Singapurning VSaaS Global Consulting kompaniyasi O‘zbekistonda ofis ochishga qiziqish bildirdi

Bosh direktor Abdulaxad Kuchkarov rahbarligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Singapurning “VSaaS Global” kompaniyasi bosh direktori va “Thinkuvate Venture” investitsiya platformasi hammuassisi Ghanshyam Axuja bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda “VSaaS Global” loyihalari uchun mahalliy jamoa tuzish rejalari, shuningdek, Singapur tomonining “IT Park Uzbekistan” venchur tashabbuslarida ishtiroki muhokama qilindi.

VSaaS Global — 2010-yilda asos solingan Singapur IT-kompaniyasi. Kompaniya raqamli transformatsiya, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va SaaS yechimlarini ishlab chiqish sohalarida xizmat ko‘rsatadi. “VSaaS” AQSh, Buyuk Britaniya va Hindistonda vakolatxonalariga ega bo‘lib, taxminan 100 nafar xodim bilan faoliyat yuritadi.

“Thinkuvate Venture” 2010-yilda tashkil etilgan Singapur venchur kapital platformasi bo‘lib, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi erta bosqichdagi startaplarni qo‘llab-quvvatlaydi. Kompaniya 20 million dollarlik fondni boshqaradi, venchur investitsiyalariga ixtisoslashgan va jamoasida 100 ga yaqin xodim faoliyat yuritadi.

Uchrashuvda tomonlar hamkorlikning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Ghanshyam Axuja O‘zbekistonda kompaniya ofisini ochishga qiziqish bildirdi, shuningdek, “VSaaS Global” loyihalarini amalga oshirish uchun O‘zbekistonda mahalliy dasturchilar jamoasini yollash imkoniyatini ko‘rib chiqdi. Bundan tashqari, venchur investitsiyalari sohasidagi hamkorlik istiqbollari, jumladan, O‘zbekistonda o‘zbek va singapurlik startaplarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish uchun qo‘shma fond tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston xalqaro IT va investitsiya sohasidagi o‘yinchilar qiziqishini uyg‘otishda davom etmoqda. IT Park esa o‘z navbatida, mamlakatda biznesni rivojlantirish va mahalliy mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga intilayotgan xorijiy kompaniyalarga har tomonlama ko‘mak berishga tayyor.

2025-07-25