda o‘yin ishlab chiqish sohasi faol rivojlanayotgani va ulkan salohiyatga ega ekanligini ta’kidlab, hamkorlar topish va ushbu yo‘nalishlarga investitsiyalarni jalb qilishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

MISA — Qirollikda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul bo‘lgan markaziy davlat organi. Vazirlik iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

NEOM: innovatsiyalar almashinuvi va qo‘shma loyihalarni ishga tushirish

Shuningdek, IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov “NEOM” innovatsiyalar bo‘yicha rahbari Uayatt Roy bilan uchrashdi. Tomonlar startap ekotizimini rivojlantirish, qo‘shma akseleratsiya dasturlarini o‘tkazish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

“NEOM” startaplari va IT Park rezidentlari o‘rtasida tajriba almashish, shuningdek, “GITEX”, “LEAP” va “Web Summit” kabi xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish imkoniyatlari alohida ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, soliq imtiyozlari va malakali kadrlar imkoniyatlaridan foydalangan holda “NEOM” uchun R&D guruhlari va dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarini O‘zbekistonda joylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

NEOM — Saudiya Arabistonidagi 500 milliard dollarlik aqlli shahar va iqtisodiy zona loyihasi. U butunlay qayta tiklanadigan energiya bilan ishlaydi va sun’iy intellekt, robototexnika, biotexnologiya va aqlli mobillik kabi yo‘nalishlarda ilg‘or texnologiyalardan foydalanib, ularni rivojlantiradi. “NEOM” kompaniyasi “Vision 2030” strategiyasining asosiy loyihalaridan biri bo‘lib, Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi (PIF) tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Xpence: fintech xizmatlarini rivojlantirish va O‘zbekistonning eksport salohiyati

Tashrif doirasida Abdulaxad Kuchkarov “Xpence” kompaniyasining tijorat masalalari bo‘yicha direktori Zeyn Ansari bilan uchrashdi. Joriy hamkorlik va kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

“Xpence” O‘zbekistonda o‘z ofisini ochish va soliq imtiyozlari hamda infratuzilmadan foydalanish imkoniyatiga ega rezident maqomini olib, faoliyatini boshlashni rejalashtirmoqda. Uchrashuvda O‘zbekistonda eksportga yo‘naltirilgan model yaratish, xalqaro mijozlar bilan ishlash uchun mahalliy jamoani yollash va kengaytirish, shuningdek, mamlakatni mintaqaviy fintech xizmatlari markazi sifatida targ‘ib qilish rejalari muhokama etildi. “Raqamli O‘zbekiston” dasturi doirasida qo‘shma tashabbus va sheriklik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Kompaniya IT Park’ning Saudiya Arabistonidagi vakolatxonasi faoliyatiga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Xpence — MENA mintaqasidagi startaplar, kichik va o‘rta korxonalar, shuningdek, frilanserlar uchun mo‘ljallangan raqamli biznes-banking platformasi. Kompaniya BAA, Saudiya Arabistoni, Bahrayn va O‘zbekistonda faoliyat yuritib, xarajatlarni boshqarish yechimlari, korporativ kartalar va raqamli bank xizmatlarini taklif etadi.

Sadq Solutions: LegalTech va xalqaro bozorlarga kengayish

Shuningdek, IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov “Sadq Solutions” hammuassisi va bosh direktori Abdulla Allohuo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda kompaniyaning Markaziy Osiyo bozoriga kirishi va IT Park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tishi istiqbollari muhokama qilindi.

IT Park “Sadq Solutions” kompaniyasiga O‘zbekistonda ofis ochishni va soliq imtiyozlaridan foydalanishni taklif etdi. Mamlakatda xalqaro mijozlarga LegalTech xizmatlarini ko‘rsatish uchun dasturchilar va qo‘llab-quvvatlash mutaxassislari jamoasini tuzish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Bunday yondashuv kompaniyaga operatsion xarajatlarni kamaytirish, malakali kadrlarni jalb qilish va xizmatlarni global bozorga eksport qilish imkonini beradi.

Sadq Solutions — yuridik soha uchun aqlli yechimlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan Saudiya Arabistonidagi kompaniya. U huquqiy ekspertizani texnologik innovatsiyalar bilan uyg‘unlashtirib, yuridik firmalar, korporativ mijozlar va xususiy foydalanuvchilar uchun raqamli vositalarni taqdim etadi.

Rowad Business Holdings: O‘zbekiston bozoriga kirish

Bundan tashqari, Abdulaxad Kuchkarov “Rowad Business Holdings” kompaniyasi egasi va bosh direktori doktor Sulton Al-Xureyji bilan uchrashdi. Tomonlar mahalliy bozorda xizmatlar ko‘rsatish uchun O‘zbekistonda kompaniya ochish rejalarini muhokama qildilar. Doktor Sulton mamlakatda biznesni rivojlantirishga qiziqish yuqori ekanligini ta’kidlab, yaqin kelajakda faoliyatni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.

