Haftalik ruknimizda texnologiya olamidagi soʻnggi yangiliklarni siz bilan boʻlishishda davom etamiz. Navbatdagi sonda Netflix kompaniyasi nimani ixtiro qilgani, dunyodagi eng qulay televizor monitori qancha turishi, Google Photos “Xotiralar” funksiyasini qanday takomillashtirgani, botlar odamlardan qanday ustunlikka ega ekanligi va sunʼiy intellektga ishonish kerakmi yoki yoʻqligini haqida gapirib beramiz.
Netflix smart televizorlar, Mac va shaxsiy kompyuterlarda oʻyinlarga kirishni sinovdan oʻtkazmoqda
14-avgustdan boshlab Kanada va Buyuk Britaniyadagi Netflix obunachilari televizorlarda bulutli striming oʻyinlarini sinab koʻrishlari mumkin boʻladi. Kelgusida ushbu funksiya shaxsiy kompyuter va Mac foydalanuvchilari uchun ham mavjud boʻladi.
Foydalanuvchilar uchun mavjud boʻlgan birinchi oʻyinlar Oxenfree va Molehewʼs Mining Adventure hisoblanadi. Endilikda siz joystik oʻrniga smartfondan foydalanishingiz mumkin. Android foydalanuvchilari oʻyinni Netflix ilovasi orqali, iOS foydalanuvchilari esa Netflix Game Controller orqali boshqarishlari mumkin. Kompyuter va Mac sichqoncha va klaviatura orqali boshqaruvni qoʻllab-quvvatlaydi.
LG kompaniyasi narxi $1000 boʻlgan chamadondagi sensorli simsiz TV monitorini taqdim qildi
27 dyumli LG StanbyME Goʻni oʻzingiz bilan olib yurish oson, chunki u chamadonga oʻxshash korpusga qulay tarzda joylashadi. Monitor webOS operatsion tizimida ishlaydi. Unda YouTube tomosha qilish, internet-syorfing va oʻyin oʻynash imkoniyati mavjud.
Monitor Apple-ning AirPlay funksiyasini, ekrandan nusxa olish, ovozli boshqaruv, shuningdek smartfonlardan kontentni uzatish uchun Miracast va Chromecast funksiyalarini qoʻllab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, simsiz ulanish uchun Bluetooth va Wi-Fi mavjud. Oʻrnatilgan batareya monitorni elektr tokiga ulamasdan uch soatgacha foydalanish imkonini beradi.
Botlar “Captcha” testidan odamlarga qaraganda yaxshiroq oʻtishni oʻrganishdi
Bir nechta universitetlar va Microsoft korporatsiyasining bir guruh tadqiqotchilari turli xil CAPTCHA tekshiruvlaridan oʻtishda odamlarning oʻzini qanday tutishlarini oʻrganishga qaror qilishdi. Buning uchun ular 1400 nafar kishidan 14000 ta tekshiruvlardan oʻtishlarini soʻrashdi.
Odamlar va botlarning natijalarini taqqoslab, olimlar botlar vazifani ancha yaxshi bajarganligini aniqlashdi. Misol uchun, odamlarga buzilgan matnni ochish uchun 9-15 soniya kerak boʻldi va faqat 50-84% hollardagina toʻgʻri javob berishdi. Botlar esa xuddi shu vazifalarni bir soniyadan kamroq vaqt ichida bajarib, 99,8% aniqlikka erishdilar.
Google Photos yangilanishi SI yordamida “Xotiralar” funksiyasini yaxshilaydi
Endilikda “Xotira” galereyalari yanada individual koʻrinishga ega bo‘ladi: algoritm nafaqat mos fotosuratlarni tanlaydi, balki ular uchun qiziqarli sarlavha ham yaratadi.
Shuningdek, “Xotiralar”da galereyalarga musiqa qoʻshish, ularni ulashish va albomlarni birgalikda tahrirlash imkoniyati mavjud boʻladi.
Tez orada toʻplamlarni messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali joʻnatish uchun ommabop formatlarda saqlash mumkin boʻladi.
ChatGPT dasturlash boʻyicha savollarning yarmidan koʻpiga notoʻgʻri javob bermoqda
AQShning Purdue universiteti (Purdue University) tadqiqotchilari ChatGPT javoblarini tahlil qilib, ularning aniqligi, izchilligi, toʻliqligi va uslubini baholadilar.
Natijalar shuni koʻrsatdiki, ChatGPT bergan javoblarning 52 foizi notoʻgʻri, 77 foizi esa juda batafsil. Biroq, foydalanuvchilar 39,34% hollarda ChatGPT javoblarining toʻliqligi va aniq til uslubiga egaligi tufayli tanlashni davom etmoqdalar.
OpenAI oʻz dasturiy taʼminotida odamlar, joylar va faktlar haqida notoʻgʻri maʼlumotlar boʻlishi mumkinligini tan oldi. Asosan, foydalanuvchilar faqatgina chat-botning aniq xatolarini payqay olishadi. Xatolikni bir zumda tekshirish imkoni boʻlmaydigan yoki qoʻshimcha kuch yoki hujjatlarni talab qiladigan holatlarda, foydalanuvchilar sunʼiy intellektga koʻproq ishonishadi.
2023-08-18