Farhod Ibragimov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari “Karam Global Investments Holding Abu Dhabi” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Mazkur uchrashuvdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonning raqamli iqtisodiyot sohasida oʻsish va innovatsiyalarga hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan salohiyatli hamkorlik munosabatlari va investitsiya imkoniyatlarini oʻrganishdan iborat edi.
“Karam Global Investments Holding” (KGI) Xolid Siddiq janobi oliylari tomonidan asos solingan “KARAM GROUP” tarkibiga kiruvchi yirik korxona hisoblanib, sof investitsiya kapitali 1 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi. “KGI” beshta strategik yoʻnalishlar boʻyicha innovatsion biznesni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan: mobillik, texnologiya, koʻchmas mulk, energetika va barqarorlik va maslahat xizmatlari. Abu-Dabi, Singapur, Shveysariya, Vengriya va Dubay kabi yirik shaharlarda 1500 nafar xodim va ofislariga ega “KGI” kompaniyasi butun dunyo boʻylab istiqbolli tadbirkorlar va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun barcha zarur imkoniyatlarni taqdim etadi.
Uchrashuv davomida salohiyatli hamkorlik imkoniyatlarini aniqlash va kengaytirish maqsadida bir qancha asosiy masalalar atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilar Oʻzbekistonda rivojlanib borayotgan raqamli iqtisodiyotning turli investitsiya yoʻnalishlarini oʻrganib, elektron davlat xizmatlari, elektron tijorat platformalari va mustahkam raqamli infratuzilmani takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Shuningdek, muhim koʻchmas mulk investitsiya loyihalari, xususan, IT Park klasteri va “Yangi Toshkent” hududini rivojlantirish masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi. Ushbu loyihalar texnologik biznes va startaplar uchun qulay muhit yaratishda muhim rol oʻynaydi. Bundan tashqari, “Karam Global Investments Holding” vakillari butun dunyo boʻylab mazkur sohada koʻplab loyihalarga ega bo‘lganliklari sababli sunʼiy intellekt sohasidagi qimmatli tajribalari bilan oʻrtoqlashish va kuchli SI-loyihalarini ishlab chiqayotgan tashkilotlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish niyatini bildirishdi.
Muhokamada qoʻshma investitsiya loyihalarini tashkil etish hamda Oʻzbekiston va Fors koʻrfazi mintaqasidagi media-kanallar orqali IT Park va uning rezidentlarini targʻib qilish strategiyalari koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, qatnashchilar Oʻzbekistonda yangi yuridik shaxslarni tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash masalalarini muhokama qildilar. Ushbu tashabbus mahalliy startaplarga xalqaro bozorlarga, xususan BAA va umuman Fors koʻrfazi mintaqasiga chiqishda yordam koʻrsatishga qaratilgan. Shuningdek, “Karam Investments” kompaniyasiga Fors koʻrfazi mintaqasida Raqamli texnologiyalar vazirligi uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar (FDI) maslahatchisi vazifasini bajarish toʻgʻrisida muhim taklif kiritildi. Mazkur rol Vazirlikning strategik manfaatlarini mustahkamlaydi va Oʻzbekistonning raqamli va texnologik tarmoqlarini ushbu muhim bozorlarda ilgari surishdagi taʼsirini kuchaytiradi.
Uchrashuv bir qator sohalarda, jumladan, Oʻzbekistondagi IT-infratuzilma va startap ekotizimiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar kiritish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi oʻzaro kelishuv bilan yakunlandi. Ikkala tomon ham muhokama qilingan masalalar boʻyicha erishilgan yutuqlarni koʻrib chiqish va oʻzaro hamkorlik rejalarini taʼkidlash maqsadida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash uchun navbatdagi sessiyani oʻtkazishga kelishib oldilar.
Ushbu hamkorlik ikkala tomonga ham ulkan foyda keltiradi. Oʻzbekiston uchun mazkur hamkorlik mamlakatning raqamli transformatsiyasi va iqtisodiy diversifikatsiyasini tezlashtirishi mumkin boʻlgan juda zarur toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va tajribalarni olib keladi. “Karam Investments” uchun esa mintaqaning raqamli landshaftida muhim rol oʻynashga tayyor boʻlgan jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotda yangi bozorlar va investitsiya imkoniyatlarini taqdim etadi. Bundan tashqari, ushbu hamkorlik “Karam Investments” kompaniyasining innovatsion korxonalarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlanayotgan bozorlardagi taʼsirini kengaytirish strategiyasiga mos keladi.
Ushbu uchrashuv natijalari Oʻzbekistonning raqamli ambitsiyalari va “Karam Investments” kompaniyasining mintaqadagi strategik maqsadlari uchun istiqbolli qadam boʻldi.
2024-05-03