2022-yil 6-may kuni Toshkent shahrida Aloqa Xodimlari Kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi va uni tasarrufidagi tashkilotlar xodimlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKT yo‘nalishidagi fanlarni chuqurroq o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lib o‘tdi. Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vaziri Sherzod Shermatov, hamda, Vazirlikning hududiy boshqarmalari, tasarrufidagi tashkilot va korxonalarning hududlardagi vakillari ishtirok etdi.
Sherzod Shermatov xodimlarni ushbu qutlug‘ sana bilan tabriklab, soha rivojiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Vazirlik rahbari ta’kidlaganidek, bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish davlatning jadal iqtisodiy o‘sishi va ilmiy-texnikaviy rivojlanishining asosiy omiliga aylanmoqda.
Kompaniyalar, jamiyatlar, korxona va tashkilotlar, hamda, xorijiy va xususiy korxonalar rahbarlari va mutaxassislari faxriy yorliqlar, “Mohir aloqachi”, “O‘z ishining ustasi” unvonlari bilan taqdirlanadilar.
2022-05-07