“The Newmark Group” BPO kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilishda IT Parkʼni qo‘llab-quvvatlashga tayyor

Poytaxtda 7–9-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan Digital Leadership Forumi raqamli yetakchilik sohasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan voqeaga aylandi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park ko‘magida tashkil etilgan ushbu forum yetakchi ekspertlar hamda BPO va autsorsing kompaniyalari vakillari, shuningdek, investitsiyalar, eksport va autsorsing kompaniyalarini jalb qilish bo‘yicha maslahatchilar va mutaxassislarni birlashtirdi.

Forum doirasida IT Park bosh direktori bilan uchrashuvlar tashkil etilib, hamkorlikning imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, IT Park rahbari Farhod Ibragimov “The Newmark Group” boshqaruvchi direktori Jeff Pappas bilan uchrashdi.

Jeff Pappas koʻchmas mulk sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega professional. Mahalliy va milliy miqyosda korporativ mijozlarni ifodalaydi, ularning koʻchmas mulk ehtiyojlarini boshqaradi va ijara boʻyicha muzokaralar olib boradi. Qiymati 25 million dollardan ortiq boʻlgan 1 million kvadrat metrdan ortiq ijara bitimlarini muvaffaqiyatli yakunladi.

Tomonlar biznes jarayonlari autsorsingi sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Jeff Pappas O‘zbekistonning BPO yetakchisi sifatidagi salohiyati haqida fikr bildirdi.

“Ushbu mintaqada yetakchi boʻlishingizning sababini aniq koʻrib turibman. Birinchidan, sizda odamlar bor. Ular biznesga qiziqadilar, hamkorlikka ochiq va bir necha tillarda gaplasha oladilar.

O‘zbekistonda ulkan salohiyat va imkoniyatlar mavjud. Bilaman, mamlakatda yaratilgan qulay shart-sharoitlar tufayli O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotgan yangi kompaniyalar o‘zlarini kerakli his qiladilar. Mintaqadagi eng yirik davlatlardan biri sifatida sizda rentabellik bor, bu nafaqat ish haqi, balki yoqilgʻi, aloqa, sayohat xarajatlarida ham namoyon boʻladi. Shuningdek, men shahar va uning atrofida boʻlish hamda shahar boʻylab harakatlanish qulayligining yuqori darajasini taʼkidlayman”.

Mutaxassis IT Parkʼga “Newmark Group Alorica” mijozlari, “Transparent BPO”, “Sitel, TSYS” va “Akorbi BPO” kompaniyalari bilan aloqa o‘rnatish va ularni O‘zbekistonga jalb qilishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Eʼtibor bering, “The Newmark Group” koʻchmas mulk sohasida ixtisoslashgan. 60 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yurituvchi kompaniyaning daromadi 2,7 milliard dollarni tashkil etadi. Kompaniya tijorat koʻchmas mulk mijozlariga sotish, ijaraga berish, mulkni boshqarish, baholash va maslahat xizmatlari boʻyicha investitsiya xizmatlarini taqdim etadi.

“The Newmark Group” bir necha yil ketma-ket “Fortune” jurnali tomonidan ish uchun eng yaxshi joylardan biri deb topildi. Bugungi kunga qadar “The Newmark Group” 170 dan ortiq ofislariga ega boʻlib, ularda 7000 ga yaqin xodimlar ishlaydi.

2023-07-17