O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov IT Park’ning “Tumaris Tech” loyihasi ishtirokchilarini “World Summit on the Information Society Forum 2022” (WSIS 2022) Axborot jamiyati forumi bo‘yicha Xalqaro Sammit davomida qozonilgan g‘alaba bilan tabrikladi.
WSIS 2022 forumining bu galgi shiori: “Farovonlik, inklyuzivlik va barqarorlik yo‘lida AKT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga (SDG) erishishda WSIS doirasidagi hamkorlik”.
WSIS doirasida har yili ijtimoiy ahamiyatga ega IT xizmatlarini yaratishda erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan “WSIS Prizes” tanlovi oʻtkazib kelinadi. Tanlovdan ko‘zlangan maqsad hayotning barcha jabhalarida joriy etishga mo‘ljallangan muvaffaqiyatli xalqaro tajriba namunalarini aniqlashdan iborat. Ushbu mukofotga 18 ta nominatsiya boʻyicha butun dunyo boʻylab ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish maqsadida AKT salohiyatini ishga soluvchi ko‘zga ko‘ringan loyihalar loyiq ko‘riladi.
IT Park tomonidan amalga oshirilgan Tumaris.Tech loyihasi “Capacity building” nominatsiyasida g‘olib chiqib, ushbu yo‘nalish bo‘yicha sovrin qo‘lga kiritdi.
Sherzod Shermatov o‘z tabrik so‘zida IT Park tomonidan erishilgan yutuqlar, xususan, Tumaris.Tech loyihasi muvaffaqiyatini alohida ta’kidladi. Ikki yil ichida loyiha 30 ta startap koʻrinishida oʻz samarasini berdi va 200 dan ortiq qizlar IT sohasida taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldi. Bundan tashqari, vazir bu xalqaro miqyosda erishilgan ilk g‘alabalardan biri ekanligini ta’kidlab, bu kabi e’tiroflarning keyinchalik ham ko‘p bo‘lishiga tilakdosh ekanligini bildirdi.
Tumaris.Tech – IT Park Uzbekistan tomonidan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan eng yirik loyihalardan biri. 2020-yil iyul oyida ishga tushirilgan dastur ayollarning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Loyiha bir necha tarkibiy qismlardan iborat. U ayollarning AKT ekotizimiga jalb etilishini jadallashtirish o‘laroq frilanser sifatida ishlash istagidagi ayollarga ta’lim berish hisobiga BPO (Business Process Outsourcing) yo‘nalishini rivojlantirishdan tortib, startaplar va investitsiyalar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etishgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
2022-06-08