Toshkentda ICPC Uzbekistan 2025 mintaqaviy bosqichi o‘tkazildi: chempionat g‘oliblari e’lon qilindi

2025-yil 2-noyabr kuni Toshkentda talabalar o‘rtasidagi eng yirik dasturlash musobaqasi — “The 2025 ICPC Uzbekistan Regional Contest” mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbir “School 21” maydonchasida tashkil etilib, mamlakatning 32 ta universitetidan 600 dan ortiq ishtirokchini bir joyga to‘pladi.

ICPC (The International Collegiate Programming Contest) — har yili o‘tkaziladigan xalqaro sport dasturlash musobaqasi bo‘lib, 103 mamlakatdagi 3400 universitetdan 73 mingdan ziyod talabalar va 12 mingdan ortiq murabbiylarni birlashtiradi.

Musobaqaning ushbu bosqichi O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va ITPU tomonidan “Uzcard” va “School 21” ko‘magida tashkil etildi. So‘nggi ikkisi tadbirning platina homiylari sifatida ishtirok etdi. Bu yilgi musobaqada 202 ta jamoa qatnashdi, shundan 80 tasi mamlakatimiz hududlarini taqdim etdi. Bunday ko‘lam kadrlar tayyorlash va mamlakatning inson kapitalini rivojlantirishda IT-ta’limning ahamiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, “ICPC Uzbekistan 2025” iqtidorli yosh dasturchilarni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or texnologiyalar bilan ishlay oladigan va innovatsion yechimlar yaratishga qodir mutaxassislar avlodini shakllantirish uchun muhim platformaga aylandi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, Toshkent gumanitar fanlar universitetining “Unexpected Ones” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Don’t Panic” jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Yangi O‘zbekiston universitetining “Three Dinosaurs” jamoasiga nasib etdi.

G‘oliblari medal, kubok va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar:

  • 1-o‘rin: 18 mln so‘m, oltin medallar va iPad

  • 2-o‘rin: 12 mln so‘m, oltin medallar va iPhone

  • 3-o‘rin: 9 mln so‘m, oltin medallar va Apple Watch

Shuningdek, 4–9-o‘rinlarni egallagan jamoalar ham IT Park Uzbekistan ko‘magida pul mukofotlari va medallar bilan taqdirlandi.

“ICPC Uzbekistan” g‘oliblari endilikda jahon chempionatining yarim final bosqichida yurtimiz sharafini himoya qiladilar. Ularning tayyorgarligi uchun IT Park hamkorlar bilan birgalikda algoritmik fikrlash va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan treninglar va mentorlik dasturlarini tashkil etadi.

“ICPC Uzbekistan 2025” mamlakatimizning texnologik ta’lim sohasidagi salohiyatini mustahkamlash hamda O‘zbekistonning raqamli rivojlanishiga hissa qo‘shadigan yangi avlod IT-mutaxassislarini tayyorlashga bo‘lgan intilishini yana bir bor tasdiqladi.

2025-11-04