Malayziyadagi dastlabki uchrashuvdan so‘ng, yetakchi autsorsing va offshor xizmatlar provayderi — “SummitNext” bugun Toshkentdagi “ICT Week” doirasida mamlakatda kengayish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun IT Park Uzbekistan vakillari bilan navbatdagi uchrashuvni o‘tkazdi. Uchrashuvda “SummitNext” hammuassisi Ajay Agarval va IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova ishtirok etdi.
2020-yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida joylashgan “SummitNext” butun dunyo bo‘ylab faoliyat yuritadi, AQSH, Hindiston va Filippinda ofislari mavjud bo‘lib, 1000 nafar xodimga ega. Kompaniya har qanday ko‘lamdagi biznes uchun global autsorsing yechimlarini taqdim etishga ixtisoslashgan va uning yillik aylanmasi 1 milliard dollarni tashkil etadi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi “SummitNext” kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish uchun strategik joy deb hisoblangan Sirdaryo viloyatida ofis ochish rejalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Muhokamalar davomida kompaniya, shuningdek, mahalliy kadrlar salohiyatiga, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarini yaqinda tamomlagan yosh mutaxassislarni jalb qilishga katta qiziqish bildirdi. “SummitNext” o‘zining global loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekistonda malakali kadrlar zaxirasini yaratishni rejalashtirmoqda.
IT Park Uzbekistan bilan o‘tkazilgan bu navbatdagi uchrashuv” SummitNext” kompaniyasining mamlakatda sezilarli ishtirokini yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan intilishini tasdiqlaydi. Bu esa mahalliy mutaxassislar uchun ish o‘rinlarini yaratadi va global autsorsing yetakchisi bilan hamkorlik orqali ularning ko‘nikmalarini mustahkamlashga yordam beradi.
2024-09-18