Sigma Software Oʻzbekistonda muhandislik ofisini ochmoqda

Xalqaro IT-xizmatlar provayderi “Sigma Software Group” Oʻzbekistondagi faoliyatini Toshkentda muhandislik ofisini ochish va mahalliy universitetlar bilan hamkorlik oʻrnatishdan boshlamoqda.

“Sigma Software” — biznesni raqamlashtirish va startaplarni qoʻllab-quvvatlash uchun yechimlar taklif etuvchi xalqaro IT-kompaniya. Ukrainada asos solingan “Sigma Software$ 22 yildan buyon global IT bozorida faoliyat yuritib kelmoqda va 2006-yildan beri Shimoliy Yevropadagi yirik IT-konsalting kompaniyalaridan biri boʻlgan “Sigma Group” tarkibiga kiradi. Uning ekotizimiga biznes-inkubator, taʼlim platformasi va innovatsion mahsulotlar kiradi. Kompaniya Oʻzbekiston, Ruminiya, Vengriya va boshqa 10 dan ortiq mamlakatda faoliyat koʻrsatmoqda.

2002-yildan beri “Sigma Software” startaplar, mahsulot kompaniyalari va korporatsiyalar bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Bugungi kunda kompaniya tarkibidagi 2000 dan ortiq mutaxassis butun dunyo boʻylab 350 dan ziyod mijoz bilan ishlamoqda.

“Sigma Software” Oʻzbekistondagi ofis mamlakatning IT-ekotizimini rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshishi va mahalliy isteʼdodlarni mijozlar uchun loyihalar ustida ishlashga jalb etishi mumkinligiga ishonch bildirmoqda.

“Maqsadimiz — mijozlarga yosh va texnologik jihatdan yetuk mutaxassislarning oʻsib borayotgan salohiyatidan foydalanish imkoniyatini yaratish, ayni paytda Oʻzbekistonning global IT-maydondagi mavqeini mustahkamlashdir,” — deydi “Sigma Software” bosh direktori va hammuassisi Valeriy Krasovskiy.

Muhandislik ofislarining global rivojlanishi uchun masʼul boʻlgan “Sigma Software OptiCo” boʻlimi rahbari Alyona Nesterenko shunday dedi:

“Biz Oʻzbekistonda faoliyatimizni Toshkentdagi birinchi ofisimiz uchun mutaxassislarni jalb etishdan boshlaganimizdan mamnunmiz. Shu bilan birga, IT-mutaxassislar mamlakatning istalgan hududidan masofaviy ishlash imkoniyatiga ega boʻladilar.” 

Kompaniya startaplarni qoʻllab-quvvatlash, xalqaro korxonalar bilan hamkorlik qilish va IT-taʼlimni rivojlantirish boʻyicha noyob tajribaga ega. Kompaniya yangi IT-kadrlar tayyorlashga koʻmaklashish maqsadida taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.

Oʻzbekistonda “Sigma Software” ofisining ochilishi mamlakat IT-ekotizimini rivojlantirish uchun muhim qadam hisoblanadi. Bu nafaqat mahalliy mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar, balki Oʻzbekistonning jahon miqyosida istiqbolli IT-yoʻnalish sifatida eʼtirof etilishini taʼminlaydi.

2025-04-09