2022-yilning 25-26-may kunlari Toshkent shahrida “Banklar va chakana savdo. Raqamli transformatsiya va oʻzaro hamkorlik» PLAS-Forumi boʻlib oʻtdi. Tadbir hamkori – IT Park.
Tadbir yangi biznes aloqalarini o‘rnatish uchun qulay imkoniyatlar yaratdi. Konferensiya doirasida delegatlar va taklif etilgan ekspertlar, yechim va xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar o‘rtasida one-by-one ishbilarmonlik uchrashuvlari tashkil etildi. Innovatsiyalar ko‘rgazmasi davomida esa yetakchi kompaniyalar o‘z mahsulotlarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Forumda jami 110 nafar ma’ruzachi so‘zga chiqdi. Xususan, bank va chakana sektorlarida biznesni rivojlantirish va transformatsiyalar bo‘yicha xalqaro amaliyot eksperti Maykl Rekman tadbir maxsus mehmon bo‘ldi.
IT Park nomidan Xalqaro aloqalar boʻyicha menejer Akbar Anvarov “Bank sektorida IT-transformatsiya. IT Park moliyaviy texnologiyalarga yo‘nalgan kompaniyalarni qay tarzda qo‘llab-quvvatlamoqda” mavzusida maʼruza qildi.
Forumda IT-Park rezidenti “RealSoft” kompaniyasi forumning eksklyuziv hamkori sifatida ishtirok etdi.
Kompaniya bosh direktori Hikmatullo Nasrullayev raqamli transformatsiyani jadallashtirishda low-code platformalar va elektron hujjatlarning o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
“RealSoft” dasturiy ta’minotni ishlab chiqish jarayonida samarali usullar va texnologiyalarni qo‘llash sohasida 20 yildan ortiq faoliyat yuritib kelayotgan innovatsion IT-kompaniya hisoblanadi.
2022-05-28