2022-yil 29-noyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filialida Toshkent viloyatidagi birinchi va hozirda yagona Inkubatsiya Markazining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Yangi Markazning vazifalariga OTMʼning startap loyihalari uchun inkubatsiya dasturini o‘tkazish, startap jamoalariga maslahat berish, turli tadbirlarni tashkil etish, talabalarga yordam koʻrsatish va ko‘maklashish kiradi. Bundan tashqari, u istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va ishga tushirish uchun platformaga aylanadi.
Ochilish marosimida mehmonlar yangi Markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Inkubatsiya Markazining xonalari zamonaviy mebel va texnika bilan jihozlangan. Bu yerda innovatsion loyihalar ustida ishlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Ta’kidlash joizki, Toshkent viloyatlik talabalar o‘z universitetlarida ishlash bilan cheklanib qolmaydilar va o‘z loyihalarini boshqa oliy o‘quv yurtlari talabalari bilan hamkorlikda amalga oshirishlari mumkin.
Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda respublikada oliy oʻquv yurtlari huzurida 39 ta Inkubatsiya Markazi ochilgan, 2023-yilda esa Belarus-Oʻzbekiston qoʻshma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti qoshida Inkubatsiya Markazini ochish rejalashtirilgan.
2022-11-29