ShHT va MDH mamlakatlari sanoat vazirlari delegatsiyasi IT Parkga tashrif buyurdi

14-iyul kuni ShHT va MDH mamlakatlari sanoat vazirlari delegatsiyasi IT Park faoliyati bilan tanishish maqsadida ushbu muassasaga tashrif buyurdi. Uchrashuvda IT Park rezidentlari — “WEBSALE-DISTRIBUTION” MChJ, “DataSite Technology” MChJ, shuningdek, “BePro Programmer Center” MChJ kompaniyalari ham ishtirok etdi.

Rezident kompaniyalar mehmonlarga bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasi va elektron tijorat yo’nalishidagi zamonaviy raqamli yechimlarni taqdim etuvchi muvaffaqiyatli loyihalarini namoyish etdi. Jumladan, WEBSALE-DISTRIBUTION karyer monitoringi tizimi — “Mining Monterra” loyihasini taqdim etdi. Loyihaning mohiyati ma'lumotlar bazasidagi ma'lumotlarni tahlil qilib, karyerdan foydalanganlik uchun soliqning mahalliy byudjetga o’z vaqtida va to’liq to’lanishini ta’minlaydi. 

“DataSite Technology” kompaniyasi vakillari esa “Storfox” mahsuloti haqida so’zlab berishdi. Storfox (Warehouse Management system) — kichik va o'rta biznes uchun omborlarni boshqarish platformasi.

BePro dasturchilar markazi avtomobilsozlik sohasini boshqarish platformasi UZGPS loyihasini taqdim etdi. Bu transport vositalarining sun'iy yo'ldosh monitoringi sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni hisobga olgan holda yaratilgan mahalliy ishlanma. Platforma paydo bo'ladigan vazifalarga qarab moslashuvchan tarzda sozlash, o'zgartirish va kerakli o'zgarishlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha barcha tomonlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, xususan, turli sohalarni raqamlashtirish sohasida hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.

2022-07-15