Hamkorlik shartlarini muhokama qilish va Oʻzbekiston bozori imkoniyatlarini baholash maqsadida hukumat tashkilotlari va xalqaro kompaniyalar vakillaridan iborat Tojikiston delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.
Uchrashuv doirasida mehmonlar mamlakatning jadal iqtisodiy oʻsishi, IT-xizmatlar koʻrsatish va autsorsing sohasidagi salohiyati bilan tanishdilar. Delegatsiya, shuningdek, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish, xususan, mahalliy rezidentlar tomonidan ishlab chiqish uchun buyurtmalarni joylashtirish maqsadida Oʻzbekiston kompaniyalari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Mehmonlar Oʻzbekiston bozori bilan tanishishni Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrifdan boshladilar va u yerda ularga Oʻzbekiston elektron hukumat tizimi taqdim etildi. Delegatlarga davlat sektorini raqamlashtirish sohasida amalga oshirilgan ishlar, dasturni ishlab chiqish jarayonida yuzaga kelgan qiyinchiliklar, shuningdek, tizimni kengaytirish boʻyicha kelgusidagi rejalar haqida batafsil maʼlumot berildi. Tojikiston Respublikasi Prezidentining huquqiy masalalar boʻyicha yordamchisi maslahatchisi Xoliqzoda Chonibek Oʻzbekiston “Elektron hukumat”ining raqamli yetukligini taʼkidlab, Oʻzbekiston tajribasini oʻrganishga qiziqish bildirdi hamda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida yanada samarali hamkorlik va texnologiyalar almashinuviga umid bildirdi.
Shuningdek, Tojikiston vakillari IT Park Uzbekistan jamoasi bilan uchrashib, ikkala mamlakatda ham IT-sohasini rivojlantirish va qoʻshma loyihalarni ishga tushirish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qildilar. IT Park Uzbekistan jamoasi Oʻzbekistonda biznes yuritishning afzalliklari, IT sohasining faol rivojlanishini taʼminlash va malakali kadrlarni kasbiy tayyorlash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Xususan, Tojikiston kompaniyalariga “Zero Risk,“ “One Stop Shop” kabi qoʻllab-quvvatlash dasturlari va soliq imtiyozlari namoyish etildi. Bundan tashqari, mehmonlarga mamlakatning koʻp tilda soʻzlashuvchi kadrlar salohiyati haqida gapirib berildi, bu oʻzbekistonlik mutaxassislarga xorijiy bozorlarga autsorsing asosida ishlash imkonini beradi. Mazkur shart-sharoitlar Tojikiston kompaniyalari rahbarlari oʻrtasida yuqori qiziqish uygʻotdi, bu esa IT sohasida mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tojikiston delegatsiyasi vakillari IT Park Uzbekistanʼning toʻrtta rezidenti — “Mohirdev,“ “Unicon-Soft,“ “Uzinfocom” va “Fido-Biznes” kompaniyalari ofislariga tashrif buyurishdi.
“Mohirdev” jamoasi oʻz mahsulotlarining paydo boʻlish tarixini namoyish etdi, shuningdek, IT-taʼlim sohasidagi ishlanmalarni, shu jumladan sunʼiy intellektdan foydalangan holda virtual dars loyihasini taqdim etdi. Tojikistonlik mehmonlar oʻzbek startapining loyihalari va uni oʻz bozorlariga moslashtirish imkoniyatiga qiziqdilar, bu har ikki tomon uchun oʻzaro manfaatli hamkorlik boʻladi — “Mohirdev” oʻz mahsulotlarini Tojikistonda amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda.
Delegatsiya, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining elektron hukumat tuzilmalari bilan tanishish maqsadida “Unicon-Soft” kompaniyasi ofisiga tashrif buyurdi. Uchrashuv chogʻida delegatsiya aʼzolari kompaniya tomonidan yaratilgan bir qator tizimlar, ularning ishlash mexanizmlari bilan tanishib, ulardan foydalanish qulayligini baholadilar. Bundan tashqari, Tojikiston Respublikasida hamkorlik qilish va tizimlarni joriy etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Tojikiston delegatsiyasi “Fido-Biznes” ofisiga tashrifi doirasida Oʻzbekiston kompaniyasining davlat va bank sektorini raqamlashtirish borasidagi loyihalari bilan tanishdi. IT Park rezidenti — “Fido-Biznes” kompaniyasi bilan istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlari muhokama qilindi, shuningdek, mamlakatlarimiz oʻrtasida yangi doʻstona va ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatishga xizmat qiladigan sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha navbatdagi qadamlar belgilandi.
Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi IT sohasidagi hamkorlik qoʻshimcha investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish oʻrinlarini yaratish va milliy iqtisodiyotni mustahkamlashga imkon beradi. Bundan tashqari, bu Oʻzbekiston kompaniyalarining Tojikiston bozoriga IT -xizmatlarini koʻrsatish, mamlakatimizning eksport koʻrsatkichlarini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
2024-06-30