16-oktyabr kuni IT Park Uzbekistan ta’lim texnologiyalari sohasida yetakchi yapon kompaniyasi — “Shinhodo Inc.” (https://shinhodo.co.jp/) bosh direktori va asoschisi janob Ogura Shintaroni qabul qildi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda faoliyatni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganish edi. “Shinhodo Inc.” ilg‘or texnologiyalar yordamida ta’lim samaradorligini oshiradigan miyaning EEG signallarini qayta ishlash va tahlil qilish tizimi bilan tanilgan.
Janob Shintaro tashrifining asosiy maqsadi O‘zbekistondan malakali kadrlarni jalb qilish imkoniyatlarini baholash, shuningdek, EdTech, MedTech va Deep Tech kabi asosiy sohalardagi startaplarni o‘rganish orqali hamkorlik salohiyatini aniqlashdan iborat edi. Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro rivojlanish va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishdilar.
“Shinhodo Inc.” IT Park Uzbekistan'ga mamlakatning IT-salohiyatini Yaponiyada targ‘ib qilishda ko‘maklashishni va’da qildi. Bu o‘zbek texnologiya iste’dodlari va innovatsiyalarining tanilishini oshirishga yordam beradi. Bundan tashqari, tomonlar, ayniqsa EdTech va MedTech sohalaridagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash va almashish bo‘yicha kelishib oldilar. Shu bilan birga, “Shinhodo Inc.” O‘zbekistonda yuridik shaxslar tashkil etishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Ikkala tashkilot ham ikki mamlakatda ilg‘or texnologiyalar rivojlanishini tezlashtirish uchun venchur sarmoyalarini kuchaytirish bo‘yicha o‘z intilishlarini namoyon etdilar.
Ushbu hamkorlik Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ta’lim va texnologiya yutuqlarini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, kelajakdagi innovatsiyalar va hamkorliklar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
2024-10-17