Startap ekotizimlari alyansi – Startap Central Eurasia Platform’ni yaratish toʻgʻrisida

2021-yilning 25-26-noyabr kunlari Toshkent viloyati Astrum IT akademiyasida IT Park va Xalqaro elektraloqa ittifoqi rahbarligi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi koʻmagida “Startup Central Euroasia” platformasi, “Mintaqaviy hamkorlik – Ekotizimlar global miqyosda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan asosiy omillari  sifatida – Startap Central Eurasia Platform” yirik xalqaro seminari boʻlib oʻtdi.

Seminarda Google, IT Park Venture Capital Association, Astrum IT Akademiyasi, Qozog‘istonning FinTech Hub AIFC kompaniyasi, Astana Hub, Angels Brand Belarus kompaniyasi, Future Laboratory Gruziya kompaniyasi, Moldova AKT kompaniyalari assotsiatsiyasi, Qirg‘iziston Respublikasi yuqori texnologiyalar parki, Rossiyaning Sber kompaniyasi  kabi axborot texnologiyalari sohasidagi ekspert IT tashkilotlari va kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, IT Park direktori Farhod Ibragimov, Xalqaro elektraloqa ittifoqi vakili – MDH mintaqaviy direktori Natalya Mochu, Astana Hub direktori Magjan Madiev va boshqalar ham ishtirok etishdi.

IT Park direktori Farhod Ibragimov seminar ishtirokchilariga IT Park’ning tashkil topish, tashkilot faoliyati va amalga oshirilayotgan ishlar haqida aytib berdi.

Shuningdek, seminar davomida innovatsion startaplarga venchur sarmoya kiritish masalalari ko‘tarildi.  Xalqaro elektraloqa ittifoqiga aʼzo mamlakatlarda muntazam ravishda xakatonlar, ideatonlar va boshqa startap tanlovlari oʻtkazib kelinmoqda, ularning gʻoliblari potensial investorlarni topmoqda.

Digital Area bosh direktori va Gruziya Banki innovatsiyalar bo‘limi boshlig‘I Andro Ratiani, shuningdek, O‘zbekiston venchur investitsiyalar assotsiatsiyasi bosh direktori Dilshod Zufarov qanday qilib to‘g‘ri investitsiya qilish va qanday mezonlar bo‘yicha istiqbolni aniqlash haqida so‘zlab berdi. 

Bundan tashqari, spikerlar tajriba, bilim almashish, qo‘shma tadqiqot guruhlarini yaratish, tadqiqot va vositalardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni takomillashtirish orqali aniq yo‘nalishlarda raqobatbardoshlikni oshirish uchun tematik ittifoqlar yaratish masalalarini muhokama qildilar.

Tadbirkorlar va IT mutaxassislari sanoatni raqamlashtirish davrida sun’iy intellektni rivojlantirishning afzalliklari, standartlar va mamlakatlarning moliyaviy tizimlariga kirish nuqtalarini ishlab chiqish, ularning startap muvaffaqiyatini o‘lchashning asosiy vositalari haqida batafsil so‘zlab berishdi hamda keyingi investorlarni jalb qilish va venchur kapitalistlar bilan yanada samarali muloqot qilish uchun qanday ko’nikmalarni rivojlantirish kerakligi haqida ham maʼlumot berib oʻtishdi.

Barcha taqdimotlar yakunlanganidan so‘ng tadbir ishtirokchilari SoftwareLead boshqaruvchi hamkori Vitaliy Yanko, Panda Doc mahsulot menejeri belarus Tatyana Aulachevskaya, Attendify asoschisi Artem Yaremchuk, Google vakili Sem Kaxr va VC Fund vakili Igor Maxanyok boshchiligidagi bir qator treninglarda ishtirok etishdi.




Ushbu treninglar davomida tinglovchilar tadbir mehmonlari bilan yaqindan tanishdilar, netvorkingni kengaytirdilar, potensial biznes hamkorlar bilan suhbatlashdilar va Cerebra, Namba, Clockster va boshqalar kabi xorijiy startaplarning muvaffaqiyatli namunalaridan koʻp narsalarni oʻrganishdi.

Shuni qayd etish joizki, tadbir doirasidagi seminar ishtirokchilari mintaqada startap ekotizimlarini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, sunʼiy intellekt, Fintech, Biznes jarayonlari autsorsingi alyansini tashkil etishda hamkorlik qilish, Startup Central Eurasia platformasi doirasida venchur moliyalashtirish va ta’limi haqida ta’kidlab o‘tildi.

Alyansning asosiy maqsadi qoʻshma loyihalarni yaratish va rivojlantirish orqali ishtirokchi davlatlarning ushbu sohalarda raqobatbardoshligini oshirishdan iborat.  Alyans doirasida axborot va bilim almashish, jumladan, yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda ish olib borayotgan loyiha guruhlari o‘rtasida tajriba almashish uchun tuzilmalar yaratiladi.

Alyans doirasida davlatlarning sun’iy intellekt, moliyaviy texnologiyalar, biznes jarayonlari autsorsingi va venchur moliyalashtirish sohasidagi o‘zaro hamkorligini takomillashtirishga xizmat qiluvchi qonunchilik bazasini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilishi muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Alyansning natijasi ushbu yo‘nalishlar startaplarining mintaqa bozorlariga chiqishini hamda ularni bank tarmoqlari va hisoblash quvvatiga ulashni, shuningdek, ishtirokchi davlatlarning ochiq ma’lumotlaridan foydalanishni soddalashtirish bo‘lishi kerak.

Natijada, tashkilot va kompaniyalar o‘rtasida “Startap ekotizimlarining mintaqaviy hamkorligi doirasida alyans – Startap Central Eurasia Platform’ini yaratish to‘g‘risida”gi maxsus hujjat imzolandi, bu esa ularga Alyansga kirish va a’zo bo‘lish imkonini beradi.  Alyans safiga IT Park ham qo‘shildi, bu esa yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarni rivojlantirish va xalqaro tajriba almashish imkonini beradi.

Bunday seminarlarning o‘tkazilishi tadbirkorlar, axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchi mutaxassislar va startaplar rahbarlarining xorijiy kompaniya va tashkilotlar tajribasi asosida O‘zbekistonda startap ekotizimini shakllantirish va rivojlantirishda ishtirok etishga qiziqishini sezilarli darajada oshirmoqda.



2021-11-26