Rowad Business Holdings — Saudiya Arabistonining qulay biznes muhitini yaratish va barqaror o‘sishni ta’minlash uchun integratsiyalashgan platforma taqdim etuvchi investitsiya kompaniyasi. Kompaniya o‘z mijozlarining muvaffaqiyati uchun keng resurslar va mutaxassislar tarmog‘idan foydalangan holda innovatsiyalarni joriy etish va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratadi.

Ejaro: avtomobil ijarasi sohasida yangi imkoniyatlar

Shuningdek, Abdulaxad Kuchkarov “Ejaro” bosh direktori Muhammad H. Xashoggi bilan uchrashdi. Tomonlar kompaniyaning mintaqaviy bozorda ishtirokini kengaytirish va yangi xizmatlarni joriy etish uchun O‘zbekistonda filialini ochish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Muhammad H. Xashoggi o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.

Ejaro — Saudiya Arabistoni va GCC mintaqasida avtomobil ijarasi bo‘yicha birinchi litsenziyalangan P2P platforma. Xizmat transport vositalari egalarini ijarachilar bilan bog‘lab, foydalanilmayotgan avtomobillarni daromad manbaiga aylantirish imkonini beradi. Platforma bitimlar xavfsizligi va ishtirokchilar o‘rtasidagi qulay o‘zaro aloqa jarayonini ta’minlaydi.

Ummon Transport, aloqa va AKT vazirligi: raqamli hamkorlik istiqbollari

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Ummon Transport, aloqa va axborot texnologiyalari vazirligi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda tomonlar joriy loyihalar to‘g‘risida ma’lumot almashdilar, raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Ummon Transport, aloqa va axborot texnologiyalari vazirligi — transport infratuzilmasi, logistika, telekommunikatsiya va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan markaziy davlat organi. U yo‘llar, portlar, aeroportlarni modernizatsiya qilish, shuningdek, aloqa va IT sohasida innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha loyihalarga rahbarlik qiladi.

SME Authority: startaplar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash

Tashrif doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi UmmonSME Authority” vakillari bilan ham uchrashdi. Startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kengaytirishda davlat ko‘magi choralari, shuningdek inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari muhokama qilindi. Ummon vakillari tadbirkorlik va texnologik startaplarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarga tayyorligini tasdiqladi.

SME Authority — kichik va o‘rta biznes, hunarmandchilikni rivojlantirish hamda ularning iqtisodiyotga qo‘shgan hissasini oshirish maqsadida 2020-yilda tashkil etilgan Ummon davlat organi. Tashkilot moliyalashtirish, ta’lim, mentorlik va davlat dasturlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish orqali startap ekotizimini faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Oman Investment Bank: Texnologiya sohasiga investitsiyalar

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov “Oman Investment Bank” rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar investitsiya sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. O‘zbekistonning texnologiya sektoriga investitsiyalarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Oman Investment Bank — Ummonning to‘liq davlatga tegishli bo‘lgan birinchi ixtisoslashtirilgan investitsiya banki. 2024-yilda tashkil etilgan bo‘lib, strategik loyihalarni, shu jumladan texnologiyalar va innovatsiyalar sohasini moliyalashtirish, aktivlarni boshqarish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.

Oman Data Park: O‘zbekiston uchun ma’lumotlar markazlari va bulutli yechimlar

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov “Oman Data Park” rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirishi va ma’lumotlar markazlarini qurishi masalalarini muhokama qildilar. Muzokaralardan so‘ng IT Park delegatsiyasi kompaniyaning infratuzilmaviy yechimlari va texnik bazasi namoyish etilgan mavjud ma’lumotlar markaziga tashrif buyurdi.

Oman Data Park — Ummondagi yetakchi ma’lumotlar markazi va bulutli xizmatlar provayderi bo‘lib, 2011-yilda tashkil etilgan. Kompaniya “Oman Telecommunications” (Omantel) va “4Trust LLC” o‘rtasidagi qo‘shma korxona hisoblanadi hamda bulutli yechimlar, xosting va ma’lumotlarni boshqarish kabi keng ko‘lamli IT-xizmatlarni taqdim etadi.

Erishilgan kelishuvlar IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun yangi imkoniyatlar ochadi: Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozorlariga chiqish, o‘z yechimlarini kengaytirish, xalqaro akseleratorlarda ishtirok etish va strategik hamkorlar hamda investorlar bilan aloqa o‘rnatish. O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar vakolatxonalarining ochilishi mamlakatning raqamli texnologiyalar mintaqaviy markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va texnologiya sohasiga investitsiyalar jalb qilinishiga yordam beradi.

Saudiya Arabistoniga tashrif xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi va uning mintaqaning boshqa mamlakatlarida davom ettirilishi O‘zbekiston IT sohasini rivojlantirish uchun yangi istiqbolli kelishuvlar imkoniyatini yaratadi.

2025-08-14