Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filialida inkubatsiya markazi ochildi!

Joriy yilning 26-mart kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filialida inkubatsiya markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida Shahrisabz shahar hokimining o‘rinbosari Shahlo Rahmonova, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali direktori Mutalov Shuhrat, IT Park startup ekotizimlarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Maksumov Farrux hamda talabalar va mahalliy yoshlar ishtirok etishdi.

Ochilish marosimi davomida tadbir ishtirokchilari inkubatsiya markazi va uning faoliyati bilan tanishib chiqishdi. Qolaversa, iqtidorli talabalar mehmonlarga o‘z startap loyihalarini, professor, o‘qituvchi va soha tadqiqotchilariga esa o‘zlarining innovatsion ishlanmalarini taqdim etishdi.

Mazkur inkubatsiya markazi startap loyihalar soni va sifatining oshishiga, shuningdek, yoshlar orasida, xususan, OTM talabalari orasida startap ekotizimining ommalashishiga imkon yaratadi.

Umuman olganda Qashqadaryo viloyatidagi yana 3 ta OTMda inkuba
tsiya markazlarini ochish rejalashtirilgan:

-Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali

-Qarshi davlat universiteti

-Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filiali

Ta’kidlash joizki, inkubatsiya markazlari allaqachon quyida 3 nafar Qashqadaryo OTMlarida ochilgan:

- Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti

- Toshkent davlat pedagogika universiteti Shahrisabz filiali

- Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali

Ta’kidlash joizki, Qashqadaryo viloyatidagi OTMlar huzurida inkubatsiya markazlarini tashkil etish “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 2020-yil 24-noyabrdagi 02-3310-sonli topshirig‘ida, Qashqadaryo viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki inkubatsiya markazlarini tashkil etish” hamda ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qarori doirasida amalga oshirildi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, Qashqadaryo talabalari nafaqat gruppadoshlari yoki kursdoshlari bilan, balki boshqa OTM talabalari bilan birlashgan holda hamkorlik orqali mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Boshqacha qilib aytganda, talabalar o‘z ishlari bilan cheklanib qolmaydi va o‘z loyihalarini boshqa OTM talabalari bilan birgalikda amalga oshirishlari mumkin.

 

2021-03-27