Startup Genome O‘zbekiston startap ekotizimini o‘rganmoqda

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov “Startup Genome” xalqaro tadqiqot va konsalting tashkiloti tadqiqot bo‘limi rahbari Kristofer Xeyli boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. “Startup Genome” tashrifining maqsadi O‘zbekiston ekotizimi ishtirokchilari bilan tanishish, ma’lumotlar to‘plash, qo‘shma loyihaning birinchi bosqichini amalga oshirish uchun asosiy qadamlarni belgilash, shuningdek, O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha xulosalar bilan o‘rtoqlashishdan iborat.

Startup Genome — bosh qarorgohi San Fransiskoda (AQSh) joylashgan, startap ekotizimlari uchun tadqiqotlar va strategik maslahat berishga ixtisoslashgan global kompaniya. Tashkilot dunyoning 65 dan ortiq mamlakatidagi 185 dan ziyod vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qiladi, GSER va APEXE asosiy hisobotlarini chop etadi, shuningdek, innovatsion ekotizimlarni rivojlantirish bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlari va tavsiyalar ishlab chiqadi.

“Startup Genome” bilan uzoq muddatli hamkorlikning muhim bosqichlaridan biri sifatida O‘zbekiston bu yil birinchi marta “GSER 2025” global hisobotiga kiritildi. Bu qaror hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash va mamlakatning jadal rivojlanayotgan startap ekotizimi salohiyatini xalqaro maydonda tan olishda muhim qadam bo‘ldi. Global hisobot doirasida Kristofer Xeyli “ICT Week 2025” haftaligida startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha dastlabki xulosalarni taqdim etdi.

Uchrashuv ishtirokchilari oliy o‘quv yurtlarida tadbirkorlik dasturlarini kengaytirish, diaspora salohiyatidan foydalanish va startaplardagi imkoniyatlar orqali iste’dodlarni ushlab qolish muhimligini ta’kidladilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar ekotizimni har tomonlama tahlil qilish, tez o‘sayotgan kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish, sun’iy intellekt infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlashni yo‘lga qo‘yish va ta’lim tashabbuslarini kengaytirish bo‘yicha kelishib oldilar.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar O‘zbekistonning xalqaro miqyosda tanilishini oshirish, uning global startap ekotizimlari xaritasidagi o‘rnini mustahkamlash va innovatsion iqtisodiyotning yanada o‘sishi uchun strategik yo‘nalishlarni yaratish imkonini beradi.

2025-10-03