Toshkentda “President Tech Award” tanlovi g‘oliblari taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 25-dekabr kuni soat 15:00 da Raqamli texnologiyalar vazirligining majlislar zalida eng ilg‘or startap loyihalarini aniqlashga bag‘ishlangan “President Tech Award” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimini bo‘lib o’tdi.  Tanlov davomida ishtirokchilar sohadagi ilg‘or tendensiyalarni aks ettiruvchi keng ko‘lamli g‘oyalar va ishlanmalarni taqdim etdilar.

Ekspert hakamlar hay’ati taqdim etilgan loyihalarni har tomonlama ko‘rib chiqdi, ularning zamonaviy jamiyatda amalga oshirish va real foyda keltirish imkoniyatlarini baholadi. 

Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar 100 000 AQSh dollari, ikkinchi o‘rin olgan jamoalar 50 000 AQSh dollari va uchinchi o‘rinni olgan jamoalar esa 30 000 AQSh dollariga sazovor bo‘ldilar. 

G‘olib jamoalar yutib olgan pul mukofotining 50% miqdorini darhol qo‘lga kiritdilar, qolgan 50% qismini esa bir yillik amalga oshirish kerak bo‘lgan va kelishilgan maqsad va majburiyatlarni bajarganiga qarab, ikki qismga bo‘lib, to‘lab beriladi. 

Jamoatchilik tomonidan ovoz berish jarayoni natijalari bo‘yicha 51 mingdan ortiq ovoz beruvchilar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 75 mingdan ortiq ovoz berildi.

Tanlovning beshta asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha  quyidagi jamoalar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Xususan:

Sun’iy intellekt texnologiyalari yo‘nalishi:

1.“Tahrirchi” — oʻzbek tilida yozishni osonlashtirishga mo’ljallangan loyiha. Dastur o‘zbek tilidagi matnlardagi imlo, kontekstual, stilistik va grammatik xatolarni tekshiradi.

2.“Docum.ai” — sun'iy intellekt yordamida mijozlarga xizmat ko'rsatishni to'liq avtomatlashtiruvchi loyiha.

3.“Alama” — bu mahalliy tillardagi onlayn kurs platformasi. Dastur sun'iy intellektdan foydalanib, dunyodagi eng yaxshi onlayn kurslardagi matn va nutqni mahalliy tillarga tarjima qiladi.

Ijtimoiy sohada raqamli texnologiyalar:

1.“Mentalaba” — talabalarga Oliy ta’lim muassasalarini topish, o‘rganish va taqqoslashda o‘zlari uchun eng yaxshi maktabni aniqlashda yordam beruvchi loyiha.

2.“Lalu” — bu yosh va homilador onalar uchun mobil platforma bo’lib, undan foydalanuvchilar ishonchli ma'lumotni topishi  va homiladorlik va bolalik davrida sog'lig'ingizni kuzatishi mumkin.

3.“Uztrip” — tashrif buyurish uchun eng yaxshi joylar, mehmonxonalar, restoranlar, diqqatga sazovor joylarni  topishda yordam beradi. 

Axborot va kiberxavfsizlik texnologiyalari:

1. “ALATOR” — xususiy va davlat sektorlari tomonidan ishlab chiqarilgan axborot tizimlari va resurslarida aniqlangan zaifliklar, kibertahdidlar, kiberhujumlar va boshqa zararli faoliyatlarni aniqlash va oldini olish imkonini taqdim etuvchi loyiha.

2. “PCP” — raqamli aktivlarni himoya qiladigan va Internetdan xavfsiz foydalanishni ta’minlovchi loyiha.  

3. “SHIFO24” — Onlayn tibbiy xizmatlar sohasida xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan innovatsion loyiha

Tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar yo’nalishi:

1.“Yemak”  — oziq-ovqat yetkazib berish xizmati.

2.“Joyla” — Barcha turdagi mahsulotlarni tezkor onlayn sotib olish va sotish imkonini beruvchi bozor.

3.“IMAN”— banklar uchun islomiy bank infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlovchi fintech platforma.

Kompyuter va mobil o‘yin dasturlari

1. “AirPilot” — virtual va real hayot sharoitida havo harakatini boshqarishning turli vositalarini boshqarish va ular bilan tanishish qobiliyatiga ega bo'lgan yoshlarda aerodinamika va aerokosmik texnologiyalarga qiziqish uyg'otadigan mobil o'yin.

2. “The Rise of Jaloliddin” — “Jaloliddinning yuksalishi” Turkiston xalqi tarixini ko‘rsatishga harakat qiladigan tarixiy o‘yin. 

3. The Golden Horde: Turan  — Markaziy Osiyoning  reallik va tarixiy voqealariga asoslangan o'rta asrlardagi 1-shaxs  nomidan  boshqariladigan “action-RPG” shaklidagi o‘yin.

2023-12-25