Sentyabr yakunlari: rezident-eksportchilar soni 66 ta kompaniyaga ko‘paydi, ularning 29 tasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan

O‘zbekiston IT-xizmatlar autsorsing markazi sifatida o‘z ekotizimini shakllantirishni va obro‘sini mustahkamlashni muvaffaqiyatli davom ettirmoqda. Bu xorijiy kompaniyalarning qiziqishini tobora orttirib, mahalliy IT-kompaniyalarning xorijiy bozorlarga eksportini ko‘payishiga xizmat qilmoqda.

2024-yil sentyabr oyida IT Park rezidentlari safiga 99 ta yangi IT-kompaniya qo‘shildi. Ularning 29 tasi Buyuk Britaniya, Singapur, Hindiston, Malayziya va Germaniya kabi mamlakatlarning sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan.

Sentyabr oyidagi yangi rezidentlarning 2/3 qismi, ya’ni 66 ta kompaniya eksportga yo‘naltirilgan. Taqdim etilgan biznes-rejalarga ko‘ra, ular faoliyatining birinchi yilida mahalliy mutaxassislar uchun 700 dan ortiq ish o‘rni yaratishni mo‘ljallamoqda.

Shunday qilib, rezident-eksportchilarning umumiy soni 936 taga, rezidentlar orasidagi xorijiy kompaniyalar soni esa 574 taga yetdi.

Yangi rezidentlar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagicha: autsorsing xizmatlari (19 ta kompaniya), dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish (22 ta kompaniya), o‘z dasturiy mahsulotlarini sotish (16 ta kompaniya), kreativ industriya sohasidagi xizmatlar (3 ta kompaniya).

Yangi eksportga yo‘naltirilgan rezidentlarning eksport geografiyasiga AQSh, Germaniya, Shveysariya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Singapur, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va BAA bozorlari kiradi.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari, ayniqsa Singapur va Malayziyaning O‘zbekiston IT sohasiga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidlash lozim. Xorijiy korxonalar xalqaro buyurtmalar bilan ishlash uchun bek-ofislar va autsorsing kompaniyalari, shuningdek, O‘zbekiston orqali yangi bozorlarga kirib borish uchun bosh qarorgohlar ochmoqda. Bu mamlakat eksportini oshirish va mahalliy mutaxassislarni jalb qilishga yordam beradi, natijada IT ekotizimini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Singapurning “BIPO SERVICES SILK ROAD” kompaniyasi O‘zbekistonda IT-autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘z ofisini ochmoqda. Kompaniyaning asosiy eksport bozorlari Xitoy va Osiyoning boshqa mamlakatlari bo‘lib, rejalashtirilgan eksport hajmi 1 million dollarni tashkil etadi.

Malayziyaning “SUMMITNEXT” kompaniyasi O‘zbekistonda 110 nafargacha xodim ishlaydigаn ofis ochishni rejalashtirmoqda. Kompaniya IT-xizmatlar autsorsingiga ixtisoslashgan bo‘lib, AQSh, Germaniya, Hindiston va Malayziyani asosiy eksport bozorlari deb hisoblaydi. Kutilayotgan eksport hajmi ham 1 million dollarni tashkil etadi.

Yirik xalqaro kompaniyalar ofislarining ochilishi eksportni ko‘paytiradi, mahalliy mutaxassislar uchun ish o‘rinlari yaratadi va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeyini mustahkamlaydi. Xorijiy investorlar sonining o‘sishi qo‘llab-quvvatlash dasturlarining samaradorligini tasdiqlaydi va mamlakatni IT-xizmatlar bozorida muhim o‘yinchiga aylantiradi. Bu “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida O‘zbekistonning xalqaro IT-markaz bo‘lish maqsadini qo‘llab-quvvatlagan holda iqtisodiyotni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va mutaxassislar malakasini oshirishga xizmat qiladi.

2024-10-04